Xar bir insonning feʼl-atvori yoshligidan shakllana boradi. «Nafaqat yoshligidan, balkim murgʼakkina goʼdaklik paytlaridanoq» deyilsa, toʼgʼriroq boʼladi.
Men xam yoshligimdan xar-xil uydirmalarga, ajina, alvasti kabi noreal narsalarga ishonmaslikni odat qilganman. Ilgarilari, xatto biron-bir davralarda shu mazmunda xikoya boshlashsa, gʼashim kelib, oʼrnimdan turib ketar edim. Lekin. baʼzan baxtga qarshi, bu narsalarning tamoman teskarisi yuzaga kelishi xam mumkin ekan. Yaʼni…***
Ilgarigi sobiq ittifoq davri edi. Taqdir taqozosi bilan, Rossiya oʼlkasidagi shaxarlarning biridagi kasalxonaga tushib qoldim. Oshqozonimdagi yara yorilib ketib, ogʼir va murakkab tibbiy amaliyotni (operatsiya) boshimdan oʼtkazdim. Xar qalay shifokorlarning ruscha taʼbiri bilan aytganda, «Qoʼshaloq kuylakda tugʼilgan» ekanman. Yaʼni, ular oʼta ogʼir xolatlardan keyin, omon qolishga muvaffaq boʼlgan kishilargagina shunday taʼbirni ishlatishar ekan. Xaqiqatan xam, ikki sutkada xushimga kelganman. Shifokorlarga nisbatan mendagi minnatdorchilik xislari gʼoyatda beqiyos edi. Lekin, eng asosiysi xali bu emas edi…
Kunlar oʼtib, meni «jonlantirish» boʼlimidan palataga olishda. Palata kasalxona jarroxlik boʼlimining chetrogʼida joylashgan boʼlib, ikki kishilik edi. «Yaxshi» dedim ichimda, «Bemalolroq yotib davolanarman, xar xolda koʼpchilikning shovqinidan koʼra…».
Аksiga olib, menga palatadosh sherik xam yoʼq ekan. «Xa, mayli, kelib qolar…» — degan oʼy-xayollar oʼtdi nazarimdan.
Kech kirdi. Kechqurungi muolajadan soʼng, uyqum kelib, uxlab qoldim…
…Bir payt choʼchib uygʼongandek boʼldim. Chunki, bu payt karavotim yonidagi devordan qandaydir «qoʼl» chiqib kelib, meni boʼynimdan boʼgʼa boshladi. «Qoʼl» muzdek edi. Men xar qancha urinmay, «qoʼl» meni boʼynimni qoʼyib yubormasdi. Baqiray desam, ovozim chiqmasdi.Tush koʼrayapmanmi yoki bu roʼy berayotgan narsalar oʼngimda sodir boʼlyaptimi, oʼzim xam gʼayritabiiy xolatda edim…
Yaxshiyamki, baxtimga xamshira kirib qoldi. U kirishi bilanoq, xaligi laʼnati «qoʼl» sekingina devor ichiga gʼoyib boʼldi. Xuddi yomon bir tush kabi… Xamshira, xech nima demay turib, jimgina yonimga keldida, peshonamni ushlab koʼrdi. Soʼngra, nega qichqirganimni soʼradi. Meni esa xali xam, tilim aylanmasdi. Bu nima edi axir? Gallyutsinatsiyami yoki shunga oʼxshash alaxsirash xolatimi?
Palataga navbatchi shifokor xam kirib keldi. U xam nega qichqirganimni soʼradi. Demak, boyagi xolatda «tovushim chiqmagan» desam, aksincha, palatani boshimga koʼtarib, qichqirgan ekanman-da!…
Shundan keyin, oʼylab oʼtirmay, ularga nimalarni xis qilganimni aytib berdim. Ular esa, aytganlarimga unchalik ajablanishmadi xam. Bir-birlariga maʼnoli qarab qoʼydilar, xolos. Xuddi shu narsa, meni qattiq xavotirga soldi. Balkim, menda amaliyotdan keyin, miyam chalgʼib…Yoʼgʼe-e…Naxotki…
Xamshira xam, shifokor xam kattaroq yoshdagi kishilar edi. Ular menga qandaydir dori-darmonlar bilan muolaja qilishdi. Menga «sal charchagansan, alaxsiragan boʼlsang kerak» deb tasalli bergan boʼlishdi. Soʼngra, xamshira meni oldimga yaqinroq kelib, kursiga oʼtirdi-da, dedi:
— Bolam, bilasanmi, xayotda nimalar boʼlmaydi deysan. Sen yaxshi davolanib olganingdan keyin, albatta xammasi oʼtib ketadi!…
U shularni aytib, palatadan chiqib ketdi. Lekin, men bu palatada yolgʼiz yotishga choʼchidim, navbatchi shifokorga uchrab, boshqa palataga oʼtqazishini soʼradim…
Yangi palatadoshlarim bilan tezda chiqishib ketdim. Baxtimga ular xam menga tengdosh yigitlar ekan. Bir kun avvalgi fikrlarim oʼzgarib, palatada qaytaga koʼpchilik, yaʼni toʼrt kishi ekanligimiz, birinchi marta meni sevintirdi…
Biroq, ertasiga surishtirib bilgan narsam, meni bir oz oʼylantirdi. Oʼsha men alaxsiragan palatada, bir paytlar kasalxonada bevaqt vafot etgan bemorlarning jasadlari vaqtincha saqlanganligini aytishdi. Lekin bu gaplar bir oz mavxumroq edi, albatta…
Kunlar ketidan kunlar oʼtib, nixoyat sogʼaydim. Kasalxonadan ruxsat berishdi…
Mana oʼshandan beri oradan ancha vaqtlar oʼtib ketdi. Ulgʼaydim, uylandim, farzandlarimni tarbiyalab, voyaga yetkazdim. Ularni uyli-joyli qildim, nabiralik xam boʼldim…
Goʼyoki barcha narsalar ortda qolib ketgandek, unut boʼlgandek koʼrinsada, lekin xamon baʼzan oʼsha kasalxona, oʼsha xamshira, palata yodimga tushadi. Savollarimga javob topishga ikkilanaman. Boʼlib oʼtgan narsalar gallyutsinatsiyami yoki xaqiqatmi? Demak. ruxlar bor narsalarmi? Balkim alaxsiragandirman? Men koʼpincha, ana shu oxirgi javobda toʼxtalaman. «Xa. men oʼshanda bosinqiraganman!». Shunday deymanu, yana oʼsha devor orasidan chiqib, qoʼqqisdan paydo boʼlgan «qoʼl» xayolimga keladi. Goʼyo, ikki oʼt orasida bir zum turib qolaman. Soʼngra, qaysidir retro filьmdagi ajoyib jumlalar yodimga tushadiyu, oʼzimga tasalli berib, beixtiyor koʼzlarimni yumaman:
— «E-e, qoʼysangizchi, bularni xammasi boʼlmagan gap!»…
- Materiallar faqat shaxsiy maqsadlarda foydalanish uchun: Materiallardan tijorat maqsadlarida foydalanish, tarqatish qonun bilan taqiqlanadi.
- «Mualliflik xuquqi va turdosh xuquqlar to‘g‘risida» gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni: № 42 son, 20 iyun. 2006 yil.
© MUALLIF