Ijtimoiy tarmoqlarda UMO seriyali davlat raqami taqilgan BMW avtomobilining suratlari tarqaldi va turli bahslarga sabab bo‘ldi. O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi mazkur seriyali davlat raqami bo‘yicha izoh berdi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Foto: Telegram
Ma’lum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 31-avgustdagi 683-son “Avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularga ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Jismoniy va yuridik shaxslarga avtotransport vositalari uchun xaridorgir harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini oshirilgan to‘lov stavkalari bo‘yicha berish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq, buyurtma asosida avtotransport vositalari uchun oshirilgan to‘lov stavkasi bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarga xaridorgir harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini rasmiylashtirish tartibi ko‘rsatilgan.
YHXBB xabariga ko‘ra, UMO seriyali xaridorgir harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan davlat raqami belgilari ham shu tartibda belgilangan to‘lovlar, ya’ni bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari asosida buyurtmaga muvofiq o‘rnatilgan tartibda transport vositalariga rasmiylashtirib berilgan.
“Xaridorgir harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan davlat raqami belgilarini hududiy YHXBlarga topshirish oddiy davlat raqami belgilarini topshirish bilan bir xil tartibda amalga oshiriladi”, — deyiladi xabarda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audioyozuvda UMO seriyali davlat raqami taqqan mashinalar UZB seriyali raqam taqqan avtomobillar kabi YPX xodimlari tomonidan to‘xtatilmasligi kerakligi haqida topshiriq berilgani aytilgan. Audioyozuvdan go‘yoki YPX inspektorlariga topshiriq berilayotgandek taassurot uyg‘ongan.
Avvalroq O‘zbekistonda avtomobil va uning davlat raqamini ro‘yxatdan o‘tkazish soddalashtirilishi kutilayotgani haqida xabar berilgandi.