Koronavirusdan himoyalanish maqsadida bir vaqtning o‘zida taqilgan niqob va ko‘zoynak biroz qiyinchilik tug‘dirishi hammaga ayon. Sababi niqob ichida yig‘ilgan issiq nafas ko‘zoynakning bug‘lanishiga olib keladi. Bu esa atrofni ko‘rishda muammolar paydo qiladi. Ammo yaponlar buning yangicha yechimini o‘ylab topdi, deb yozadi Travel Ask — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Foto: Pinterest
Bundan 6 oy muqaddam butun dunyo niqob va ko‘zoynak taqadi, desa ishonish qiyin edi. Shuningdek, pandemiyaning bu qadar uzoq cho‘zilishi ham hech kimning xayoliga kelmagan. Asta-sekin insonlar COVID-19 tarqalishi bilan bog‘liq xavfsizlik choralarini vijdonan qabul qila boshladi. Dastlab hech kim uyidan chiqmagan bo‘lsa, bora-bora himoya vositalari bilan ko‘chalarga chiqish boshlandi.
Foto: Travel Ask
Niqob esa uydan chiqishdan avval olinishi kerak bo‘lgan muhim ashyolardan biriga aylandi. Kalit, telefon va niqob – 2020-yilda uydan chiqishdan avval yodga olinishi kerak bo‘lgan standart buyumlar ro‘yxati. Niqob taqishga odatlanish juda qiyin kechdi, sababi nafas yetishmagandek tuyuladi, quloqlar og‘riydi.
Yaponlar niqob taqqanda ko‘zoynaklar bug‘lanmasligi uchun ajoyib layfxak o‘ylab topdi. Sababi niqob taqish ko‘rish qobiliyatini yaxshilovchi ko‘zoynakka har tomonlama xalaqit beradi. Ko‘zoynak tagida turgan niqob inson og‘zidan chiqargan karbonat angidridni to‘g‘ridan to‘g‘ri yuqoriga, ko‘zoynaklar ostiga yuboradi. Natijada har ikki daqiqada bug‘langan ko‘zoynakni artishga to‘g‘ri keladi.
Foto: Travel Ask
Ma’lumki, bir marta ishlatishga yaroqli niqobning yuqori qismida maxsus sim joylashtirilgan bo‘ladi. Demak, uni taqishdan avval ichki tomonga qayirib, so‘ngra burun shakliga moslashtiriladi. Shundan so‘ng chiqarilayotgan nafas ko‘zoynakni bug‘lantirmaydi, sababi hosil bo‘lgan karbonat angidrid niqobning to‘sig‘i orqali qaytariladi. Ushbu usul har qanday insonga sovuq mavsumda niqob va ko‘zoynakni xavfsiz tarzda birlashtirish imkonini beradi.