O‘zbekiston Prezidenti 2020-yilning 12—13-noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga qilgan tashrifi davomida qashqadaryolik yoshlar bilan ham uchrashdi. Muloqot mobaynida davlat rahbari Qarshi davlat universiteti talabasi Shohida Jo‘rayevaga 2 xonali uy sovg‘a qilinishini ta’kidlagan  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Daryo” muxbiri Mirolim Isajonovning xabar berishicha, 12-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi Yoshlar markazida bir guruh yigit-qizlar bilan uchrashib, yoshlar muammolarini hal qilish, bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha ochiq muloqot o‘tkazgan. Uchrashuvda Shohida Jo‘rayeva “Yosh psixologlar” markazini tashkil etish taklifini bildirgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Mamlakatimiz rahbarining aynan Qashqadaryo viloyatiga tashrifi, yangi bunyod etilgan Yoshlar markazini taqdim etishi va biz bilan muloqot qilishi qashqadaryolik yoshlarga juda katta kuch, quvonch bag‘ishladi. Ushbu yig‘ilishda Prezidentimizga yoshlar, yosh oilarning psixologik madaniyatini oshirish, ularni katta hayotga tarbiyalash maqsadida “Yosh psixologlar” markazini tashkil etish taklifi bilan murojaat qildim. Ushbu taklif davlatimiz rahbariga ma’qul keldi”, — dedi 25 yashar talaba.

Davlat rahbari Shohida Jo‘rayevaning taklifini eshitgach, unga Qarshi shahridan 2 xonali uy sovg‘a qilinishini aytgan.

Foto: “Daryo”

“Turmush qurganimizga endi yigirma kun bo‘ldi. Prezidentimiz yosh oila ekanligim bois taklifimdan kelib chiqqan holda shu yerning o‘zida 2 xonali uylardan birini sovg‘a tariqasida taqdim qildi. Bu esa meni cheksiz quvontirdi. Oilam bilan tumanda turamiz, oliygohimiz esa shaharda joylashgan. O‘qishga qatnash menga qiyinchilik tug‘dirardi. Bizda shahar markazidan uy olish niyati bor edi va bu niyat Prezidentimiz bilan o‘tgan uchrashuvda amalga oshdi. Davlat rahbari ‘Uying qaysi qavatda bo‘lishini xohlasang o‘zing tanla’. Uyni olganingdan keyin ‘Mana shu uyni oldim, deb menga xat yozishni unutmagin’, deb ta’kidladi. Men esa uyni ikkinchi qavatdan tanlashni niyat qildim”, — dedi u.

Shohida Jo‘rayevaning aytishicha, u kirish imtihonlarisiz davlat granti asosida talabalik baxtiga erishgan.

“Kollejni bitirganimdan so‘ng yoshlar yetakchisi vazifasida ish boshlaganman. Aynan yoshlar tashkilotida katta bo‘lganman, desam adashmayman. “Eng yosh yoshlar yetakchisi” nominatsiyasi bo‘yicha “O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganman. Shu yili O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tavsiyanomasiga ko‘ra, kirish imtihonlarisiz davlat granti asosida Qarshi davlat universitetining xorijiy tillar fakulteti filologiya va tillarni o‘qitish (ingliz tili) ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilindim”,  — dedi Shohida Jo‘rayeva.

Eslatib o‘tamiz, davlat rahbari bilan kechgan uchrashuvda, shuningdek, yaqinda Serbiyada o‘tgan sambo bo‘yicha jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida kontarkt asosida o‘qib kelayotgan yakkabog‘lik Musharraf Ibodullayeva davlat granti asosida o‘qishini davom ettiradigan bo‘lgandi.

От qwert.uz