Ushbu haftada Green Card ro‘yxatidan o‘tish muhlati tugashi bilanoq yurtimizda vatanparvarlikni kuchaytirishga oid hujjat tarqaldi. O‘quvchilar darsdan oldin madhiya kuylaydi, tanaffusda vatan mavzusidagi she’r va qo‘shiqlar eshitadi.

2-noyabr sanasi bilan imzolangan xat tizimning 14 ta hududdagi mas’ul rahbarlariga yo‘llangan. Bunday topshiriq berilishiga Prezident Administratsiyasining 23-oktabrdagi yig‘ilishi bayoni asos bo‘lgan. XTV o‘rinbosarining aytishicha, umumta’lim muassasalarida madhiyani kuylash, qo‘shiq va she’rlarni eshittirish o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Tanaffus vaqtida vatan haqidagi qo‘shiq va she’rlar ta’lim muassasalarining imkoniyatidan kelib chiqib, radio tarmog‘i yoki ovoz kuchaytirgich orqali eshittiriladi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

“‘Yangicha O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash’ targ‘ibot-tashviqot tadbirlarida o‘zbek adabiyotining namoyandalari – Cho‘lpon, Fitrat, Oybek, Hamid Olimjon, Mirtemir, Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va boshqa yozuvchi, shoirlarning ijod namunalarini eshittirish tavsiya etilishi qayd etilgan. Ro‘yxatda 50 nafar ijodkorning she’rlari o‘rin olgan. Eshittiriladigan qo‘shiqlar ro‘yxatida esa 41 nafar xonandaning shuncha miqdordagi ijod namunasi keltirilgan”, – deydi vazir o‘rinbosari.

* * *

Ammo, lekin, biroq vatanparvarlik targ‘iboti qanchalik kuchaytirilmasin, vatanni yurakdan sevishga o‘rgatish murakkablashmoqda. Xususan, rasmiy TV iborasi bilan aytganda, “vazifasiga panja orasidan qarovchi” mulozimlar vatanni cho‘ntakdan sevishga ruju qo‘ymoqda. Ayniqsa, davlat cho‘ntagi juda ham keng bo‘lib, unga istagancha qo‘l tiqib, Malibu, Equinox, Trailblazer, Tahoe kabi mashinalar sotib olsa bo‘ladi. Gap so‘nggi kunlarda muhokama mavzusiga aylangan davlat xaridlari haqida ketmoqda.

O‘zi kechagina tashkil qilingan Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi 795 million so‘mga bitta Tahoe, 635,5 million so‘mga ikkita Malibu hamda 115,6 million so‘mga Lacetti xarid qilgan. Buning uchun jami 1,5 milliard so‘m ketgan. Avvalroq Madaniyat vazirligi eng qimmat konfiguratsiyali ikkita Malibu 2 olgandi. Avvalgi mashinalari eskirib qolgan ekan. Keling, endi Zarbdor tumani hokimligiga zarbani yo‘naltiramiz: ular Captiva xizmat mashinasi bo‘la turib, 370 million so‘mga Trailblazer sotib olgan.

Ammo jamoatchilik fikri to‘xtab qolgani yo‘q. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi jamoatchilik ta’siri ostida Trailblazer sotib olish fikridan qaytdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov qimmat narxlardagi xizmat avtotransportlarini xarid qilinayotganiga munosabat bildirdi. Uning aytishicha, tuman hokimlariga narxi 267,5 million so‘mdan yuqori xizmat avtomobili sotib olish taqiqlanishi mumkin.

Foto: “Daryo”

Transportga oid yana bir xabar. Mobil telefonga olingan yo‘llardagi qoidabuzarliklar endilikda videoregistratorlar bilan tenglashtiriladi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

* * *

Mamlakat prezidenti bu hafta Qashqadaryoda bordi. Prezidentni qarshiliklar manzarali chimlarni yashil rangga bo‘yab kutib oldi. Shavkat Mirziyoyev kombinatklinika, qurilish mavzelarida bo‘ldi. Biroq Qashqadaryodagi nutqlarida tanqidiy mazmun ko‘proq uchradi. Prezident, xususan, Qashqadaryo mamlakatning ko‘pgina hududlaridan orqadaligini tilga oldi.

“Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot mamlakatimizdagi eng past ko‘rsatkichlardan biri. Qashqadaryo eli shunga munosibmi?” deb savol qo‘ydi u. Viloyat hokimi o‘rinbosarini ishdan olib tashladi. Shuningdek, Qashqadaryoning meva-sabzavot eksportiga past baho berdi. Qashqadaryoning eski hokimi Zafar Ro‘ziyev nomiga tanqidlarni ayamadi, uni boshqaruvga qo‘yganini xato deb tan oldi. Qashqadaryo yerlari, garchi, ko‘p suv olsa-da, unumdorlik pastligini ta’kidlab, suvga mas’ullarni ishdan olishni buyurdi.

* * *

Talabalarga bu hafta quvonchli va… biroz tashvishli xabar keltirdi. Talabalar 16-noyabrdan an’anaviy ta’lim shakliga qaytadi.

Foto: “Daryo”

Aslida bu kutilgan edi, biroq bunchalik tez e’lon qilinishi talabalarni shoshirib qo‘ydi, qolaversa, oliy ta’lim muassasasining barcha talabani birdaniga qabul qilish imkoniyati ham yo‘qligi sir emas. Turar joy muammosi bor. Shuning uchun Oliy ta’lim vazirligi 14-noyabrdagi brifingda agar talabalarda imkoniyat bo‘lmasa, o‘qishni masofadan turib davom ettirishi mumkinligini ilova qildi. Turar joy masalasini hal qilgan talabalar esa bemalol kelib o‘qiyveradi.

* * *

Bu hafta Senat raisasi Tanzila Norboyevaning turli mavzulardagi fikrlari jamoatchilik muhokamasini keltirib chiqardi. Norboyeva 12-noyabr kuni bo‘lgan matbuot anjumanidagi fikrlari davomida ayollar masalasiga to‘xtalib, mamlakatda uchrab turuvchi “qiz o‘g‘irlash” odatini tanqid qildi. Qizlarni majburlab turmushga berishga hech kim haqli emasligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, jinsiy tarbiya masalasida so‘z ochilganida “maktabgacha ta’limda yoshga mos qilib, o‘zini doirasida, yuqori sinflarda va oliy ta’lim muassasalarida qizlar va o‘g‘il bolalarni oilaga tayyorlash, reproduktiv salomatlik, tug‘ish, saqlanish, qarindosh urug‘lik nikohlari va boshqalar to‘g‘risida ochiqdan-ochiq ma’lumotlarni berishimiz kerak”, dedi.

Shuningdek, Tanzila Norboyeva Gulnora Karimovaning qamoqda saqlanishiga ayol sifatida munosabati qanday ekani haqidagi savolga javob berdi.

“Gender tengligi haqida gapiryapmiz — ayolmi, erkakmi, jinoyat qilsa, teng javob berishi kerak”, — dedi u.

* * *

Anchadan beri chiqmay qo‘ygan fosh qiluvchi audioyozuvlar bu hafta yana tarqaldi. Ular Andijon viloyatining audioyozuvlari bilan eskitdan taniqli hokimi Shuhratbek Abdurahmonovga tegishlidir. Hokim janoblari audioda unga “sassiq gapirgan” uch nafar marhamatlik ayolni 15 sutkaga qamatib qo‘yganini tahdid bilan gapiradi. “Qichiq” savol beradigan jurnalistlarni “qo‘yvorishidan” ogohlantiradi.

Foto: “Daryo”

Bu audio tarqalib, doimgidek jamoatchilikning qizg‘in tanqidiga uchragach, viloyat hokimligi bular ikki yil oldingi gaplar ekanligini ma’lum qildi. Deputat Rasul Kusherboyev “u Lenin sabab boshlangan boshqaruv maktabining sodiq vorisi bo‘lib, vakillik, sud organlari ustidan amalda mutlaq hokimiyat o‘rnatib olgan feodal zamoniga mos insonligi”ni qayd etdi.

Dayjestimizga to‘plaganlarimiz, hozircha, shulardan iborat. Sog‘ va salomat bo‘ling, “Daryo”da qoling.

От qwert.uz