Qoshlar yuzning kichik qismida joylashgan bo‘lsa-da, inson chehrasining estetik ko‘rinishida muhim rol o‘ynaydi. Uning atrofidagi teri tashqi va ichki ta’sirlarga o‘ta sezgir bo‘ladi. Shu bois qoshlarning to‘kilishi organizmdagi jiddiy o‘zgarishlar belgisidir. Nima uchun qoshlar to‘kila boshlaydi? Buning davosi bormi? Shu haqda batafsil maqolada yoritamiz.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Qosh to‘kilishi etiologiyasi turli xil bo‘lib, yuqumli, autoimmun, genetik, endokrin va travmatik holatlardan kelib chiqishi mumkin. Uning sababini erta aniqlash va to‘g‘ri tashxis qo‘yish davolashda muhimdir.

Foto: Getty Images

Teri kasalliklari

Psoriaz, ekzema yoki seboreya dermatiti kabi kasalliklar qoshlar to‘kilishiga olib kelmaydi, ammo ulardan hosil bo‘lgan toshma, yaralarni qashlash natijasida teri tirnaladi va qoshlar to‘kilishi yuzaga keladi.

Infeksion kasalliklar va xollar

Biror infeksiyani boshidan o‘tkazish ham qoshlarning siyraklashishiga olib kelishi mumkin. O‘tkir infeksiyalar soch follikulasiga ta’sir qiladi va qon aylanishining buzilishiga olib keladi. Peshona sohasidagi tug‘ma yoki yaqinda paydo bo‘lgan xol va o‘simta ham qoshlar to‘kilishiga sabab bo‘ladi.

Allergiya

Qosh bo‘yaydigan qalam va turli kosmetika vositalari terida allergiya qo‘zg‘ashi mumkin. Bunday holatda mazkur kosmetika vositasidan foydalanishni to‘xtatish va allergologga murojaat etish lozim.

Qalqonsimon bez kasalliklari

Qalqonsimon bezning faol ishlashi yoki aksincha sustlashishi ham qosh to‘kilishiga olib keladi. Bunda endokrinolog shifokorga murojaat qilish lozim.

Alopetsiya yoki kallik

Alopetsiya sochlarning doimiy o‘sadigan teri qismidan patologik yoki vaqtincha to‘kilishi hisoblanadi. U umumiy yoki o‘choqli bo‘lishi mumkin. Birinchi holatda odamning butun tanasida, ikkinchisida esa faqatgina boshida soch to‘kiladi. Mazkur kasallik jiddiy tus olmasidan teri kasalliklari shifokoriga uchrash talab etiladi.

Stress

Qoshlarning to‘kilishi uzoq vaqt davom etgan stress, depressiyadan ham kelib chiqishi mumkin.

Dori vositalari

Har qanday tabletka biror a’zoni davolasa, boshqa organga salbiy ta’sir qiladi. Ayniqsa gormonal kontraseptiv vositalar, kimyoterapiya, epilepsiya, psoriaz va artrit kabi kasallikka qarshi dorilar ham qosh to‘kilishiga sabab bo‘ladi.

От qwert.uz