Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy nizo oktabrda tugashi mumkin edi, lekin o‘sha paytda Armaniston tomoni o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi taklifni qabul qilishdan bosh tortgan. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin “Rossiya 1” kanali efirida ma’lum qildi, deb yozadi “RBK”  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Rossiya tinchlikparvarlari Tog‘li Qorabog‘da

Foto: “TASS”

Putinning so‘zlariga ko‘ra, 19—20-oktabr kunlari u Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali suhbatlashgan. U Aliyevni jangovar harakatlarni to‘xtatish mumkinligiga ko‘ndira olgan. Ammo Boku qochoqlarning qaytarilishini, shu jumladan, Shusha shahriga qaytarilishini majburiy shart sifatida ilgari surgan.

“Armanistonlik sheriklarimizning pozitsiyasi bu ular uchun nomaqbul ekanligidan kelib chiqqanligi men uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Bosh vazir Pashinyan esa bunda Armaniston va Qorabog‘ manfaatlari uchun xavfni ko‘rayotgani haqida menga ochiq aytdi”, — dedi Rossiya prezidenti.

Shu bilan birga, Putin bu xavf nimadan iborat bo‘lganligini haligacha tushunmasligini qo‘shimcha qildi, chunki gap Qorabog‘ hududining ushbu qismi ustidan Armaniston nazoratini saqlab qolgan holda tinch fuqarolarni qaytarish haqida borgan edi.

Rossiya prezidenti fikricha, tomonlar Ozarbayjonga yettita tumanni qaytarish va qochoqlarni qaytarish haqida, shuningdek, Lachin tumanida Qorabog‘ va Armanistonni birlashtiruvchi yo‘lakni yaratish hamda uning yakuniy maqomini qat‘iy belgilamagan holda, Qorabog‘ga tegishli status-kvoni tan olish haqida kelishib olganida, urushdan qutulib qolish mumkin bo‘lardi.

“Mening fikrimcha, buni amalga oshira olganimizda edi, shu bazada kelishuvlarga erisha olganimizda edi — urush bo‘lmagan bo‘lardi. Bu haqiqat. Hozir ham bunga mutlaq ishonchim komil”, — dedi u.

Ammo muzokaralar bu masalani hal qilishga kelib taqalganida, “goh bu tomondan, goh u tomondan” “to‘siqlar” kelib chiqardi, va ularni yengib chiqish imkoni bo‘lmadi, dedi Putin. “Oxir-oqibat bu shunday qonli, ochiq aytganda, qurolli nizoga aylanib ketdi”, — deya xulosa qildi prezident.

Sentabr oxiridan buyon Tog‘li Qorabog‘da Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi jangovar harakatlar davom etib kelayotgan edi. Boku va Yerevan harbiy holat e’lon qildi va bir-birini tinch aholi vakillariga hujumlarda aybladi. O‘t ochishlar oqibatida harbiy xizmatchilar ham, tinch aholi ham qurbon bo‘ldi.

Rossiya ishtirokidagi muzokaralar natijasiga ko‘ra, nizo tomonlari o‘t ochishni to‘xtatishga qaror qildi. 10-noyabrga o‘tar kechasi Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarbayjon va Rossiya prezidentlari Ilhom Aliyev va Vladimir Putin bilan Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni va jangovar harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv imzoladi. Hujjatga ko‘ra, Boku va Yerevan egallab turgan pozitsiyalarida to‘xtab, Tog‘li Qorabog‘ hududining bir qismi, shu jumladan, strategik jihatdan muhim Shusha shahri Ozarbayjonga o‘tadi. Shartlarda aytilishicha, Armaniston 20-noyabrgacha Agdam va Kalbajar tumanlarini, 1-dekabrga qadar Lachinni Ozarbayjonga qaytarishi kerak edi. Shuningdek, kelishuv mintaqaga Rossiya tinchlikparvar kuchlarini kiritishni nazarda tutadi.

От qwert.uz