Tanzila Norboyeva: “Uyalib qolmaslik uchun ayol hokimlarga o‘zim yordam berib turibman”

O‘zbekistonda avvallari ayollarning oilaviy yumushlari ko‘pligi bois rahbar kadrlar zaxirasiga qo‘yilmagan. Bu haqda O‘zbekiston Gender tenglikni ta’minlash komissiyasi tomonidan 12-noyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Tanzila Norboyeva aytib o‘tdi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Ma’lum qilinishicha, avvallari ayollar “Bolamni bog‘chaga olib boraman”, “Bolam kasal bo‘lib qoldi, ta’tilga chiqaman” yoki “Ertaga to‘yim bor”, deb ishga kelmay qo‘yadi degan fikrda hech qachon kadrlar zaxirasiga qo‘yilmagan. Norboyeva xonimning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda ayollarni kadrlar zaxirasiga kiritish ortib, ayollar orasida rahbarlar ko‘payib bormoqda.

Tanzila Norboyeva

Foto: “Daryo”

“Hurmatli Prezidentimiz 8-mart arafasida tuman hokimi lavozimiga tavsiya etgan olti nafar ayolning barchasi bizni zaxira kadrlardan chiqqan. Birga yonma-yon ishlagan ayollar mana shunday lavozimlarga ko‘tarildi. Menimcha, hammasi muvaffaqiyatli ishlayapti. Ayollarga shuncha ishonch berildi, uyalib qolmaylik, deb hokim ayollarga o‘zim yordam berib turibman. Mana shu ayollar rahbarlik qilayotgan tumanlarning ba’zilari “yashil”, ayrimlari “sariq”. “Sariq” hudud bo‘lib qolganlari ham avvalgi hokimlar juda ko‘p ishlarni “botqoq” qilib ketgani uchun “sariq” bo‘lib qolgan. Shunday g‘ururlanyapmanki, ayollar orqada qolmas ekan, ular ham yaxshi ishlar ekan”, – dedi Oliy Majlis Senati raisi.

Tanzila Norboyevaning qo‘shimcha qilishicha, hozirgi vaqtda davlat mukofotlariga erkaklardan ko‘ra ayollar ko‘proq tavsiya etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oktabr oyida Bo‘ston tumani hokimi Sadbarxon Mamitova fermerlarni haqoratlab, yerni olib qo‘yish bilan tahdid qilgani uchun viloyat hokimligi tomonidan ogohlantirilgan edi.

Ma’lumot uchun, 2020-yilning fevral—mart oylarida Andijon viloyatining Bo‘ston tumanidan tashqari, Sirdaryoning Boyovut, Buxoroning Olot, Qashqadaryoning Qarshi, Namanganning To‘raqo‘rg‘on tumanlariga va Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahriga ayol-hokimlar tayinlangan edi.

Ushbu tayinlovlar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilgan. Mazkur tayinlovlarga munosabat bildirarkan, Prezident Shavkat Mirziyoyev “ayollar bo‘lgan joyda adolat, poklik bo‘lishi”ni ta’kidlagan, ularga hech narsadan qo‘rqmaslikni tavsiya qilgan edi.

“Ishonaman — ayollar rahbar bo‘lgan tumanlarda adolat bayrog‘i boshqacha hilpiraydi. Biz hokimlikka saylangan rahbar ayollarimizga doim yordam beramiz, yelkadosh bo‘lamiz. Bundan keyin ham katta-katta tashkilot va kompaniyalar rahbarligiga ayollarni tayinlash tashabbusi davom etadi. Biz ularni tayyorlayapmiz. Kimlargadir bu ish yoqmas, lekin menga yoqadi” — degandi Prezident.