6 yashar qizaloq – Omina Erkinova 150 ta davlatning bayrog‘ini yod oldi (video)

“Sevimli” telekanalining “Xayrli oqshom” dasturi 150 ta davlatning bayrog‘ini yod olgan 6 yoshli qizaloq – Omina haqida hikoya qildi.

Foto: YouTube

Omina bolaligidan qo‘liga berilgan qog‘ozga turli shakldagi rasmlar chizgan  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.     Onasining so‘zlariga ko‘ra, u Ominaga yozishni 1 yoshidan boshlab o‘rgatgan.  4 yoshida esa bo‘g‘inlab o‘qishni boshlagan. Shuningdek, oila farzandlarini mashg‘ulotlarga majburlamaydi. Ular vaqtida ovqatlanishga va o‘ynashga ham vaqt ajratadi.

“Bayroqlarning rangi bor, davlatlarning nomi bor. Ikki-uchta parametrlarga bog‘liq holda bolaning dunyoqarashi shakllanib, xotirasi kuchayishi uchun bayroq yodlashni tanlaganmiz”, − deydi Ominaning dadasi Azamat Eshbekov.

“200 dan ortiq davlat bo‘lsa, hozirda 150 tasini yod olgan va yodlashda yana davom etmoqda. Buning yana bir ijobiy tomoni shundaki, davlatlar haqida uning bayrog‘i orqali ham tushunchaga ega bo‘ladi. Bayroqlar nomini yodlab ham dunyoda shunday davlat borligini bilib oladi. Bu ham qaysidir ma’noda bolaning dunyoqarashini oshirishga yordam beradi deb o‘ylayman”, − deydi qizaloqning onasi Zarifa Yaxshilikova.

“Ingilizcha gapirishni bilmayman, faqatgina so‘zlarini bilaman. Rus tilida esa so‘zlasha olaman. Biz kartochkalar olganmiz, oyim yozuvini berkitib turadi va davlat nomini aytadi, men esa o‘sha davlatning bayrog’ini topishim kerak”, − deydi Omina Erkinova.

Dastlab qizaloqqa ota-onasi tomonidan davlat poytaxtlari o‘rgatilgan, lekin u bunga biroz qiynalgan. O‘sha paytda Omina 3 yoshda edi. Keyinchalik davlat bayroqlarida ranglar, shakllar, belgilar borligi uchun qiziqib, o‘rganib olgan. Hozirda Omina yo‘l harakati belgilariga qiziqmoqda va ularni o‘rganishni ham boshlab yuborgan.