Tahlilchilar fikricha oltin narxi cho‘qqiga chiqib bo‘lgan va endi faqat pastlaydi

Oltin narxi avgust oyidagi unsiyasi uchun 2000 AQSh dollaridan, ya’ni rekorddan keyin endi faqat pastlaydi, deb yozmoqda Financial Times.

Foto: “Daryo”

Forbes’ning qayd etishicha, og‘ir damlarda ortib ketadigan qimmatbaho metallga bo‘lgan qiziqishni koronavirusga qarshi vaksina muvaffaqiyatlari haqidagi xabarlar pasaytirmoqda va shu tariqa jahon iqtisodiyot asta-sekin oyoqqa turmoqda  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Macquarie investitsiya bankining xomashyo bozoridagi strategiya bo‘limi rahbari Markus Garvi 2021-yilda jahon iqtisodiyotining o‘sish ko‘rsatkichlari nisbatan yaxshiroq bo‘lishini taxmin qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, shu sababli ham ayni vaqtda oltin narxi o‘zining cho‘qqisiga ko‘tarilgan deb hisoblash mumkin. Bank tahlilchilari kelasi yili narxlar unsiyasi uchun 1550 dollargacha tushishini va bu hozirgi darajadan 17 foizga pastligini qayd etgan.

Morgan Stanley bankining tahlilchisi Syuzan Beyts COVID-19’ga qarshi vaksinaning dunyoda tarqatila boshlanishi oltinga bo‘lgan qiziqishni pasaytirishi va bu o‘z navbatida jahon iqtisodiyotining ko‘tarilishini ta’minlashi haqida fikr bildirgan.

Qimmatbaho metall narxining pasayishi shartli ekani va oltin bilan ta’minlangan birja fondlarining faoliyatiga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Mazkur fondlarga qiziqishning oshgani 2020-yilning birinchi yarmida oltin narxining ko‘tarilishida muhim omil bo‘lib xizmat qildi. Oktabr o‘rtalaridagi eng baland narxdan keyin fondlarning jismoniy zaxiralari unsiyasi uchun 1,9 million dollargacha pastladi, 109 million unsiyagacha kamaydi, deya yozgan Bloomberg. ETF hamda SPDR Gold Shares katta fond birjalariga tikilgan mablag‘lar shu haftada joriy yilning iyul oyidagi minimumiga tushib qoldi.

Aksariyat investorlar o‘z mablag‘larini ishlab chiqarishda foydalaniladigan boshqa qimmatbaho metallarga tikishni boshlagan, yakunda iqtisodiyotning tiklanishi ularga daromad keltirishi mumkin. Quyosh batareyalarida foydalaniladigan kumush narxi ikkinchi oydirki ko‘tarilmoqda, katalitik neytralizatorlar ishlab chiqarishda foydalaniladigan platina narxi shu haftada sentabrdan beri eng yuqori cho‘qqisiga yetdi.

Oltin narxlarining o‘zgarishi O‘zbekistonga qanday ta’sir qiladi?

Avgust oyida oltin narxining rekord darajaga ko‘tarilgani O‘zbekistonga qo‘l keldi, davlat budjetiga tushadigan daromadlar ushbu metall narxining 26 foizga oshgani tufayli sezilarli darajada ko‘paydi.

O‘zbekiston 2020-yilning III choragi yakunlariga ko‘ra oltin sotish bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallagan. Markaziy bank 35 tonna oltin sotishga muvaffaq bo‘lgan. Sentabrda mamlakat umumiy eksportidagi oltin savdosining ulushi 50 foizni tashkil qilgan. Sakkiz oy davomida mamlakat sotgan oltinning qiymati 5,8 milliard dollarni tashkil etgan, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 47,2 foizga ko‘p, o‘rtadagi farq summasi 1,8 milliard dollar.

Sentabrda O‘zbekiston oltin narxining tusha boshlashi tufayli uni sotishni to‘xtatgan. Shu sababli oltinning umumiy eksportdagi ulushi 50 dan 46,5 foizga tushib qoldi. Shunga qaramay o‘sish sur’atlari 2019-yildagi ko‘rsatkichlarni 45,7 foizga ortda qoldirmoqda.

Oltin narxining o‘sishi eksportning bir nechta manbalari tushib ketayotgan bir pallada, inqiroz vaziyatida O‘zbekiston iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi, deya holatga izoh bergan RB Asia investitsiya-konsalting kompaniyasi bosh direktori Doniyor Islomov.