Energetika vazirligi O‘zbekistonda elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlarning asosiy sababi havoning sovib ketishi natijasida elektr energiyasi iste’molining keskin ortishi ekanligini ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, qisqa muddatli uzilishlar tizimdagi katta avariyalarning oldini olishga imkon beradi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

“Buning sababi shundaki, har qanday energiya tizimida uning barqaror ishlashi uchun har qanday vaqtda (millisekund) iste’mol va ishlab chiqarish o‘rtasidagi energiya muvozanati (balansi) ta’minlanishi muhim. Ushbu jarayon iste’molchilarga elektr energiyasini ishonchli va uzluksiz yetkazib berish va energiya tizimining muammosiz ishlashini ta’minlash nuqtayi nazaridan juda muhimdir”, — deyiladi xabarda.

“Energiya balansini ta’minlash mumkin bo‘lmagan holatlarda hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining dispetcherlik boshqarmasi iste’molchilarning bir qismini reja jadvaliga muvofiq cheklovlar o‘rnatishga majbur bo‘ladi. Ushbu grafiklar qoida tariqasida past kuchlanishli (0,4 kV, 6-10 kV) taqsimlash elektr tarmoqlarini o‘z ichiga oladi”, — deya tushuntirgan Energetika vazirligi.

Ta’kidlanishicha, bu harakatlar mamlakat energetika tizimida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yirik avariyalarning oldini olishga qaratilgan. Bu esa elektr energiyasini kecha-yu kunduz muntazam ravishda monitoring qilib borish va dispetcher nazoratining o‘z vaqtida javob berish imkonini beradi.

Energetika vazirligi o‘tgan yili ham elektr energiyasi tizimidagi uzilishlar va nosozliklar sabablari borasida shu kabi izoh bergandi. “Elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning keskin ortishi kuzatilgan paytda hatto rivojlangan mamlakatlarda ham iste’mol va ishlab chiqarish o‘rtasidagi energiya balansini ta’minlash juda qiyin vazifa bo‘lib qolmoqda. Bunda katta avariyalarning va butun mamlakatda hamma iste’molchilarning elektrsiz qolishining oldini olish uchun elektr energiyasi ta’minotida uzilishilar qilishga to‘g‘ri keladi”, — degan edi vazirlik.

2019-yilning noyabr oyida bosh vazir Abdulla Aripov gaz va elektr energiyasining uzilishi bilan bog‘liq vaziyatni sharmandali holat deb atagan edi. “Gaz va elektr energiya yetkazib beruvchilar o‘z ishlariga mas’uliyat bilan qarashmayapti. Mutasaddi rahbarlar shuncha salbiy holatlarga biror marta ommaviy axborot vositalari orqali tushuntirish yoki asosli javob bergani yo‘q”, — degan Abdulla Aripov.

От qwert.uz