Mana, noyabrning uchinchi haftasi ham nihoyasiga yetdi. Tog‘li Qorabog‘da urushning tugashi, Peru va Moldovadagi siyosiy yangiliklar, Ilon Maskning navbatdagi muvaffaqiyati va har haftalik dayjestda o‘z o‘rniga ega koronavirus yangiliklari bilan tanishing.

“Qorabog‘da urush tugadi”

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev o‘tgan haftada Qorabog‘ viloyatidagi urushning tugaganini ma’lum qildi. “Urush maydonida sharafli g‘alabani qo‘lga kiritgan Ozarbayjon siyosiy maydonda ham o‘z maqsadiga erisha oldi”, dedi prezident Agdam shahri va Agdam tumanining armiya tomonidan egallanishi bilan bog‘liq bo‘lgan xalqqa murojaatida  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: “RIA Novosti”

Aliyevning ta’kidlashicha, Armaniston “okkupatsiya abadiy bo‘ladi”, degan umidda istehkomlar qurdi. “Ular yangi xaritalarni tuzdi, ularga ko‘ra, ayirmachi Tog‘li Qorabog‘ nafaqat sobiq Tog‘li Qorabog‘ avtonom viloyatini, balki boshqa barcha bosib olingan yerlarni qamrab olgandi. Bu xaritalar endi qayerga ketdi? Ular g‘oyib bo‘ldi, bu xaritalar endi yo‘q”, dedi Ozarbayjon prezidenti.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston armiyasi endi yo‘q. “Biz uni yakson qildik, mag‘lub etdik, yo‘q qildik. Agdam viloyati bizga birorta o‘qsiz qaytadi”  dedi davlat rahbari.

Ilhom Aliyev, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida 10-noyabrda imzolangan kelishuvga muvofiq, Ozarbayjon harbiy harakatlar paytida bosib olingan hududni ham, 1990-yillarning boshlarida qo‘ldan chiqarilgan Lachin, Agdam va Kelbajar tumanlaridagi aholi punktlarini ham oladi.

Armaniston Qurolli kuchlari o‘z pozitsiyalaridan olib chiqilmoqda, mintaqaga ikki mingga yaqin rus tinchlikparvari texnika bilan olib kelinmoqda. Armanistonga Qorabog‘ga transport yo‘lagi yaratilishi kafolatlanadi, shu bilan bir vaqtda Ozarbayjondan Naxichevan eksklavigacha transport yo‘lagi yaratiladi.

Shuningdek, mintaqaga rus tinchlikparvarlaridan tashqari turkiyalik harbiylar ham kelishi kutilmoqda. O‘tgan haftada Turkiya parlamenti mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning Ozarbayjonga qo‘shinlarni yuborish to‘g‘risidagi farmonini ma’qulladi. Hozirda harbiylarni Ozarbayjonga yuborish bo‘yicha tayyorgarliklar ko‘rilmoqda. Bu haqda mamlakat mudofaa vaziri Hulusi Akar ma’lum qildi.

“Yaqin kelajakda turkiyalik harbiylar Ozarbayjonga jo‘nab ketadi. Turkiya qurolli kuchlarining quruqlikdagi kuchlari mashg‘ulotlarini yakunladi”, deb vazirning so‘zlarini keltirgan Anadolu agentligi.

Ushbu harbiy xizmatchilar Rossiya bilan birgalikda tuzilayotgan Tog‘li Qorabog‘ mojarosi zonasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya etilishini nazorat qilish bo‘yicha markaz ishiga jalb etilishi taxmin qilinmoqda. Mandat muddati bir yil etib belgilandi. Hukumatning qayd etishicha, nizo hududiga harbiylarni jo‘natish Turkiya milliy manfaatlariga muvofiq keladi.

Foto: AP Photo

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya tinchlikparvarlari Tog‘li Qorabog‘ hududiga kirmaydi. Turkiya faqatgina Ozarbayjon hududidan turib vaziyatni kuzatadi, deya aniqlik kiritgandi Lavrov. Hafta boshida Ozarbayjon hukumati Qorabog‘dagi harbiy harakatlar davomida qancha tinch fuqaro halok bo‘lganiga ham aniqlik kiritdi.

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Ozarbayjon hamda Armaniston o‘rtasida sodir bo‘lgan qurolli to‘qnashuvlar oqibatida 94 nafar ozarbayjonlik tinch aholi vakillari halok bo‘ldi.

“Armaniston qurolli kuchlarining o‘t ochishi oqibatida 27-sentabrdan bugungi kunga qadar 94 nafar fuqaro hayotdan ko‘z yumdi, yana 414 nafar tinch aholi vakili turli darajadagi tan jarohatlari oldi”, deyiladi prokuratura ma’lumotida.

Peru va Moldovadagi almashgan prezidentlar

Moldovada o‘tgan prezidentlik saylovlarida mamlakat bosh vaziri Mayya Sandu g‘alaba qozondi. Saylov ikki turda bo‘lib o‘tdi. Moldovada saylovni o‘tkazish 2019-yilning iyunida respublikaning konstitutsiyaviy sudi Dodonni deputatlar so‘rovi bo‘yicha lavozimidan chetlashtirgach belgilangan edi. Bu 2016-yili Dodon prezident etib saylanganidan buyon oltinchi marotaba chetlashtirish hisoblanadi.

Moldovada prezidentlik saylovlarining birinchi turi 2020-yil 1-noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Unda Dodon 32,74 foiz natija bilan Sandudan ortda qolgan edi (unda 35,96 foiz ovoz). 15-noyabr kuni mamlakatdagi prezidentlik saylovlarining ikkinchi turida ovozlarning qariyb 100 foizi hisoblab chiqilganidan keyin, MSK ma’lumotlari bo‘yicha, Sandu ovozlarning 57,74 foizini, amaldagi prezident 42,26 foizini qo‘lga kiritdi. Saylovda saylovchilarning 50 foizdan ziyodi qatnashdi.

Shu tariqa Mayya Sandu Moldovaning yangi prezidenti etib saylandi. Sandu Yevropa ittifoqi bilan integratsiya, Ruminiya va Ukraina bilan munosabatlarni yaxshilash tarafdori. Shuningdek, u Pridnestrovyedagi nizo hududidan Rossiya harbiylari olib chiqib ketilishini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Foto: “24 Kanal”

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Mayya Sanduni Moldova prezidenti saylovlaridagi g‘alabasi bilan tabrikladi. Yangi prezident Pridnestrovyedagi vaziyatni tartibga solish uchun hududdan rossiyalik tinchlikparvarlarni chiqarish zarurligini qayd etdi.

“Moldovaning federallashuviga qarshiman, Dodon va uning partiyasi taklif qilgan variantlarga rozi emasman. Sababi, ular federallashuv haqida aniq taklif bildirmagan bo‘lsa ham bu haqida gapirgan. Nizoni hal etishning eng to‘g‘ri formatini topishimizga ishonaman. Unda rossiyalik tinchlikparvarlarning hududdan to‘liq chiqarilishi ham ko‘zda tutilishi zarur. Biz bu haqda har doim gapirganmiz va bundan keyin ham gapiraveramiz”, dedi Sandu “Yevropeyskaya pravda” nashriga bergan intervyusida.

Shuningdek, Sandu hududdagi vaziyatni barqarorlashtirish yuzasidan aniq format hanuzgacha ishlab chiqilmaganini ham alohida ta’kidladi.

Moldovada hammasi “silliq” yakunlangan bo‘lsa, Peruda vaziyat boshqacha tus oldi. Perudagi siyosiy inqiroz sentabrda boshlandi. O‘shanda davlat rahbari Viskarraga tegishli audioyozuv e’lon qilingandi. Unda prezident qo‘shiqchi Richard Sving bilan uchrashganini tan oldi. Viskarra Madaniyat vazirligi bilan shartnoma tufayli qo‘shiqchiga nisbatan sud ishi yuzasidan tekshiruvlarga to‘sqinlik qilishda ayblangandi. Viskarra mamlakat hududlaridan birini boshqarayotgan vaqtida yirik miqdorda pora olganlikda gumon qilindi.

Dastlab, kongress (Peruning bir palatali parlamenti) Viskarraga nisbatan impichmentni yoqlab ovoz bergan edi, ammo besh kundan keyin o‘z qarorini o‘zgartirdi. O‘shanda deputat Fransisko Sagasti buni mamlakat koronavirus pandemiyasi sharoitlarida yashayotgan bir paytda hozir impichmentning vaqti emasligi bilan izohlagan edi. Oxir-oqibat, Viskarra 10-noyabr kuni lavozimidan olindi. Shundan keyin Peruda uning tarafdorlari ko‘chalarga chiqdi.

Konstitutsiyaga muvofiq, davlat rahbari o‘rnini parlament spikeri Merino de Lama egalladi. Ammo olti kundan keyin u iste’fo berdi. Merino de Lamani lavozimidan chetlatish talabi Peruda 9-noyabr kuni boshlangan  norozilik namoyishlarida ikki kishi halok bo‘lishi bilan bog‘liq. 14-noyabr kuni Limada milliy politsiya bilan to‘qnashuvlar chog‘ida ikki yosh yigit vafot etdi.

Foto: AP Photo

Shundan keyin Peru vazirlar mahkamasining 13 a’zosi Merino de Lama bilan ishlashdan bosh tortdi va ishdan ketishini ma’lum qildi. Ular orasida sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, adliya, iqtisodiyot, madaniyat, savdo va turizm, ta’lim, energetika, mudofaa hamda ichki ishlar vazirlari bor. Peruning yangi prezidenti Fransisko Sagasti bo‘lishi mumkin. 16-noyabr, dushanba kuni u ko‘pchilik deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, kongress  spikeri etib saylandi. Bu Sagastiga davlat rahbari lavozimiga da’vogarlik qilish huquqini beradi.

76 yoshli Sagasti Peruning o‘ng markazchi Qirmizi partiyasi yetakchilaridan biri. U bir hafta ichida prezident lavozimidan ketgan Martin Viskarra va Manuel Merino de Lamadan keyingi uchinchi prezidentga aylanishi mumkin. Sagasti prezident bo‘lsa, boshqa partiyalar vakillari Mirta Vaskes, Luis Roel va Matilda Fernandes vitse-prezident bo‘lishi kutilmoqda.

Parvoz qilayotgan Mask

Tesla va Space X rahbari Ilon Mask Bloomberg’ning milliarderlar global reytingida uchinchi o‘ringa chiqib olib, Mark Sukerbergdan o‘zib ketdi. 19-noyabr holatiga ko‘ra, Maskning boyligi 120 milliard dollarga, Sukerbergniki  103 milliard dollarga baholanmoqda.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, biznesmenning davlati bir kunda 10,2 milliard dollarga o‘sdi, bunga Tesla aksiyalarining 10 foizga ko‘tarilishi sabab bo‘ldi. Bloomberg reytingida birinchi o‘rinni hamon Amazon asoschisi Jeff Bezos 183 milliard dollar bilan egallab turibdi, ikkinchi o‘rin esa Microsoft asoschisi Bill Geytsga tegishli (128 milliard dollar).

Forbes global reytingida ham 19-noyabr holatiga ko‘ra, Mask (to‘rtinchi o‘rin, 105 milliard dollar) Sukerbergni (beshinchi o‘rin, 99,9 milliard dollar) ortda qoldirdi.

Foto: Global Look Press

Vaksinalar “poygasi”

Koronavirus pandemiyasi bugungi kunda butun isnoniyatni tashvishga solib turgan eng asosiy xavf bo‘lmoqda. Ko‘pchilik uning tugashini vaksinalar yaratilishi bilan bog‘liq deb hisoblamoqda va vaksina yaratilishini kutmoqda. Mutaxassislar esa dunyoning turli mintaqalarida vaksina ustida ish olib bormoqda. Xitoy, Rossiya, AQSh, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Hindiston, Qozog‘iston kabi davlatlarda olimlar vaksina yaratish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda. O‘tgan haftada ham bir qator vaksinalarning muvaffaqiyatlari haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Jumladan, noyabr o‘rtalarida Moderna kompaniyasi uning koronavirusga qarshi vaksinasi sinovlarning uchinchi bosqichida 94,5 foiz samaradorlik ko‘rsatganini e’lon qilgandi. Sinovlarning uchinchi bosqichi 30 ming kishida amalga oshirildi. Vaksinaning ikkinchi dozasi qabul qilinganidan ikki hafta o‘tgach, tadqiqot ishtirokchilarining 95 nafari koronavirus bilan kasallandi, ularning 90 nafari platsebo va besh nafari vaksina qabul qildi.

AQShning Pfizer kompaniyasi Germaniyaning BioNTech kompaniyasi bilan birgalikda ishlab chiqarilgan COVID-19‘ga qarshi vaksinaning samaradorligi 95 foizni tashkil etishini ma’lum qildi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, vaksina sinovda qatnashayotgan kishining yoshi, irqi va millatidan qat’iy nazar, samarali bo‘ldi. Dastlabki sinov natijalari 90 foiz samaradorlikni ko‘rsatgandi.

“Chegara bilmas shifokorlar” tashkiloti esa AQShning Moderna kompaniyasi tomonidan yaratilgan koronavirusga qarshi vaksina haqidagi ma’lumotni umid beruvchi deb atadi. Tashkilot tomonidan qayd etilishicha, kompaniya tomonidan berilgan ma’lumotlar aniq xulosalar qilish uchun yetarli emas.

Moderna kompaniyasi shuningdek, vaksinaning har bir dozasi uchun taxminiy narxlarni ham e’lon qildi. Unga ko‘ra, koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksina har bitta dozasi 25 dollardan 37 dollargacha bo‘ladi. Bu haqda kompaniya rahbari Stefan Bansel Germaniyaning Welt gazetasiga ma’lum qildi.

Foto: AP Photo

Uning so‘zlariga ko‘ra, yakuniy narx buyurtmachiga zarur bo‘lgan partiya hajmiga bog‘liq bo‘ladi. “COVID-19’ga chalingan og‘ir bemorlarni davolash sog‘liqni saqlash tizimiga qanchaga tushayotganini hisobga olganda, bu adolatli narx. Biz maksimal daromad olishga qiziqqanimiz yo‘q”, deya aniqlik kiritdi Bansel.

Moderna rahbari aytishicha, hozir kompaniya dorini Yevropaga yetkazib berish haqida Yevrokomissiya bilan muzokaralar olib bormoqda. “Biz Yevropani ta’minlashni istaymiz va konstruktiv muzokaralar olib boryapmiz”, dedi Bansel vaksinani yetkazib berish haqida shartnoma imzolashga bir necha kun qolganini qo‘shimcha qilar ekan.

Banselning ta’kidlashicha, muzokaralarning asosiy jihatlaridan biri vaksinani zaxira qilish uchun to‘lov hisoblanadi. Yil oxirigacha kompaniya 20 millionta doza ishlab chiqarmoqchi, shuning bir qismi Yevropaga yetkaziladi.

Ayni damgacha butun dunyoda koronavirus kasalligini yuqtirib olganlarning umumiy soni 58,7 milliondan oshdi. Shulardan 40,6 milliondan ortiq kishi tuzalib ketgan bo‘lsa, 1,3 million kishi kasallik oqibatida vafot etdi. 16 milliondan ortiq bemor shifoxonalarda davolanmoqda.

Davlatlar miqyosida AQSh (12 million), Hindiston (9 million) va Braziliya (6 million) yetakchilik qilmoqda.

Jahongir Ostonov tayyorladi.

От qwert.uz