Uchrashdilar nogaxon bugun,
Qoʼlda portfel, birida tugun.

Bir-biriga qarashdi zimdan,
Uyalganday xuddi bir kimdan.

Bir-biriga dardlarin soʼzlar,
Faqat koʼzlar, xa, faqat koʼzlar!…


Duch keldilar bugun bir bora,
Qoʼllarida esa — nabira,

Zimdan qarab bir-birlariga,
Va ketdilar manzillariga!…


Uchrashdilar bugun xam qarang,
Ikkovlari yurishar arang.

Qoʼllarda yoʼq, arzirli narsa,
Faqatgina — bittadan xassa!…


Qiziq ekan, taqdiri azal,
Yonma-yondir — xayot va ajal.

Uchrashdilar oxirgi dafʼa,
«Uchrashuv»da soʼnggi saxifa.

Biri jonsiz, biri sukutda,
Biri «saf»da. biri tobutda.

Jonsiz taʼna — ketdi qabrga,
Xotiralar — u bilan birga!…

Аbdulla Pulatov

  • Materiallar faqat shaxsiy maqsadlarda foydalanish uchun: Materiallardan tijorat maqsadlarida foydalanish, tarqatish qonun bilan taqiqlanadi.
  • «Mualliflik xuquqi va turdosh xuquqlar to‘g‘risida» gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni: № 42 son, 20 iyun. 2006 yil.

© MUALLIF

От qwert.uz