O‘zbekistonda elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzishga oid jinoyatlarni aniqlash MIBdan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga o‘tkaziladi. Bu haqda 24-noyabr kuni Prezident tomonidan imzolangan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda belgilandi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: “Daryo”

Unda qayd etilishicha, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash, sud hokimiyatining nufuzi va ta’sirchanligini kuchaytirish maqsadida sud hujjatlari ijrosini yanada oshirish taqazo etilmoqda.

Bu borada MIB tuzilmasi va vakolatlarini maqbullashtirish, uning ish uslubini tubdan qayta ko‘rib chiqish, manfaatdor vazirlikla va idoralar bilan o‘zaro hamkorligini kuchaytirish zarurati yuzaga keldi.

Farmonga ko‘ra, endilikda elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzishga oid jinoyatlarni aniqlash, bartaraf etish va ularning oldini olish vazifasi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.

Elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklarni aniqlash, bartaraf etish va ularning oldini olish vazifasi ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, farmonga binoan 2020-yil 1-dekabrdan boshlab quyidagicha tartib o‘rnatiladi:

  • ma’muriy jarima qo‘llash to‘g‘risidagi ijro hujjatlari MIB organlariga jarimani ixtiyoriy to‘lash uchun muddatlar tugaganidan so‘ng taqdim etiladi, bunda jarimani ixtiyoriy to‘lash imkoniyati to‘g‘risida huquqbuzarni xabardor qilgan holda unga ma’muriy jarima qo‘llash to‘g‘risidagi qarorning topshirilganligi yoki yuborilganligini tasdiqlovchi hujjat ijro hujjatiga majburiy tartibda ilova qilinadi;
  • ijro hujjatini majburiy ijro etish davomida qarzdorning xatlangan mol-mulki boshlang‘ich narxdan 30 foizlik chegirma bilan, Davlat budjetiga undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari bo‘yicha sotilayotgan mol-mulk esa – hududiy kengashlar qaroriga muvofiq
  • 50 foizgacha chegirma bilan narxni oshirib borish uslubida o‘tkaziladigan dastlabki elektron onlayn-auksionga qo‘yiladi, bundan garovga qo‘yilgan mol-mulk bilan ta’minlangan qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari mustasno.

mulkiy tusga ega bo‘lgan ijro hujjatlari bo‘yicha undiriladigan ijro yig‘imi:

  • undiruv summasi BHMning 1000 baravari (223 million so‘m)dan ortiq bo‘lmagan ijro hujjatlari bo‘yicha — undirilayotgan summaning 5 foizi;
  • undiruv summasi BHMning 1000 baravari (223 million so‘m)dan ortiq bo‘lgan ijro hujjatlari bo‘yicha — undirilayotgan summaning 2 foizi miqdorida o‘rnatiladi.

Bunda, ijro yig‘imi qo‘llanilgan ijro ishlari birlashtirilgan taqdirda, qo‘llanilgan ijro yig‘imining miqdori o‘zgartirilmaydi.

От qwert.uz