Barchamiz uchun juda qiyin kechgan 2020-yilning o‘n birinchi oyini ham nihoyasiga yetkazdik. Xo‘sh, bu oy nimalar bilan yodimizda qoldi ? Odatdagidek, oy davomida jahonda sodir bo‘lgan muhim voqealar haqida quyida qisqacha hikoya qilamiz — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Qorabog‘da urush tugadi

Shu yilning 27-sentabrida Ozarbayjonning Tog‘li Qorabog‘ mintaqasida boshlangan harbiy harakatlar 10-noyabr kuni o‘z nihoyasiga yetdi. 10-noyabr kuni Armaniston bosh vaziri Rossiya va Ozarbayjon rahbarlari bilan birgalikda o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlikparvar kuchlarni Tog‘li Qorabog‘ga kiritish to‘g‘risida uch tomonlama bitim imzoladi. Armanistonda bu taslim bo‘lish deb qabul qilindi. 11-noyabr kuni Pashinyanning iste’fosini talab qilgan keng miqyosli namoyishlar bo‘lib o‘tdi.

Foto: AP Photo

Ammo bu bilan mazkur mojaro borasidagi fikrlar to‘xtamadi. Fransiya Senati mamlakatdagi bir qator faollar tomonidan qilingan turli murojaatlardan keyin Qorabog‘ mustaqilligini tan olish haqidagi rezolyutsiyani qabul qildi. Bir kishi rezolyutsiyaga qarshi ovoz berdi, 305 kishi uni qo‘llab-quvvatladi.

Fransiya Senati Ozarbayjon qurolli kuchlari va ularning tarafdorlarini 27-sentabrdan beri mintaqada o‘tkazilgan harbiy harakatlar natijasida tortib olingan hududlardan zudlik bilan olib chiqib ketishga chaqirdi. Senat Turkiya hukumati va chet ellik yollanma askarlar ko‘magida amalga oshirilgan Ozarbayjonning harbiy tajovuzini qoraladi.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan ushbu rezolyutsiyani “tarixiy qaror” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ni tan olish xalqaro kun tartibiga kiradi. Bunga javoban Fransiyaning Bokudagi elchisi Zakari Gross 26-noyabr kuni Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi, unga Fransiya Senati tomonidan 25-noyabr kuni Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha qabul qilingan rezolyutsiya sababli norozilik notasi topshirildi.

“Fransiya elchisiga Senatning qarori xalqaro qonunchilikka, BMT nizomiga, Xelsinki yakuniy aktiga, BMT Xavfsizlik Kengashining 1993-yildagi qarorlariga zid ekani to‘g‘risida xabar berildi”, deya ma’lum qildi Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi.

O‘z navbatida, elchi Parijni Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligining pozitsiyasi to‘g‘risida xabardor qilishi haqida aytdi. Fransiya Tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi Jan-Batist Lemuanning fikricha, Fransiyaning Tog‘li Qorabog‘ mustaqilligini bir tomonlama tan olishi hech kimga foydali bo‘lmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qadam Fransiya hukumati, Yerevan va Parijning boshqa sheriklari siyosatini aks ettirmaydi. Fransiya Tashqi ishlar vazirligi Fransiyaning o‘z-o‘zini respublika deb e’lon qilgan Tog‘li Qorabog‘ni tan olmasligini ma’lum qildi.

Foto: “Vzglyad.az”

“25-noyabr kuni Senat rezolyutsiya qabul qildi, u Fransiya hukumatini Tog‘li Qorabog‘ Respublikasini tan olishga chaqiradi. Ovoz berishdan oldin bo‘lib o‘tgan munozaralarda TIV huzuridagi davlat kotibi Jan-Batist Lemuan ushbu masala bo‘yicha Fransiya hukumati pozitsiyasini ma’lum qildi, deyildi kommyunikeda, – Fransiya o‘z-o‘zini respublika deb e’lon qilgan Tog‘li Qorabog‘ni tan olmaydi”.

Yadro fizik o‘ldirib ketildi

Oyning yana bir shov-shuvli xabari Tehron yaqinida mamlakatning yetakchi yadro fizigi Muhsin Faxrizoda suiqasd oqibatida o‘ldirilishi bo‘ldi.

Eron mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Faxrizoda mashinasiga terrorchilar hujum qildi. Olim uning qo‘riqchilari va hujumchilar o‘rtasidagi otishmada jiddiy jarohat oldi va keyinchalik kasalxonada vafot etdi. Eron tashqi ishlar vaziri Javod Zarifning aytishicha, jinoyat sodir etilgan holat ortida Isroil turgan bo‘lishi ehtimoli bor, degan fikrga kelishga asos bo‘lishi mumkin.

Faxrizoda Eron yadro dasturining yetakchi ishlab chiqaruvchilardan biri edi, 2018-yilda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu olimni Tehronning barcha yadro loyihasining rahbari ekanini aytgan edi. OAVlar uni “Eronlik Oppengeymer” va “Eron bombasining otasi” deb atardi. Qayd etish joizki, Eronda yadro quroli hozircha yaratilmadi.

Mazkur voqea ortidan Eron hukumati mamlakat Mudofaa vazirligi olimning o‘ldirilishiga javob qaytarishga va’da berdi. Bu kabi bayonot bilan Eron oliy yetakchisining maslahatchisi Husayn Dehqon chiqish qildi. Shuningdek, Eron prezidenti Xasan Ruhoniy ham yadro fizigining o‘limi javobsiz qolmasligini ma’lum qildi. “Mazkur jinoyat javobsiz qolmaydi, o‘z vaqtida unga javob qaytariladi”, deydi ruhoniy.

Foto: Mehr agentligi

Mintaqada liderlikka da’vogar davlatlardan biri Turkiya mazkur voqea yuzasidan o‘z qarashlarini bildirib o‘tdi. Jumladan, Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Muhsin Faxrizodaning o‘ldirilishi tufayli mintaqadagi vaziyatni keskinlashtirmaslikni so‘radi. Turkiya TIVning munosabati idora saytida e’lon qilindi.

“Biz barcha tomonlarni oqilona va vazminlik bilan harakat qilib, mintaqada nizoni kuchaytirishga olib keluvchi ishlarga qo‘l urmaslikka chaqiramiz”, deyiladi xabarda.

TIV qotillikni qoralab, marhumning oilasiga va Eron hukumatiga ta’ziya bildirdi.

Afg‘onistonda portlash

Shu yilning 29-noyabr kuni Afg‘onistonning G‘azni shahrida portlash yuz berdi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida 28 kishi halok bo‘ldi, 19 kishi jarohat oldi. Guvohlar xavfsizlik xizmati xodimlari va jangarilar o‘rtasidagi to‘qnashuv bo‘lganini ma’lum qildi. Afg‘oniston qurolli kuchlari bazasi yaqinida xudkush-terrorchi bo‘lgan avtomashina portladi. Mahalliy kasalxona rahbari jabrlanganlarning barchasi harbiy xizmatchilar ekanini ma’lum qildi. Hali bironta guruh hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi.

Noyabr oyi boshida qurollangan shaxslar Kobuldagi universitetga hujum qilgandi. Oqibatda, 19 kishi halok bo‘lib, 22 kishi jarohatlangandi. Terakt tufayli mamlakat hukumati motam e’lon qildi.

Koronainfo

Koronavirusdan kasallanish holatlari so‘nggi ikki oyda keskin suratda o‘sishda davom etmoqda. Jumladan, oy davomida kasallar soni quyidagi ko‘rinishda o‘sdi: 5-noyabr kuni 48 million, 9-noyabr kuni 50 million, 14-noyabr kuni 53 million, 26-noyabr kuni 60 million, 28-noyabr kuni esa 61 million kishidan ortib ketdi. 29-noyabr holatiga kelib, dunyoda COVID-19’ga chalinganlar soni 62 milliondan oshdi. Ma’lumot Jon Hopkins universiteti tomonidan taqdim etildi.

Foto: AP Photo

Infeksiya jami 62 094 127 kishida aniqlandi. Eng ko‘p kasallanish holatlari AQShda qayd etildi — 13,2 millionta. Ikkinchi o‘rinda Hindiston (9,5 million), uchinchi o‘rinda — Braziliya (6,2 million). Yetakchi mamlakatlar beshligidan Fransiya (2,26 million) va Rossiya (tezkor shtab ma’lumotlariga ko‘ra 2,24 million) ham joy oldi.

Pandemiya boshidan buyon dunyoda 1,4 million kishi koronavirusdan vafot etdi. O‘lim holatlari bo‘yicha ham AQSh yetakchi bo‘lib qolmoqda, mamlakatda koronavirusga chalingan 266 ming kishi vafot etdi. Undan keyinda Braziliya (171,9 ming), Hindiston (136,2 ming), Meksika (104,2 ming) va Britaniya (58,1 ming) bormoqda.

Mazkur oy davomida kasallikka qarshi vaksinalar yaratilishi borasida ham bir qator yangiliklar bo‘ldi. Jumladan, AQShning Pfizer kompaniyasi Germaniyaning BioNTech kompaniyasi bilan birgalikda ishlab chiqarilgan COVID-19’ga qarshi vaksinaning samaradorligi 95 foizni tashkil etishini ma’lum qilgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu vaksinaning dozasi AQSh uchun 19,5 dollarni tashkil etadi (ikkala komponentning qabul qilinishi 39 dollarga tushadi), boshqa bir Amerika kompaniyasi Moderna vaksinasining bir dozasi narxi esa 25-37 dollarni tashkil qiladi.

Rossiyaning koronavirusga qarshi “Sputnik V” vaksinasi samaradorligi 95 foizdan oshgani ma’lum qilingan. Uning ikkita dozasi narxi xalqaro bozor uchun, taxminan, 20 dollarni tashkil qiladi, rossiyaliklar uchun vaksina bepul bo‘ladi. Bir qator OAVlar bergan xabarlarga ko‘ra, United Airlines aviakompaniyasi koronavirusga qarshi Pfizer vaksinasini AQSh va Yevropa omborlarida yetkazishni boshladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu tegishli organlar dori vositasini tasdiqlaganidan so‘ng, imkoni boricha aholini tezroq vaksinatsiyadan o‘tkazish uchun amalga oshirilmoqda. Vaksinalar Michigan shtatidagi va Belgiyadagi omborlarga yetkazilmoqda. Keyinroq Viskonsin va Germaniyaga ham shu kabi yetkazib berishlar amalga oshirilishi rejalashtirildi.

Vaksinani yetkazib berish uchun aviakompaniya qonunda belgilanganidan besh barobar ko‘proq (6,8 tonna) quruq muzni tashishga ruxsat so‘radi. Bu samolyot bortida vaksinani saqlash uchun xavfsiz haroratni ta’minlash uchun zarur.

Jahongir Ostonov tayyorladi.

От qwert.uz