Rossiyaning Moskva viloyatida qiyin ahvolga tushib qolib, o‘rmonda yashayotgan O‘zbekiston fuqarosi va uning yetti yoshli farzandi Toshkentga olib kelindi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar berdi.

Kadr: Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi

Agentlik tomonidan ma’lum qilinishicha, ko‘plab OAV va ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyaning Moskva viloyatida qiyin ahvolga tushib qolib, o‘rmonda yashayotgan mazkur erkak va uning o‘g‘li haqida xabarlar tarqalgan edi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Ma’lum bo‘lishicha, 1974-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi Shuhrat Jalilov uzoq yillardan buyon Rossiyada ishlab kelgan. Uning Ukraina fuqarosi bo‘lgan ayoldan 2013-yilda farzandi tug‘ilgan. 2020-yil avgust oyida bolaning onasi vafot etgan.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi, Xalqaro migratsiya tashkiloti hamkorligida mazkur fuqaro va uning o‘g‘lini vatanga qayratish bilan bog‘liq barcha huquqiy va tashkiliy masalalar hal etildi.

“3-dekabr kuni Moskva—Toshkent reysi bilan uchib kelgan Shuhrat Jalilov va uning o‘g‘li Amal Jalilov Toshkent xalqaro aeroportida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillari tomonidan kutib olinib, doimiy yashash joyiga kuzatib qo‘yildi”, — deyiladi agentlik xabarida.

Avvalroq Rossiyada bir necha oydan buyon o‘rmonda otasi bilan yashayotgan Amalga tug‘ilganlik haqida guvohnoma berilgani xabar qilingandi.

От qwert.uz