Haftalik dayjest: Metsenatlar himmati, avtomobilsiz bir kun, koronavirus vaksinasi O‘zbekistonda

G‘ala-g‘ovur bilan yana bir hafta o‘tdi. Dayjestimiz xabarlarida yaxshisi ham bor, noxushi ham, antiqasi ham. Siz esa joylashib o‘tirib oling.

Sobiq tuzumdan beri odat bo‘lib kelayotgan “qo‘shib yozish” (pripiska) bugun ham tez-tez yuzini ko‘rsatib turadi. Paxta yetishtirish bo‘yicha eng zaiflardan biri Surxondaryo viloyatida 21,3 foiz paxta qo‘shib yozilgan bo‘lishi mumkinligi aytildi. Xabar qilishlaricha, eng ajablanarlisi, yog‘ingarchilik kunlari ham Surxondaryoning “paxta xirmon”lariga xomashyo kirim qilingan  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: “Agro.uz”

Qishloq xo‘jaligi vazirligi hisobotiga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida paxta xomashyosini topshirish bo‘yicha reja 82,3 foizga bajarilgan. Viloyatdagi 535 ta fermer xo‘jaligi paxta xomashyosi tayyorlash va topshirish rejasini 50 foizga ham bajarmagan. Sherobod tumanida — 205 ta, Qiziriq tumanida — 166 ta, Sho‘rchi tumanida — 50 ta, Bandixon tumanida — 37 ta, Uzun tumanida — 29 ta, Denov tumanida — 19 ta, Angor tumanida — 13 ta, Jarqo‘rg‘on tumanida — 10 ta, Muzrabot va Oltinsoy tumanlarida uchtadan fermer xo‘jaligi amalda rejani 50 foizga ham uddalay olmagan.

Ammo Surxondaryo viloyati prokuraturasi bu xabarni rad qildi. “Mazkur topshiriq asosida amalga oshirilgan prokuror nazorati tadbirlari natijasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan paxta mavsumida hisob-kitob masalalarida qo‘shib yozish holatlarining oldi olingan. Chunonchi, mazkur topshiriq yuborilgan vaqtda paxta mavsumi davom etayotgan bo‘lib, yakuniy hisob-kitoblar hali tamomlanmagan edi…”, deb yozadi prokuratura.

* * *

Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili metsenatlikni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qonunni imzolagan ediO‘tgan oyda huquqshunos, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning tashabbusi bilan “Metsenat.u” loyihasi ishga tushdi. Loyiha O‘zbekistondagi metsenatlarni jalb qilgan holda ehtiyojmand va iqtidorli talabalarning to‘lov-kontraktini to‘lashga yordam berish, shuningdek, stipendiyalar e’lon qilishni ko‘zda tutadi. Hozirgacha Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi va “Mehrli qo‘llar” xayriya fondi barcha talabalar uchun jami 400 million so‘mlik, “Xushnudbek.uz” Telegram-kanali Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari uchun jami 30 million so‘mlik, “Najot ta’lim” markazi tibbiyot sohasida o‘qiyotgan xotin-qizlar uchun jami 15 million so‘mlik grant e’lon qilgan bo‘lsa, bu hafta ular safiga Samarqand viloyati hokimligi ham qo‘shildi. Samarqanddagi OTMda o‘qiyotgan talabalarning o‘n nafari saralab olinib yarim yil davomida har oy 1 million so‘mdan stipendiya berib turiladi. Stipendiya dasturida ishtirok etish uchun davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida o‘qishning ahamiyati yo‘q. G‘oliblarni saralashda nomzodning a’lo o‘qishi, xorijiy tillarni bilishi, ijtimoiy hayotda faolligi va boshqa jihatlar inobatga olinadi.

Hokimlik ta’limga sarmoya kiritgani Trailblazer xarid qilganidan ko‘ra yaxshiroqdir.

* * *

Bu yil hokimlar va umuman, rahbarlar ancha vazn tashlaydigan bo‘ldi. Qorin aylanasini o‘lchab borilishi haqida o‘tgan hafta yozgan edik. Quyidagi rasmda Sirdaryoda rahbarlar viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev boshchiligida sport normativlari topshirmoqda.

Foto: Telegram / “Davletov.uz”

Huquqiy axborot kanali yozishicha, 2020-yil 1-dekabrdan barcha davlat organlari va tashkilotlari hamda hokimlar va o‘rinbosarlariga “Shaxsiy namuna” tamoyili asosida haftada kamida bir marta avtomobillardan foydalanmagan holda ishga kelishi va ketish tavsiya etildi. G‘arb davlatlaridagidek vazirlar, hokimlarni oddiy fuqaro kabi ko‘chada uchratib qoladigan kunlarimiz yaqinlashmoqda. Albatta, agar barcha hamjihatlikda amal qilsa.

Darvoqe, bu boradagi hukumat qarori rahbarlarnigina emas, barchani ko‘zda tutgan. Maktablarda sport musobaqalari o‘tkazish, “avtomobilsiz kun” tashkil etish, shahar, tuman, mahalla va qishloqlarda piyoda va velosipedchilar uchun yo‘laklar yaratish shular jumlasidan.

* * *

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va UzAuto Motors o‘rtasidagi sud ishi to‘g‘risida ko‘p va xo‘p yozildi. Oxiri, UzAuto Motors sudda yutib chiqqan ham edi. Ammo hormas-tolmas antimonopolchilar sud qarori ustidan appelyatsiya shikoyatini kiritdi va sud ishi yana qaytib ko‘riladigan bo‘ldi. Bu bahs tarixi batafsil ushbu xabarda yozilgan. Joriy yilning 11-dekabr kuni  Toshkent shahar ma’muriy sudi UzAuto Motors’ga bog‘liq ishni qayta ko‘rib chiqadi. Shunday qilib achchiq ichakdek cho‘zilgan sud ishini kuzatishda davom etamiz.

* * *

Energetika vazirligi har kuni respublikada elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minoti holati, hodisalarni o‘rganish va choralar ko‘rishga, iste’molchilar murojaatlarini tahlil qilishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berishni boshladi, deb yozmoqda “Davletov.uz”. Youtubedagi ushbu kanalda respublikada elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko‘mir ta’minoti holati, iste’molchilar murojaatlarini tahlil qilishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi kunlik ma’lumot va amalga oshirilgan ishlar aytib borilmoqda.

Energetikaga oid yana bir xabar. O‘zbekistonda ma’lum me’yordan ortiqcha ishlatilgan elektr energiyasi uchun ustama joriy etilishi mumkin. Garchi tok o‘zi yetarli berilmayotgan bo‘lsa-da, bu yo‘l bilan isrofgarchiliklarning oldini olishmoqchi.

* * *

Hafta o‘rtalarida Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturov O‘zbekistonga keldi. Shavkat Mirziyoyev juma kuni uni qabul qildiDenis Manturov koronavirusga qarshi “Sputnik V” vaksinasini olib keldi.

Foto: Rossiya savdo va sanoat vazirligi

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi sentabr oyida Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar fondi (RTIF) O‘zbekistonning LAXISAM farmatsevtika kompaniyasi bilan mamlakatga 35 million doza “Sputnik V”vaksinasini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qilgandi. 2020-yil oxiri yoki 2021-yil boshlarida O‘zbekiston “Sputnik V” vaksinasining klinik sinovlariga kirishishi aytilgan.

* * *

O‘zbekiston Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmatiga Alisher Usmonov yangi rais etib tayinlandi. Alisher Abrorovich Usmonov 1964-yilda tug‘ilgan. U ilgari Davlat xavfsizlik xizmati raisining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 2007-yilda II darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlangan.

Oktabr oyida O‘zbekiston Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati raisi sifatida faoliyat yuritib kelgan Bahodir Toshmatov Prezident huzuridagi Xavfsizlik Kengashi kotibining o‘rinbosari etib tayinlangan edi. Alisher Abrorovich Usmonovni o‘zbek milliarderi Alisher Burhonovich Usmonov bilan adashtirmaslik joiz.

“Daryo”ni hamisha kuzatib boring va eng qaynoq yangiliklardan xabardor bo‘ling.