“Bosim pasaydi emas, olti kun umuman gaz bo‘lmadi”. Buxoroda aholi aynan nima sababdan yo‘llarni to‘sdi?

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro tumani “Rabotipoyon” mahalla fuqarolar yig‘ini hamda Qorako‘l tumani “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi aholining gaz ta’minoti tizimidagi muammolardan norozi bo‘lib, mashina yo‘llarini to‘sib, katta ko‘chalarga chiqgani tasvirlangan videolavhalar tarqaldi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: “Daryo”

Voqea tafsilotini o‘rganishni maqsad qilgan “Daryo” muxbiri “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filialida bo‘ldi.

Filial mas’ullariga ko‘ra, havo haroratining pasayishi oqibatida ayrim aholi punktlarini tabiiy gaz bilan ta’minlashda uch-to‘rt kunlab bosim pasayishi kuzatilgan. Bunday vaziyatning yuzaga kelishiga esa “Sohibkor” gaz taqsimlash stansiyasidagi ikkinchi jo‘mrakning yopilishi sabab bo‘lgan. Natijada hududga tabiiy gaz yetkazib beruvchi quvurlarda bosim 6 dan 1,8 atmosferaga tushib qolgan. Natijada 1,3 mingdan ziyod aholi xonadoni gaz ta’minotida qiyinchiliklarga duch kelgan.

Foto: “Daryo”

Surishtiruv jarayonida “Daryo” muxbiri “Rabotipoyon” mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Sholg‘omxo‘ron qishlog‘ining bir nechta aholisi bilan suhbatda bo‘ldi. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abdusamad Xalilov mas’ullarning “havo sovushi tufayli uch-to‘rt kun gaz bosimi pasaydi” degan gapini inkor qildi.

Abdusamad Xalilov. (chapdan birinchida)

Foto: “Daryo”

“Pasaydi emas, olti kun umuman gaz bo‘lmadi. Xalq bekordan-bekorga hech qachon ko‘chaga chiqmaydi. Axir chaqaloqlar bor, yosh-u qari bor, nogironlar-u bemorlar bor. Koronavirus bilan xastalanib yotgan oilamiz bor. Bo‘ldi, men yaxshisi, ortiqcha so‘zlamoqchi emasman. Endi bunga hojat yo‘q, chunki kerakli joyga chaqirishdi, “tushuntirish” bo‘ldi, biz ham tushuntirib berdik. Shuning uchun men sizlardan uzr so‘rayman… Aholining ko‘chaga chiqishi bo‘yicha kecha prokuraturaga chaqirishgandi, kunduzi soat 11:00 da kirganimiz, kechki 16:00 gacha prokuraturada qolib ketdik. Hozir ham shu yoqqa ketayapman”, — dedi mahalla raisi Abdusamad Xalilov.

Hayit Qodirov.

Foto: “Daryo”

Ushbu mahallada yashovchi Hayit Qodirov esa qishloqda sakkiz-o‘n kun gaz bo‘lmaganini, gaz bosimi keskin pasayganini aytdi.

“Shuning uchun aholi norozilik bildirib, ko‘chaga chiqqan. Muammoni aytganimizda, kelishdi, va’da berishdi, lekin va’da ustidan chiqilmadi. Xalq shuning uchun ham norozlik bildirdi. Bundan oldin tabiiy gaz ta’minotida hech qachon bunday muammolarga duch kelmaganmiz. Ayni paytda hech qanday muammomiz yo‘q”, — dedi Hayit Qodirov.

Ibrohim Yo‘ldoshev aholining noroziligidan keyin qishloqqa yuqori bosimli gaz berilganini bildirdi.

“Havoning keskin sovishi sabab ‘O‘ztransgaz’ aksiyadorlik jamiyati Kogon magistral gaz quvurlari boshqarmasi tomonidan xonadonlarga yetarli darajada gaz berilmagan va bu aholining noroziligiga sabab bo‘lgan. Ayrim xonadonlarda tabiiy gaz ta’minoti pasayib, ayrimlarida esa umuman o‘chib qolgan. Bundan tashqari, aholi xonadonlari o‘rganilganda, tabiiy gaz quvurlarining noto‘g‘ri ulanishi sabab tabiiy gaz suyuqligining pechlargacha yetmay qolish holatlari aniqlandi. Hozirgi kunda ‘Rabotipoyon’da hech qanday shikoyat yo‘q”, — dedi “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali Buxoro tuman bo‘limi boshlig‘i Jahongir Jumayev.

Foto: “Daryo”

Qorako‘l tumanidagi Kogon magistral gaz quvurlari boshqarmasiga qarashli Qorako‘l gaz taqsimlash stansiyasidan tumandagi iste’molchilarga 6 atmosfera bosimi ostida yetkazib berilayotgan tabiiy gaz taqsimlash stansiyasidagi 2-raqamli jo‘mrak orqali 1,8—2 atmosferaga qisqartirilishi natijasida xonadonlarga berilayotgan tabiiy gaz ta’minoti to‘xtab qolgan. Bu esa tumandagi “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisining noroziligiga sabab bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali xodimlari, viloyat hokimligi mutasaddilari hamda sektor rahbarlari bilan birgalikda aholi bilan uchrashuv o‘tkazilib, ularning shikoyatlari tinglangan. Gaz ta’minoti bilan bog‘liq yuzaga kelgan masalalarni bartaraf qilish uchun barcha zarur choralar ko‘rilgan.

Qorako‘l tuman hokimligi axborot xizmati rahbariga ko‘ra, mazkur holat bo‘yicha o‘rganishlar olib borilgan hamda natijada “Do‘stlik” MFYdagi 762 nafar iste’molchi tabiiy gaz bilan ta’minlangan. Shundan 385 nafar iste’molchida foydalanilgan tabiiy gaz uchun 45 million 44 ming so‘m debitor qarzdorlik mavjudligi aniqlangan.

Foto: “Daryo”

Ob-havoning keskin sovishi tufayli ajratilgan tabiiy gaz resursiga nisbatan gaz iste’moli hajmi oshib ketishi natijasida quvurlarda bosimning pasayishi kuzatilgan. Shuningdek, aholi tomonidan o‘zboshimchalik bilan quvurlarga qo‘lbola qurilmalar o‘rnatilgani gaz taqsimotiga sun’iy ta’sir ko‘rsatgan.

“Gaz va elektr energiyasi ta’minoti to‘xtatib qo‘yilgach, noroziligimizga sabab bo‘ldi-da! Hozirda ayrim xonadonlardagi gaz quvurlariga ulangan sun’iy so‘rg‘ichlarning olib tashlangani sabab, mana, tabiiy gaz ta’minoti yana qayta tiklandi. Bundan tashqari, ‘Tojikent’ mahallasida ham uchta kata so‘rg‘ich qo‘yilgan. Shu ham bartaraf etilsa, ham tabiiy gaz, ham elektr energiyasi ta’minoti to‘liq tiklanadi, deb o‘ylaymiz”, — deydi qorako‘llik fuqaro Gulzoda Ne’matova.

Muallif:Otabek Qo‘ldoshev