Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida mahalliy fermerlardan biri tuman hokimining unga berilgan yer maydoniga oid ijara shartnomasini bekor qilish haqidagi qarori ustidan sudga murojaat qilgan. Biroq sud majlisi belgilangan sanaga yetmay fermerning jasadi tumanning “Polvonota” MFY hududidan o‘tgan ariqdan topilgan, deya xabar qilmoqda “Xabar.uz”.

Bosh prokuratura matbuot xizmati fermerning jasadi 2020-yilning 5-noyabr kuni ariqdan (tan jarohatlarisiz) topilganini tasdiqladi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.     Shuningdek, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilib, natijasiga ko‘ra, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qaror qabul qilinganini bildirdi.

Sud-tibbiy ekspertizasi fermerning o‘limi yurak nafas yo‘llarining suv bilan berkilishidan kelib chiqqan mexanik asfiksiyadan kelib chiqqanligi haqida xulosa bergan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbarining alohida qayd etishicha, marhumning qarindoshlarida turli shubhalar tug‘ilayotgani, ularning vajlarini to‘laqonli tekshirilishini ta’minlash maqsadida jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi qaror bekor qilingan. Hozirda qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Qoraqalpog‘istonda 79 yoshli ayol va uning nabirasini o‘ldirgan shaxs hibsga olingani, Andijonda mast fuqaroni bolta bilan urib o‘ldirgan shaxs 17 yarim yilga qamalgani hamda Asakada erini o‘ldirish uchun 50 ming dollarga odam yollagan ayol qayta qamoqqa olingani haqida xabar berilgandi.

От qwert.uz