Rossiyaga yuborilgan pomidordan chiqqan kasallik Farg‘onadagi birorta issiqxonada aniqlangani yo‘q — Xayrullo Bozorov

Rossiyaning vakolatli organlari tomonidan Farg‘onada yetishtirilgan barcha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importiga qo‘yilgan taqiq viloyatga juda salbiy ta’sir ko‘rsatadi — taqiq olib tashlanmasa, “Farg‘onaga og‘ir bo‘ladi”. Bu haqda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov jurnalistlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Xayrullo Bozorov.

Foto: “Xabar.uz”

Jigarrang burishgan virusi aniqlangani sababli “Rosselxoznadzor” 26-noyabrdan boshlab Farg‘ona viloyatidan Rossiyaga pomidor va qalampir olib kirishni taqiqlagan edi. Keyinroq quritilgan o‘rik partiyasida ham xavfli zararkunanda (kapr qo‘ng‘izi) aniqlangach, “Rosselxoznadzor” Farg‘onadan barcha turdagi o‘simlik mahsulotlari importini taqiqladi. Rossiya tomoni shu kabi taqiqlarni so‘nggi ikki hafta ichida Navoiy va Qashqadaryo viloyatida yetishtirilgan mahsulotlarga ham joriy etgan.

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning alohida ta’kidlanishicha, Rossiyaga yuborilgan pomidordan chiqqan kasallik viloyatdagi birorta issiqxonada aniqlangani yo‘q.

Barcha issiqxonalarni tekshirib bo‘ldik. E’tiborli tomoni, o‘sha Rossiyaga yuborilgan pomidordan chiqqan kasallik birorta issiqxonada aniqlangani yo‘q. Qiziq tomoni, Moskvaga bor-yo‘g‘i 5 kilogramm pomidor sinov tariqasida olib borilgan ekan. Agar mijozga yoqsa, ko‘proq olib borishni maqsad qilishgan. O‘sha kichik partiyadan “Rospotrebnadzor” tomonidan kasallik topilgan.

Biz barchasini aniqladik — pomidor Marg‘ilon bozoridan olib borilgan. Oxiri o‘sha pomidorni sotgan tadbirkorni ham qidirib topdik va mahsulot qayerda yetishtirilganini ham aniqladik. Biz u yerga ham bordik va issiqxonani tekshiruvdan o‘tkazdik. E’tiborli tomoni, unda ham kasallik aniqlanmadi. Bu ma’lumotlarni “Rospotrebnadzor” karantin inspeksiyasiga yubordik.

… Bu borada hozir hukumat darajasida ish olib borilmoqda. “Rospotrebnadzor” bilan gaplashib, seshanba (15-dekabr) kuni ruxsat olinishi kutilmoqda. Biz barcha xulosani tayyorlab, har bir mahsulot yetishtiruvchini tekshirib, xavfsiz ekaniga ishonch hosil qilib, ro‘yxatini Rossiyaga beradigan bo‘ldik. Ular o‘sha eksportyorlarga ruxsat beradi.

Hozircha shunga kelishilgan. Keyinchalik hamma bemalol eksport qilishi mumkin bo‘ladi.

Xayrullo Bozorov, Farg‘ona viloyati hokimi

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Germaniyadan viloyatda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tekshirish uchun yangi jihozlar, reaktivlar, “sifatni tekshiradigan, uncha-muncha davlatda yo‘q texnologiyalar” sotib olinmoqda. Ularni amaliyotga qo‘llash boshlansa, “hech qanday muammo qolmaydi”. “Bunaqa holat boshqa takrorlanishi mumkin emas”, — deya qo‘shimcha qildi viloyat hokimi.

Avvalroq “Yuksalish” umummilliy harakati yetakchisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov Rossiya tomonidan Farg‘ona, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importiga qo‘yilgan taqiqqa munosabat bildirib, “bunday harakatlar… Jahon savdo tashkilotiga a’zolikni tezlashtirish lozimligini yana bir bor eslatayotgani”ni ta’kidlab o‘tgan edi.

Telegram’dagi “Davletovuz” kanalining qayd etishicha, O‘zbekiston qalampiri va pomidoriga qarshi Rossiya tomonidan qo‘yilayotgan taqiqlar “O‘zbekiston hukumati Rossiya vaksinasini rasman (xuddi Qozog‘iston kabi) sotib olmayotgani yoki ‘mahalliylashtirmayotgani’ tufayli” joriy etilayotgan bo‘lishi mumkin. “Hozirgi Rossiya sog‘lom davlat emas”, — deya qo‘shimcha qilgan kanal mualliflari.