O‘zbekistonda o‘quvchi va talabalar ishtirokida Yangi yilga bag‘ishlangan bayram tadbirlarini o‘tkazish taqiqlanadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining 13-dekabr kuni e’lon qilingan bayonotida ma’lum qilingan  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Respublika maxsus komissiyasi bayonotiga ko‘ra,

  • maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari hamda oliy ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilar, o‘quvchilar va talabalar ishtirokida yopiq binolarda turli bayram tadbirlari va kechalarini tashkil etish va o‘tkazish taqiqlandi;
  • Yangi yil bayrami munosabati bilan bolajonlar uchun mo‘ljallangan “Prezident archasi” bayram tadbirlari faqatgina mehribonlik uylari va bolalar shaharchalari tarbiyalanuvchilari uchun o‘tkazilishi belgilandi, bunda tarbiyalanuvchilarning birgalikda bir maskanda istiqomat qilishi inobatga olindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, maktablarda bayram tadbirlarini o‘tkazish maqsadida ota-onalardan turli xil noqonuniy pul yig‘imlarini yig‘ish va maktab foyesi va sinf xonalarini sun’iy archa va elektr chiroqlar bilan bezatish ham qat’iy taqiqlangan.

Maxsus komissiya fuqarolarga yangi 2021-yil bayrami tadbirlarini oila davrasida o‘tkazishni tavsiya etgan. Hududiy vakolatli organlarga esa viloyatlar, tumanlar markazlari va shaharlarda ochiq osmon ostida archalar o‘rnatish tavsiya etilgan.

“Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari hamda koronavirusga qarshi kurashish borasidagi xorijiy mamlakatlar ijobiy tajribasini inobatga olgan holda jamoat joylarida niqobdan foydalanish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirish nazarda tutildi”, — deyiladi komissiya bayonotida.

От qwert.uz