O‘zbekistonda vazirlik, idoralar, davlat ulushi bo‘lgan korxonalar va boshqa tashkilotlariga turli xil korporativ bayram tadbirlari tashkil etish taqiqlandi. Bu haqda O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining 13-dekabr kuni e’lon qilingan bayonotida so‘z boradi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Ta’kidlanishicha, so‘nggi vaqtda jahonda, shu jumladan, qo‘shni davlatlarda karantin cheklovlarining amal qilish muddati uzaytirib borilayotganligi, shuningdek, yangi 2021-yil kirib kelayotganligini inobatga olib, epidemiologik vaziyatning barqarorligini saqlab qolish maqsadida Respublika maxsus komissiyasi:

  • vazirlik, idoralar, davlat ulushi bo‘lgan korxonalar va boshqa tashkilotlariga turli xil korporativ bayram tadbirlari tashkil etishni taqiqlash;
  • vazirlik, idoralar, davlat ulushi bo‘lgan korxonalar va boshqa tashkilotlariga korporativ bayram tadbirlaridan tejab qolingan mablag‘larni ta’lim, sog‘liqni saqlash, mehribonlik uylari va boshqa ijtimoiy sohalarga yo‘naltirishni tavsiya etish haqida qaror qabul qilgan.

Ta’kidlanishicha, yuqoridagi cheklov restoran, kafe va boshqa umumiy ovqatlanish obyektlarida 30 kishidan oshmagan hamda sanitariya-gigiyena va karantin talablariga qat’iy rioya etgan holda bayram tadbirlarini o‘tkazishga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Qarorda ta’kidlanishicha, vazirlik, idoralar va boshqa davlat tashkilotlari hamda xo‘jalik birlashmalari yangi 2021-yil bayrami tadbirlarini oila davrasida o‘tkazish uchun xodimlarga zarur shart-sharoitlarni yaratish choralarini ko‘radi.

Ma’lum qilinishicha, restoran, kafe, choyxona va boshqa umumiy ovqatlanish shoxobchalarida karantin cheklovlariga (mijozlarni joylashtirishda ijtimoiy masofani saqlash, tibbiy niqobdan foydalanish, 30 kishidan oshmagan holda to‘y va oilaviy marosimlarni o‘tkazish, shuningdek, dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish) qat’iy rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha mas’ul idoralarga tegishli topshiriq berilgan.

От qwert.uz