Dayjestimiz xabarlari xuddi o‘tib borayotgan hafta havosi singari har xildir. Iliq yangiliklar ham, sovug‘i ham bor. Eng so‘nggi xabar – YeOIIga kuzatuvchi bo‘lishimiz esa ayrimlar uchun iliq bo‘lsa, boshqalar uchun SSSRning sovuq shabadasi bo‘lib tuyulmoqda — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Yaxshi xabardan boshlaymiz. Konstitutsiya qabul qilinganining 28 yilligi munosabati bilan jazo o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 104 nafar fuqaro afv etildi. Afv etilgan shaxslarning olti nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 50 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi, yana 17 kishining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 41 shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi. Natijada jami 63 kishi jazoni o‘tash muassasalaridan ozod etildi.

Yana bir yaxshi xabar: O‘zbekiston AQShning diniy erkinlik bo‘yicha “Maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxati”dan (Special Watch Listchiqarildi. O‘zbekiston ushbu ro‘yxatga 2019-yilda kiritilgandi.

* * *

O‘tgan yilning may va oktabr oylarida Yaqin Sharqdagi mojarolar hududidan o‘zbekistonliklar qaytarilgan edi. 8-dekabr kuni “Mehr” operatsiyasining davomi amalga oshirildi. “Mehr-3” operatsiyasi mobaynida Suriyaning jangovar harakatlari olib borilayotgan hududlaridan 98 o‘zbekistonlik, ya’ni 25 ayol va 73 bola vatanga qaytarildiUlarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha ham tegishli ishlar amalga oshirilishi aytildi.

Foto: UzReport

Xo‘sh, erkaklar-chi? Yaqin Sharqda qiyin ahvolga tushgan erkaklar qaytariladimi, yo‘qmi? Bu savolga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov: “ushbu operatsiya davomida birinchi navbatda eng muhtoj bo‘lgan bolalar va ayollar olib kelinyapti. Erkaklar masalasida o‘rganish kerak bo‘lgan jihatlar bor. Agarki, qo‘li qon bo‘lmasa, kimningdir qotili bo‘lmasa, vaqti kelib, Vatanga, albatta, qaytadi”, deb javob berdi.

* * *

Kunlarning sovib ketishiga doimiy hamroh bo‘ladigan gaz tanqisligi odamlarni ko‘chaga chiqishga undamoqda. To‘satdan gaz uzilishiga ko‘nikmagan aholi avtomobil yo‘llarini to‘sib mahalliy hukumat e’tiborini tortishga harakat qilmoqda. Aslida butun respublikada gaz ta’minoti ko‘ngildagidek bo‘lmasa-da, alifbo tartibida Andijon viloyatidagi norozilikdan boshlaymiz.

Foto: “Daryo”

10-dekabr kuni kechqurun Andijon shahrining “Hamdo‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi shaharning O‘zbekiston ko‘chasi va Bobur shohko‘chasi kesishmasidagi yo‘lning qatnov qismini to‘sishga harakat qildi. Sezganingizdek, 1,5 mingdan ziyod xonadonda gaz pastlab ketgani buning bosh sababi bo‘ldi.

Shunday holat Buxoroda ham kuzatildi. Tarqagan videolarda ko‘rinishicha, 20 nafarcha ayol Buxoroning katta ko‘chalaridan birini to‘sib norozilik bildirmoqda. Aniqlanishicha, 949 ta xonadonda 5 610 kishi istiqomat qilayotgan “Rabotipoyon” mahalla fuqarolar yig‘inida ayni paytda tabiiy gaz bosimi pasaygan. Mas’ullar buni, har doimgidek, ob-havo sovub ketishi bilan izohlagan. Bu voqea Buxoro tumanida bo‘lgan.

O‘sha kuni Buxoroning Qorako‘l tumanida ham aholi avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ydi. Tumandagi “Do‘stlik” va “Qorako‘z” MFYlarida gaz muammosi aholini ko‘chaga chiqishga majbur qilgan. “Daryo” muxbiri holatni o‘rganish uchun Buxoroda bo‘ldi.

Noyabr oyida Rossiya Farg‘onadan pomidor va qalampir olib kirishga taqiq qo‘yganini yozgan edik. Hafta boshida esa Rossiya veterinariya va fitosanitariya nazorati bo‘yicha federal xizmati quritilgan o‘rikda xavfli zararkunanda aniqlangani sababli Farg‘ona viloyatidan barcha o‘simlik mahsulotlarini olib kirishga taqiq joriy etdi. Xavfli zararkunanda bu kapr qo‘ng‘izidir. Ko‘p o‘tmay xuddi shu tashkilot Qashqadaryodan pomidor va qalampir olib kirishga taqiq qo‘ydi. O‘zbek mahsulotlarida jigarrang burishish virusi aniqlanganmish.

Bu taqiqlar nimadan dalolat beradi? Haqiqatan ham milliy mahsulotlarimizda ayb bormi yoki siyosiy bosim vositasimi? Bu haqda aniq fikr yo‘q, ammo “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, quyi palata deputati Bobur Bekmurodov bu hol respublika eksport salohiyatiga ta’sir ko‘rsatishini e’tiborga olib, Jahon savdo tashkilotiga a’zolikni tezlashtirish kerakligini eslatdi.

13-dekabr kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Rossiya qaytargan pomidor qayerda yetishtirilganini aytdi.

Foto: “Rosselxoznadzor”

“Biz barchasini aniqladik — pomidor Marg‘ilon bozoridan olib borilgan. Oxiri o‘sha pomidorni sotgan tadbirkorni ham qidirib topdik va mahsulot qayerda yetishtirilganini ham aniqladik. Biz u yerga ham bordik va issiqxonani tekshiruvdan o‘tkazdik. E’tiborli tomoni, unda ham kasallik aniqlanmadi. Bu ma’lumotlarni ‘Rospotrebnadzor’ karantin inspeksiyasiga yubordik”, dedi Bozorov.

* * *

Bundan oldingi xabarimizni navbatdagi xabar izohlashi mumkin. O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida rasman kuzatuvchi-davlat maqomini oldi. 11-dekabr kuni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining (YeOII) videoanjuman shaklida o‘tgan sammitida bu e’lon qilindi. O‘zbekiston bilan birga Kuba ham YeOIIda kuzatuvchi maqomini oldi. Videotadbirda YeOIIga a’zo davlatlar — Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston, shuningdek, kuzatuvchi maqomidagi Moldova va taklif etilgan mamlakat sifatida Kuba yetakchilari ishtirok etdi.

Mart oyining boshlarida esa O‘zbekiston YeOIIga kuzatuvchi-davlat maqomida qo‘shilishi ma’lum bo‘lgandi. May oyida Oliy Majlis O‘zbekistonning YeOII faoliyatida kuzatuvchi davlat maqomida ishtirok etishi to‘g‘risidagi taklifni ma’qullagandi. Ovoz berish jarayonida 100 senatordan 91 nafari ishtirok etdi. Ulardan 71 nafari qarorni ma’qullab ovoz berdi, 16 senator qarshi chiqdi, to‘rt senator betaraf qoldi.

Eng muhim va muhokamali xabarlarni “Daryo”da o‘qib boring. Ommaviy emlash boshlanguncha karantin qoidalariga rioya qiling.

От qwert.uz