Gollivudning eng talabgir aktyorlaridan biri bo‘lgan Jonni Depp hayotidagi so‘nggi o‘zgarishlar, sobiq turmush o‘rtog‘i, aktrisa Ember Xerd bilan shov-shuvlarga sabab bo‘lgan ajrashishi bilan bog‘liq sud jarayonlari sabab yirik kinostudiyalar aktyor bilan hamkorlik qilishni istamayapti. Shunga qaramasdan, ijodkor millionlab muxlislar uchun hali-hamon sevimli hisoblanadi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.     Meduza Amerikaning The Hollywood Reporter (THR) nashri tomonidan aktyor haqida taqdim qilingan katta maqoladagi eng qiziq ma’lumotlarni taqdim qiladi.

Foto: The Guardian

Shaxsiy hayotning karyeraga ta’siri

1985—2018-yillarda ishtirokidagi filmlar prokatda 10,2 milliard dollar to‘plagan aktyor karyerasining so‘nggi yillarini avvalgidek muvaffaqiyatli deb bo‘lmaydi. Bunga shaxsiy hayotidagi muammolar sabab bo‘lgan. Hammasi 2016-yilda, sobiq rafiqasi bilan ajrashish jarayonida, Ember uni kuch ishlatishda ayblaganidan boshlagan. Shundan keyin Depp ham qarab turmagan va Emberga, shuningdek, The Sun nashri va menejerlariga qarshi davo ochgan. Sudlashish jarayonlarida aktyorning shaxsiy hayotidagi boshqa ikir-chikirlar: narkotik va zo‘ravonlik bilan bog‘liq ma’lumotlar ma’lum bo‘la boshlagan. Jonnining ijod borasidagi omadi ketishiga uning o‘zini tutishigina emas, agressiv yuridik taktikani tanlagani sabab bo‘lgan.

U yuristi Adam Uoldman bilan 2016-yilda Saudiya shahzodasi Abdul-Aziz inb Salmon bilan tanishganidan keyin bir necha yillik agenti bilan shartnomani bekor qilgan, menejeri va advokatini sudga bergan. Ochilgan da’vo Depp hisobiga hal bo‘lganiga qaramay, sudlashish jarayonida uning moliyaviy ahvoli haqidagi batafsil ma’lumotlar ommaga ma’lum bo‘lgan. Aktyor The Washington Post gazetasidagi zo‘ravonlik haqidagi maqola sabab sobiq rafiqasiga ham da’vo ochgan (sud jarayonlari 2021-yilda bo‘lib o‘tadi).

Foto: Grand Photo

Rafiqasining “tagiga suv quyish”ga uringan Depp

Shundan keyin aktyor Xerdni “Akvamen”dan haydalishini istagan va maqsadiga erishish uchun Warner Bros studiyasi bilan aloqador bo‘lgan singlisi Kristi Dembrovskini ishga solgan. Uning ushbu mazmundagi yozishmasi The Sun bilan sud jarayonida e’lon qilingan. Sudda taqdim qilingan boshqa bir yozishmada Depp sobiq rafiqasini qog‘ozga o‘rab aytganda “50 chaqalik striptizchi” deb atagan.

Foto: Getty Images

Studiyalar tomonidan rad etilishi

“Karib dengizi qaroqchilari: o‘liklar ertak aytmaydi” filmining suratga olish jarayonida 8 dona tabletka qabul qilgan aktyor barmog‘ini kesib olgan va Avstraliyadan Los-Anjelesga qaytib ketishiga to‘g‘ri kelgan. Buning oqibatida suratga olish jarayoni 2 haftaga to‘xtatilgan va har bir behuda sarflangan kun Disney’ga 350 ming dollarga tushgan.

Suratga olish maydonchasida aktyor bilan bog‘liq muammolar ham kuzatilgan. U prodyuser assistentiga ssenariyni aytib turganiga e’tiroz bildirgan. Shuningdek, boshqa ishchi xodimlardan 24 soat davomida o‘zi, bolalari va uyini qo‘riqlab turishni talab qilgan.

Ko‘pchilik u bilan ishlashdan bosh tortgan vaqtda “Karib dengizi qaroqchilari prodyuseri Jerri Brukmayxer aktyorni qo‘llab-quvvatlagan. U Disney kompaniyasidagilarni Deppni “Karib dengizi qaroqchilari” franshizasining spin-offiga olishga ko‘ndirishga uringan. Ammo kompaniya bundan bosh tortgan.

Foto: Grand Photo

Deppga “Jodu saltanati”ning 3-qismidagi kichik ishtiroki uchun 16 million dollar to‘langan. Aktyor The Sun bilan sudda yutqazganidan keyin ushbu filmdan haydalgan. Ammo u bilan tuzilgan shartnomada hech qanday axloq bilan bog‘liq band bo‘lmagani sabab Warner Bros studiyasi Deppga umumiy suratga olish ishlari uchun berilishi kerak bo‘lgan gonorarni to‘liq to‘lashga majbur bo‘lgan.

Foto: Vulture

U oxirgi marta suratga tushgan fotosuratchi haqidagi “Buyuk” filmidagi ishtiroki uchun esa 3 million dollar olgan. Aslida bundan ikki karra ko‘proq to‘lanishi kerak bo‘lgan mablag‘ning kamaytirilishiga 2018-yilda ekran yuzini ko‘rgan “Yolg‘onlar shahri” filmining suratga olish jamoasi a’zosining Deppni qo‘l ko‘tarishda ayblab sudga bergani sabab bo‘lgan.

Bu kabi voqealar esa yirik kompaniyalarning yulduz bilan ishlashdan bosh tortishiga sabab bo‘lgan. Shunga qaramasdan aktyorning moliyaviy ahvoliga u qadar zarar yetmagan. U Bagama orollaridagi uch oroldan tortib boshqa katta mulklarga egalik qiladi.

‘Foto: Getty Images

Da’volardan birining ko‘rib chiqish jarayonida Jonnining 14 ta ko‘chmas mulk obyekti xarid qilgani, do‘sti, jurnalist Xanter Tompsonning xokini maxsus zambarakdan havoga sochish uchun 5 million dollar sarflagani ma’lum bo‘lgan.

Shunga qaramay, muxlislari hali ham unga sodiq. Gollivudning antikrizis piar bo‘yicha mutaxassisi Erik Shifferning ta’kidlashicha, Jonnining muxlislari serg‘ayratligi va sadoqati bilan Trampning muxlislariga o‘xshaydi. Time’s Up Legal Defense fondi asoschisi Robert Kaplan esa aktyorning ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan hujumga uchrashiga hammadan ham ko‘p Xerdga nisbatan da’vo ochgani sabab bo‘lgan deb hisoblaydi.

Foto: Getty Images

Amerikaning Marketing Evaluations agentligi tomonidan tuzilgan mashhur shaxslar reytingida 2012-yilda ikkinchi bo‘lgan aktyor 2020-yilda 20-o‘ringa loyiq deb topilgan.

От qwert.uz