AQSh federal savdo komissiyasi (hukumatning mustaqil agentligi) Facebook’ni monopoliyaga qarshi qonunchilikni buzganlikda aybladi hamda kompaniyaga Instagram va WhatsApp’ni sotish majburiyatini yuklash talabi bilan sudga murojaat qildi, deb yozadi Meduza. 46 ta shtat, Kolumbiya okrugi va Guam hududi prokurorlari qo‘llab-quvvatlagan tekshiruv shu jumladan, Mark Sukerberg va Facebook’ning boshqa top-menejerlari ichki yozishmalariga ham asoslangan  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.     Ushbu xatlarda kompaniya rahbariyati Instagram va WhatsApp’ning ommabopligini to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘z kompaniyalari uchun xavf deb atagan, ularni sotib olish esa ushbu xavfni bartaraf etish yo‘li ekanligini aytgan.

Foto: LETA

FTC nima deyapti?

FTC o‘z da’vosi anonsida yozishicha, Facebook kompaniyasi ko‘p yillar davomida raqobatni cheklab qo‘yadigan siyosat olib borish orqali “ijtimoiy tarmoqlar bozorida monopoliyani qo‘llab-quvvatlagan”.

Facebook strategiyasidagi, FTC’ning fikrini tasdiqlovchi misollar: kompaniyaning 2012 va 2014-yillarda Instagram va WhatsApp’ni sotib olishi, shuningdek, boshqa ishlab chiquvchilar platformadan va API (dasturiy interfeys)dan foydalanishni cheklashi (bu ham kompaniyaning monopol holatiga nisbatan ehtimoliy xavflarni bartaraf qilishga qaratilgan).

FTC’ning Kolumbiya okrugi sudiga yo‘naltirilgan 58 sahifali murojaatnomasida Mark Sukerberg va Facebook’ning boshqa xodimlari turli yillarda olib borgan ichki yozishmalariga asoslangan o‘nlab dalillar keltirilgan. Masalan, 2008-yilda Facebook asoschisi “raqobatlashgandan ko‘ra, sotib olgan yaxshiroq” ekanligini yozgan va komissiya fikricha, kompaniya undan keyingi yillarda shu strategiyaga amal qilgan.

Chunonchi, 2012-yil fevralida Sukerberg agar Instagram mustaqil kompaniya bo‘lib qolsa, yoki uni Google yo Apple sotib olsa, bu servis mobil qurilmalardagi rivojlanish bo‘yicha “Facebook’ni ancha orqada qoldirishi” mumkin deb hisoblagan.  Instagram uchun “ko‘p pul to‘lash haqida o‘ylab ko‘rish kerak, shekilli”, deb yozgan edi Sukerberg o‘shanda.

Facebook moliya direktori Devid Ebersmanga yo‘llangan boshqa xatida Sukerberg Instagram, Path, Foursquare yoki boshqa shunga o‘xshash ijtimoiy servislarni sotib olish orqali, agar bozorda bularga o‘xshash mexanikalarga asoslangan boshqa servislar paydo bo‘lgan taqdirda, kompaniya vaqtdan yutish imkoniyatiga ega bo‘lishini tushuntirgan: “Agar biz Facebook’ka ularning ijtimoiy mexanikalarini qo‘shsak, bunday yangi mahsulotlar ommabop bo‘lmaydi, chunki bizda ularning mexanikalari allaqachon ishlayotgan bo‘ladi”. The Verge qayd etishicha, bir soatdan keyin Sukerberg yana bitta xat yuborgan: “Men ularning biz bilan raqobatlashishiga xalal berish uchun ularni sotib olishimiz kerak, demoqchi emasdim”. Monopoliyaga qarshi kurash idorasi fikricha, bu xatni noraqobat xatti-harakatda o‘z aybini tan olish deb hisoblash mumkin.

Facebook Instagram’ni bir million dollarga sotib olgani haqida 2012-yil 9-aprelda e’lon qilgan edi. O‘sha kuniyoq Sukerberg hamkasblaridan biriga shunday deb yozgan: “Men sizning bizga xavf solayotgan Google+ emas, Instagram ekanligi haqidagi (yopiq guruhdagi) postingizni eslayman. Siz haq edingiz. Lekin startaplarning bitta o‘ziga xos jihati bo‘ladi: ko‘pincha ularni sotib olish mumkin”.

Instagram tomonidan bo‘ladigan xavfni neytrallashtirib, deyiladi FTC da’vosida, Facebook navbatdagi muammoga e’tibor qaratdi — u shundan iborat ediki, messenjer sifatida ishlaydigan dastur yo tegishli funksiyalarni qo‘shish orqali, yo alohida dasturni ishga tushirish orqali ijtimoiy tarmoqlar bozoriga chiqishi mumkin. Muammo manbasi WhatsApp bo‘lib, u boshqa messenjerlar kabi faqat Osiyoda emas, butun dunyoda ommabop edi va Apple’ning iMessages’i kabi bitta platformaga bog‘liq emasdi.

Messenjerlar tomonidan kelayotgan xavf to‘g‘risida Facebook rahbariyatida 2012-yil boshida gap ochildi, oktabrda esa top-menejerlardan biri “bu, ehtimol, bizning kompaniya duch kelgan eng katta xavf” deb yozdi. 2014-yilda WhatsApp 19 milliard dollarga sotib olindi. Shu tariqa, deb hisoblaydi monopoliyaga qarshi idora, Facebook WhatsApp’ning ijtimoiy tarmoqqa aylanish xavfini neytrallashtirish bilan birga, boshqa messenjerlarning tegishli hajmgacha o‘sish imkoniyatini ham qiyinlashtirdi.

FTC’ning Facebook’ka nisbatan noroziligi nafaqat korporatsiyaning xaridlariga, balki raqobatga xalal beruvchi sharoitlarni yaratishiga ham taalluqli. Masalan, Facebook API (dasturiy interfeys)i orqali ma’lumot uzatish yoki qabul qilishni istagan servislar ijtimoiy tarmoqning asosiy mexanikalaridan foydalanmasligi shart — boshqacha aytganda, ular raqobatchi ijtimoiy tarmoqlar bo‘la olmaydi. Platforma siyosati boshqa ijtimoiy tarmoqlarning Facebook’dan foydalanuvchilarning ma’lumotlarini eksport qilishini to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiqlab qo‘ygandi.

Da’voda Onavo kompaniyasining sotib olinishi voqeasi ham keltiriladi, u foydalanuvchilarga bepul VPN taklif qilardi, lekin evaziga ular qanday dasturlardan foydalanishi haqida ko‘plab ma’lumotlarni yig‘ib olardi. “Onavo’ni sotib olish orqali, biz eng ommabop dasturlar haqidagi ma’lumotni qo‘lga kiritdik. Biz strategik o‘zlashtirishlarni amalga oshirishda bu ma’lumotlardan foydalanishimiz kerak”, — deyiladi 2013-yil dekabridagi Facebook ichki xabarida. 2019-yilda korporatsiya maxfiylikni buzish borasidagi ayblovlardan keyin Onavo’ni yopdi.

FTC nimani xohlayapti?

Birinchidan, savdo komissiyasi suddan Instagram va WhatsApp’ni alohida kompaniyalarga bo‘lib yuborishni so‘ramoqda, toki “shikoyatda ta’riflangan xatti-harakatlar bo‘lmaganida, hamon mavjud bo‘ladigan raqobat qayta tiklansin”.

Ikkinchidan Facebook’ka bo‘lg‘usi o‘zlashtirishlarning barchasini hukumat bilan muvofiqlashtirish majburiyatini yuklamoqchi (CNN qayd etishicha, faqat qiymati 10 million dollardan oshadigan oldi-sotdilarni muvofiqlashtirish kerak bo‘ladi).

Uchinchidan, Facebook zimmasiga API va ma’lumotlarga nisbatan cheklovlar va boshqa xatti-harakatlar bilan raqobatga xalal bermaslik majburiyatini yuklamoqchi.

Facebook nima deyapti?

FTC’ning da’vosiga javoban korporatsiya vitse-prezidenti Jennifer Nyusted korporativ blogda post e’lon qildi, u shunday boshlanadi: “Har kuni milliardlab odamlar Facebook mahsulotlaridan foydalanadi. Ularning vaqti va e’tiborini jalb qilish uchun, biz butun dunyo bo‘ylab ko‘plab servislar bilan raqobatlashamiz”.

Nyusted e’tibor qaratgan narsa shuki, FTC’ning o‘zi Instagram’ni sotib olish bo‘yicha bitimni bir ovozdan ma’qullagan, Yevrokomissiya esa WhatsApp’ni sotib olishda hech qanday qonun buzilishlarini aniqlamagan. “Regulyatorlar bu oldi-sotdilarga ruxsat berib to‘g‘ri ish qildi, chunki ular raqobatga xavf solmasdi”, — deya ta’kidladi Nyusted.

“Endi, ko‘p yillar o‘tganidan keyin, idora xato qilganini va barchasini boshidan boshlamoqchi ekanligini aytmoqda, — deyiladi uning bayonotida. — Facebook Instagram va WhatsApp’ni bugungi — barcha foydalanuvchilar uchun sevimli dasturlar holiga keltirish uchun milliardlab dollar puli va millionlab soat vaqtini sarflayotganida FTC va AQSh hukumati bir chetda turgan edi”.

Shuningdek, Nyustedning fikricha, FTC’ning da’vosi umuman bozor uchun riskka ega: uning yozishicha, endi “hech bir oldi-sotdi uzil-kesil bo‘lmaydi” va da’vo “kompaniyalar qo‘shilishining AQSh hukumati tomonidan ma’qullanish jarayonini shubha ostiga qo‘yadi”. Shu bilan birga, FTC sobiq raisi Uilyam Kovavich CNN’ga ma’lum qilishicha, amaldagi hech bir qonun idora tomonidan oldindan ma’qullangan oldi-sotdini qayta ko‘rib chiqishni taqiqlamaydi.

Korporatsiya sudda o‘z pozitsiyasida qat’iy turmoqchi hamda Instagram va WhatsApp ustidan nazoratni saqlab qolishga erishmoqchi.

Instagram va WhatsApp’da nima deyishgan (yoki nima deb o‘ylashgan)?

The Verge qayd etishicha, Instagram va WhatsApp asoschilari ular Facebook’ka qo‘shilganidan keyin o‘z kompaniyalarini tark etgan. O‘z salbiy fikrini ulardan bittasigina — WhatsApp’dan Brayan Ekton ochiqcha aytib o‘tdi — 2018-yil bahorida u hatto #deletefacebook aksiyasida ham qatnashdi. O‘shanda foydalanuvchilar ma’lumotlarning Cambridge Analytica kompaniyasiga sizib chiqishi sababli, ijtimoiy tarmoqdagi akkauntlarini o‘chirishga chaqirishgan edi.

WhatsApp asoschilaridan yana biri Yan Kum ham kompaniyadan ketdi — OAVlar yozishicha, u Facebook foydalanuvchilar ma’lumotlari bilan qanday ish tutayotganidan norozi bo‘lgan. Instagram asoschilari Kevin Sistrom va Mayk Kriger ham, taxminlarga ko‘ra, Facebook rahbariyati bilan ziddiyat tufayli ketgan.

От qwert.uz