O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasida sement va shakar narxlari ko‘tarildi

O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasida 7–13-dekabr kunlari barcha savdo platformalarida 1,132 trillion so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 9,1 foizga ko‘proq hisoblanadi. Mazkur davrda ochiq birja savdolari orqali jami 962,5 milliard so‘mlik tovar resurslari sotildi. Bu haqda birja matbuot xizmati xabar berdi.

O‘tgan haftada birja savdolariga 6 197 tonna paxta yog‘i qo‘yildi va undan 3 302 tonnasi, ya’ni 53,3 foizi sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 89 nafar xaridor ishtirok etdi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Ko‘rib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta yog‘ining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 13 502 700 so‘mdan 12 728 600 so‘mgacha, ya’ni 5,7 foizga pasaydi. Hafta yakunlariga ko‘ra 1-navli paxta yog‘ining haftalik kotirovkasi mahsulotning bir tonnasi uchun 13 224 900 so‘mni tashkil etdi.

Birjaning shakar bozorida ayrim o‘zgarishlar qayd etildi. Hafta davomida birja savdolariga 3 382 tonna shakar qo‘yildi va ulardan 3 265 tonnasi, ya’ni 96,5 foizi sotildi.

Shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha o‘rtacha boshlang‘ich narxlar avvalgi haftaga nisbatan mahsulotning bir tonnasi uchun 6 780 000 ming so‘mgacha yoki 4,5 foizga sotuvchi korxonalar tomonidan ko‘tarildi. Shu munosabat bilan, shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 6 782 200 so‘mdan 6 803 500 so‘mgacha, ya’ni 0,3 foizga ko‘tarilgan. O‘tkazilgan birja savdolari natijasida mahalliy shakarning 3-kategoriyasi bo‘yicha shakllangan o‘rtacha haftalik narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 6 791 600 so‘mni tashkil etdi.

O‘tgan hafta mobaynida birja savdolariga 101 127 tonna sement qo‘yildi va shundan 89 999 tonnasi, ya’ni 89 foizi sotildi. Shu bilan birga, birja savdolariga qo‘yilayotgan sement hajmining pasayganligi sababli, uning o‘rtacha kunlik sotuv hajmlari ham avvalgi haftaga nisbatan kamayib, o‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 22,5 ming tonnani tashkil qildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda sementning barcha markalari bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha boshlang‘ich narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 461,4 ming so‘mdan 501 ming so‘mgacha yoki 8,6 foizga o‘sgan. Shu munosabat bilan sementning barcha markalari bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlari ham mahsulotning bir tonnasi uchun 538,6 ming so‘mdan 597,8 ming so‘mgacha yoki 11 foizga ko‘tarilgan.

Avvalroq O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasida 7–13-dekabr kunlari Ai-80 markali avtomobil benzinining o‘rtacha boshlang‘ich narxi 2,6 foizga ko‘tarilgani haqida xabar berilgandi.