AOKAda 15-dekabr kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi direktori o‘rinbosari A’zamjon Qurbonov ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Unda ma’lum qilinishicha, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga 2020-yilning o‘tgan davri mobaynida iste’molchilardan jami 17,5 mingdan ortiq ariza kelib tushgan bo‘lib, shundan 638 tasi aloqa sohasidagi muammolar bilan bog‘liq murojaatlardan iborat  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Qayd etilishicha, 2020-yilning o‘tgan davrida agentlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida aloqa sohasida iste’molchilardan 22,5 milliard so‘mdan ziyod ortiqcha mablag‘ olinganligi aniqlangan va ularni iste’molchilarga qaytarish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Masalan, Beeline kompaniyasi tomonidan o‘tgan yilning iyun oyida 3 million 200 mingdan ortiq abonent “Xabardor bo‘l” xizmatiga bepul ulangan, biroq ushbu xizmatdan bir oy bepul foydalangan 1 million 300 ming abonentdan keyingi oydan boshlab kuniga 240 so‘mdan pul ushlab qolingan va bu haqda xizmatning pullik ekanligi to‘g‘risida barcha abonentlar xabardor etilmagan. Natijada iste’molchilardan 20 milliard so‘mga yaqin ortiqcha haq olingan. Bugungi kunda ushbu mablag‘ abonentlarga bosqichma-bosqich qaytarilmoqda.

Kontent provayderlar tomonidan mobil aloqa kompaniyalari ko‘magi bilan iste’molchilar o‘rtasida turli viktorina va boshqa pullik xizmatlarni ko‘rsatishda ham iste’molchilar huquqi buzilishi holatlari mavjud.

Xususan, “Via Mobi” kontent provayderi tomonidan “G‘olib bo‘l va yutib ol!” aksiyasi doirasida Beeline abonentlariga “Siz 100 million so‘m g‘olibi sifatida tanlab olindingiz” mazmunida SMS xabar yuborilishi natijasida 3 600 iste’molchi 17,1 million so‘m miqdorida ortiqcha xarajatni amalga oshirgan.

First IT Group kontent provayderi tomonidan “Al-chiroq” aksiyasiga ulangan Ucell abonentlariga haqiqatda pullik xizmatlar ko‘rsatilmasa-da, haq undirilgan va bu haqda iste’molchilar xabardor qilinmagan. Natijada 337 900 abonentdan 97,4 million so‘m ortiqcha mablag‘ olingan.

Avvalroq O‘zbekistonda mobil aloqa abonentlari soni 25 millionga yaqinlashgani haqida xabar berilgandi.

От qwert.uz