Haftalik dayjest: Turkiya va o‘zbek jurnalistlari, endi kunduzi chiroq yoqmaymiz, tadbirga taqiq, Tashkent City narxi – 10 ming

“Daryo” saytida haftaning eng muhim va muhokamali xabarlari sharhini boshlaymiz.

Yangi yil bayram tadbirlarini o‘tkazmoqchi bo‘lganlar rejani roppa-rosa bir yilga orqaga surishi mumkin. Budjet tashkilotlariga Yangi yil munosabati bilan korporativ bayramlar o‘tkazish taqiqlandi. Vazirlik, idora, davlat ulushi bo‘lgan korxonalar va boshqa tashkilotlarga korporativ bayram tadbirlaridan tejab qolingan mablag‘ni ta’lim, sog‘liqni saqlash, mehribonlik uylari va boshqa ijtimoiy sohalarga yo‘naltirish tavsiya qilinadi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Shuningdek, o‘quvchi va talabalar ishtirokida Yangi yilga bag‘ishlangan bayram tadbirlarini o‘tkazish ham taqiqlandi. “Prezident archasi” bayram tadbirlari faqatgina mehribonlik uylari va bolalar shaharchalari tarbiyalanuvchilari uchun o‘tkaziladi. Fuqarolarga yangi 2021-yil bayrami tadbirlarini oila davrasida o‘tkazish tavsiya etiladi.

Bir so‘z bilan aytganda – uyda qoling!

* * *

Uzoq cho‘zilgan ish bu hafta ham davom etdi. 18-dekabr kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining  UzAuto Motors ishi bo‘yicha bergan apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqildi. Apellyatsiya sudlov hay’ati taraflarning tushuntirishlari va prokurorning fikrini eshitib, ishni ko‘rish natijasi bo‘yicha qaror qabul qildi. Qarorga ko‘ra, birinchi instansiya sudining 2020-yil 30-oktabrdagi hal qiluv qarori va xususiy ajrimi o‘zgarishsiz, keltirilgan apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirildi.

Sud ishining uzundan uzoq tafsilotini berib o‘quvchini zo‘riqtirmoqchi yoki zeriktirmoqchi emasmiz. Taraflarning pozitsiyasi va maqomi aniq bo‘lgan. Faqat bu haqda deputat Rasul Kusherbayevning holat yuzasidan sharhini havola qilamiz.

Antimonopoliya va “O‘zavtomotors” sudi bugun tugadi, menimcha. Muammo esa qoldi.

Biroq bu muammoning tugashimi yo boshlanishi, bu yog‘ini vaqt ko‘rsatadi. Endi ochiq aytaman: nima bo‘lgandayam men bu ishlardan rozi emasman va buni hech qachon unutmayman!

Kimsan o‘zing, deguvchilarga esa aytmoqchi bo‘lganim: biz hech bo‘lmasa o‘rmonga o‘t ketganda uni o‘chirmoqchi bo‘lib, bir tomchi suv olib ketayotgan va shu harakati bilan o‘zining qaysi tomonda ekanligini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan kamida bir chumolimiz.

Biz xalq ko‘zini shamg‘alat qilib, yashirin imtiyoz va yolg‘onlar bilan yallo qilib yashamoqchi bo‘lgan barcha monopolistlarga doim qarshimiz. Va biz monopoliyachilik, yolg‘onchilik ishlarida vatanparvarlikni, g‘ururni ko‘rmaymiz.

Vatanparvarlik avvalo mardlik va rostlikdir. Rostakam vatanparvarlik va g‘urur o‘lmasin, ishqilib!

* * *

Ba’zida bir zumda yangi qoida paydo bo‘lib, bir zumda bekor bo‘ladi. O‘tgan yili aprelda kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalarining yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi kerakligi belgilangan, ammo jamoatchilik noroziligi hisobga olinib, majburiy qoidaning amal qilishi 2021-yil 1-yanvargacha kechiktirilgan edi. Shunday qilib, kelasi oydan avtomobilning kunduzi chiroqlarini yoqib yurishi yana majburiy bo‘lishi eslatildi.

Foto: “Zamin.uz”

Ammo bir guruh deputat bu tartibni bekor qilishni so‘rab Vazirlar Mahkamasi va IIVga so‘rov kiritdi.  Oradan ikki kun o‘tib, O‘zbekistonda kunduzi avtomobil faralarni yoqib yurish talabi bekor qilindiAmmo avtokolonna va boshqa ayrim holatlar uchun kunduzi chiroqni yoqib yurish talabi saqlanib qoldi.

* * *

Turkiyada o‘zbek jurnalistlari bilan muammolar kuzatilmoqda. Shu hafta Ziyouz portali asoschisi Davronbek Tojialiyev Istanbulga kiritilmay, O‘zbekistonga deportatsiya qilindiTurkiya Ichki ishlar vazirligi migratsiya bo‘limi xodimlari kirish taqiqi uchun biror sababni bilmasligini, taqiq hukumat tarafidan qo‘yilganini bildirgan. Davronbek Tojialiyev avval ham Turkiyaga besh marta borgan va hech qanday muammo bo‘lmagan.

19-dekabr kuni esa taniqli jurnalist va suxandon Abdukarim Mirzayev Turkiyada qamoqqa olingani xabari tarqaldi. U aslida bir hafta oldin hibsga olingan ekan.

Abdukarim Mirzayev va Davronbek Tojialiyev.

Kollaj: “Daryo”

Abdukarim Mirzayev Turkiyaning Kastamonu universiteti Kommunikatsiyalar fakulteti jurnalistika bo‘limi magistranti  edi. Advokatning aytishicha, jurnalist shubhali shaxslar bilan muloqotda bo‘lgani uchun qo‘lga olingan. Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda unga nisbatan biror jinoiy ish ochilmagan va u qidiruvda emas, binobarin, O‘zbekiston tomoni Mirzayevning hibsga olinishiga aloqador emas.

Abdukarim Mirzayev Turkiyadan deportatsiya qilinishi mumkin.

* * *

Haftaning eng shov-shuvli voqeasi, shubhasiz, Tashkent City’ga kirish pulli bo‘lganidir. 17-dekabrdan boshlab Tashkent City bog‘iga bayram arafasi va Yangi yil kunlarida kirish pullik etib belgilandi. Kattalar uchun kirish 10 ming so‘m, yosh va nogironlik uchun chegirmalar mavjud. Bu darhol internet foydalanuvchilari e’tiboriga tushdi, yuqoridagi xabar ostida ham norozi ohangda o‘nlab izoh qoldirilgani buni tasdiqlaydi.

Xo‘sh, bunga Toshkent shahar hokimi nima deydi? Jahongir Ortiqxo‘jayev parklarni saqlab turish uchun boshqa chora yo‘qligini, bunga budjetdan pul ajratilmasligini, shu bois Tashkent City o‘zini o‘zi boqishi adolatli bo‘lishini aytdi. Tashkent City xalqaro ishbilarmonlik direksiyasi rahbari Bahrom Rizayev esa “Pullik rejimni bir oyga rejalashtirganmiz” dedi.

Foto: “UPL.uz”

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rahbari Aziz Abduhakimovdan bunga munosabat so‘ralganida “Tashkent City direksiyasi – tijoriy tashkilot. Nima uchun pullik etib belgilanganligi to‘g‘risida uning egalaridan ham so‘rab ko‘rish kerak. Bu holatni hali o‘rganmasdan turib, xulosa berish qiyin… Boshqa bog‘larga borsangiz ham, ayniqsa, xususiy bog‘larning barchasi kirishni pullik qilib qo‘ygan”, dedi.

Shariatga mos kelmagani bois yaqinda san’atni tark etgan sobiq qo‘shiqchi Jahongir Otajonov Toshkent shahar hokimiga videomurojaat qilib, “…aziz xalqim, deb Tashkent City’ga taklif qilyapsiz, u yerga kirishni 10 ming so‘m qilib qo‘yibsizlar. Endi bu uyat, to‘g‘risi, uyat. O‘sha yerda ham 10 ming olinglar endi”, dedi.

Hozircha to‘plagan yangiliklarimiz shular. Tashkent City’ga bormoqchi bo‘lsangiz, yoningizda 10 ming so‘m olishni unutmang. Karantin qoidalariga rioya qiling.