May oyi tarixi siyosiy voqealarga boy. Shulardan biri Sovuq urush bilan bog‘liq.

1960-yilning 1-may kuni Sverdlovsk osmonida Sovet raketasi Amerika razvedka samolyotini urib tushirdi. Uchuvchi tirik qoldi va u AQSh razvedkasi xodimi ekanini tan oldi. “Daryo” Sovuq urushning eng mashhur josuslik epizodlaridan biri boshlangan davr haqida ma’lumot beradi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Pokistondan Orol dengizi bo‘ylab

Markaziy razvedka boshqarmasining xodimi va koreys urushi faxriysi bo‘lgan o‘ttiz yoshli Frensis Pauers Pokistonning Peshovar shahridagi Amerika aviabazasidan SSSR tomon uchib ketmoqda. U eng so‘nggi Lockheed U-2 samolyotidan foydalangan holda Sovet armiyasining faoliyati to‘g‘risida ma’lumot to‘playdigan Amerika razvedka dasturining a’zolaridan biri edi. 1-may kuni Pauers odatdagidek SSSR hududi bo‘ylab uchib, harbiy obyektlarni 21 km balandlikdan suratga olishi kerak edi.

Foto: Google Photos

Uning yo‘li sovet—afg‘on chegarasi bo‘ylab Orol dengizi, Chelyabinsk, Kirov, Plesetsk, Murmansk shaharlari orqali davom etib, marshrut so‘ngida samolyot Norvegiyaga qo‘nishi rejalashtirilgandi. Bu vaqtga kelib, uchuvchi bunday parvozlarni juda ko‘p amalga oshirgandi. Oradan, taxminan, to‘rt soatlar o‘tib uning missiyasi to‘xtatildi. Samolyot katta balandlikda bo‘lishiga qaramay, uni Sovet havo mudofaa tizimi payqab qoldi va urib tushirish uchun raketalarni yo‘naltirdi. Ko‘p o‘tmay halokatga uchragan samolyot o‘z bazasi bilan aloqasini yo‘qotib, yerga sho‘ng‘idi.

“Men yuqoriga qaradim va atrofimda to‘q sariq nurni ko‘rdim. Avvaliga bu fonarning aksimi yoki butun osmon shundaymi, bilolmadim. O‘zimga o‘zim yo Xudoyim, men tamom bo‘ldim, deganimni eslayman”, — deb aytgan edi Pauers keyinroq.

Rad etish, ko‘nikish, tan olish

Avvaliga AQSh razvedkasi ushbu voqea haqida hech qanday izoh bermadi. Ammo halokatdan bir necha kun o‘tgach AQShning kosmik agentligi bo‘lmish NASA “Turkiyadan parvoz qilgan samolyot avval texnik muammolar tufayli adashib, so‘ngra halokatga uchragani” haqida matbuot xabarini tarqatdi. Hatto ommaviy axborot vositalarida halokatga uchragan samolyot tasvirlangan fotosurat e’lon qilindi. Agentlikning so‘zlarini Amerika prezidenti Duayt Eyzenxauer ham takrorladi.

Ammo haqiqiy halokat va NASA bayonotidan bir hafta o‘tgach, Sovet hukumati holat Markaziy razvedka boshqarmasi protokollarida ko‘rsatilganidek emasligini bayon qildi. Aslida, uchuvchi nafaqat o‘lmagandi, balki maxfiy harbiy obyektlarning fotosuratlarini ham yo‘q qilishga ulgurmagan edi. Josus uchuvchini so‘roq qilish jarayonlaridan olingan lavhalar, uning buyumlari, harbiy obyektlar ko‘rsatilgan xaritalari va U-2 samolyotining parchalari Sovet televideniyesida juda ko‘p namoyish etildi. Shundan so‘ng AQSh Pauersni razvedka xodimi deb tan olishga majbur bo‘ldi.

Foto: Wikipedia

Josuslar o‘yini

Pauers qo‘lga olinishiga qadar Amerika razvedkasi Sovet Ittifoqi hududi bo‘ylab bir necha yil davomida muntazam ravishda uchib yurgan va o‘zi muhim harbiy inshootlar deb hisoblagan obyektlarni suratga olgan.

1950-yillarga kelib Sovuq urushning har ikki tomonida ham paranoyyalar o‘sib bordi. O‘n yillikning o‘rtalarida esa Qo‘shma Shtatlarda yashovchi kommunistik kayfiyatdagilarga, Amerika rahbariyatini tanqid qilganlar va sotsialistik g‘oyalarni ma’qullaganlarga qarshi keng ko‘lamli siyosiy qatag‘onlar olib borildi. Ochiq televizion eshituvlarda madaniyat va siyosiy arboblar sud qilindi va “kommunistik” faoliyati uchun kasbiy faoliyatdan chetlashtirildi.

Josuslik mojarolari esa ushbu paranoyyaning yanada ko‘payishiga yordam berdi. 1957-yilda AQSh asosiy sovet josuslaridan biri — Rudolf Abelni fosh etdi. Uni Amerika rasmiylariga o‘zining sobiq hamkori tutib bergan. Abel bir necha yillar davomida agentlar tarmog‘i orqali Amerikaning yadro sanoati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plagan. U josuslikda ayblanib, 32 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Shu bilan birga, AQSh harbiylari va razvedkachilari Sovet Ittifoqi hududida josuslik qilishning yangi usullarini ishlab chiqdi. Sovet havo mudofaasi tizimlari va tutqichlarining takomillashtirilgani sababli endi Amerika samolyotlari SSSR chegaralariga bemalol yaqinlasha olmas edi. Keyinroq esa zamonaviy radar tizimlari kuzata olmaydigan balandlikda, ya’ni 19 kilometrdan baland uchadigan samolyotlar ishlab chiqarish taklif qilindi. Shunday qilib, U-2 samolyotlarini faol rivojlantirish dasturi boshlandi. 1955-yilga kelib amerikaliklar birinchi muvaffaqiyatli sinovlarini o‘tkazdi va 1956-yildan Sovet bloki uzra parvozlar dasturini yo‘lga qo‘ydi.

KGB yerto‘lasida 

Markaziy razvedka boshqarmasining hozirda omma uchun ochilgan maxfiy hujjatlariga ko‘ra, agar samolyot bilan biror-bir hodisa yuz bersa yoki uni sezib qolishadigan bo‘lsa, u holda samolyotning yuqori balandlikdagi ob-havoni kuzatish uchun ishlatilganini bahona qilmoqchi bo‘lishgan. Yuqorida aytib o‘tganimiz va OAV larda “suratlari paydo bo‘lgan samolyot” aynan o‘sha reja asosida amalga oshirilgan manyovr edi. Ammo Pauersning yonidan topilgan hujjatlar AQShni noqulay ahvolga solib qo‘ydi.

Foto: Wikipedia

Parijda 1960-yilning may oyi o‘rtalarida SSSR, AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya rahbarlarining sammiti bo‘lib o‘tishi kerak edi. Uchrashuv g‘arbiy va sharqiy bloklar o‘rtasidagi keskinlikni kamaytirishga yordam berishi kutilayotgandi. Ammo Pauers voqeasi sababli ushbu tadbirning kun tartibi tubdan o‘zgarib ketdi.

Sovet Ittifoqi yetakchisi Nikita Xrushyov AQSh prezidenti Duayt Eyzenxauerdan uzr so‘rashni va SSSR bo‘ylab josuslik parvozlarini to‘xtatishni talab qildi.

Aks holda, AQSh prezidentiga yuborilgan Sovet Ittifoqiga tashrif buyurish taklifini qaytarib olishga va’da berdi. Eyzenxauer hech qachon Sovet Ittifoqqa tashrif buyurmagan. Frensis Pauers sud jarayonini kutayotgan paytida Lubyankadagi KGBning ichki qamoqxonasida edi. Uchuvchi keyinroq eslashicha, uni kaltaklashmagan, ammo doimiy ravishda psixologik qiynoqlarga solishgan. Pauersning so‘zlariga ko‘ra, uni deyarli 30 kun davomida so‘roq qilishgan, so‘roq paytida uning ko‘zlariga yorqin nurli projektor yoqib qo‘yilgan.

Sud

Pauers ustidan sud jarayoni u qo‘lga olingandan bir necha oy o‘tib — 1960-yilning avgustida boshlandi. Sovet hukumati jarayonni ochiq o‘tkazishga qaror qildi hamda Pauersning onasi va rafiqasiga Moskvaga uchib kelishga ruxsat berdi. Ayblovchi tomon sifatida shaxsan SSSR bosh prokurori Roman Rudenko taklif qilingan. “Amerikalik josus uchuvchi ustidan o‘tkazilayotgan ushbu sud jarayoni, nafaqat shaxsan Pauers tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning fosh qilinishini, balki xalqlarning tinchligi va xavfsizligiga qarshi dahshatli jinoyatlarning haqiqiy ilhomlantiruvchilari va tashkilotchilari bo‘lgan AQSh hukmron doiralarining jinoiy tajovuzkor harakatlarini ham ochib beradi”, degan edi Rudenko sud jarayonida.

Foto: Wikipedia

Hukm va barter

Pauers josuslikda ayblanib, 10 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Hukmga ko‘ra, u dastlabki uch yilni Vladimir shahrida o‘ta xavfli jinoyatchilar saqlanuvchi sobiq “Vladimirskiy Sentral” qamoqxonasida o‘tkazishi kerak edi. Ammo uchuvchi qamoqda to‘liq muddat o‘tamadi. Chunki bir necha oylar davom etgan muzokaralardan so‘ng 1962-yilning fevral oyida Frensis Pauers AQShda sudlangan sovet ayg‘oqchisi Rudolf Abelga almashib olindi. Ushbu jarayon gollivudning mashhur “Josuslar ko‘prigi” deb nomlangan filmida to‘liq o‘z aksini topgan.

Ammo Amerika Qo‘shma Shtatlarida jamoatchilik Pauersni yomon kutib oldi. Chunki AQShga kelgach uni hibsga olingani, samolyot aslida raketa hujumiga uchramagani, Pauersning o‘zi uni SSSR bilan oldindan til biriktirgan holda ixtiyoriy ravishda qo‘ndirgani haqida matbuotda xabarlar tarqab ulgurgan edi. Uchuvchi qaytib kelgach, Amerika maxfiy xizmatlari tomonidan so‘roqqa tutilib, unga qarshi ish qo‘zg‘algani rost. Ammo 1962-yil mart oyida barcha ayblovlar bekor qilinib, Pauers davlat mukofotlariga loyiq ko‘rildi.

Darvoqe ushbu voqea haqida 2015-yilda “Ayg‘oqchi ko‘prigi” nomli film suratga olindi. Ushbu film tarixiy reallikni haqqoniy ochib bergani bilan diqqatga sazovor.

Sobiq josusning sirli o‘limi

Frensis Pauers 48 yoshida 1977-yilning yozida Kaliforniyadagi keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlarini o‘chirish paytida halok bo‘ldi. Uning boshqaruvidagi vertolyotda yonilg‘i tugab, unga eng yaqin aerodromdan bir necha kilometr narida quladi. Uning o‘limi atrofida ham turli tuman konspirologik nazariyalar yuradi, haqiqatni esa oliy hakam bo‘lgan vaqt ko‘rsatadi…

Nurbek Alimov tayyorladi.

От qwert.uz