Vazn tashlash va chiroyli qomatga ega bo‘lish maqsadida ko‘pincha mazali yeguliklardan o‘zimizni tiyishimizga to‘g‘ri keladi. Ammo parhez hamisha ham sevimli desertlardan butkul voz kechish kerakligini bildirmaydi. Shunchaki foydali alternativni tanlashni bilish va uni uy sharoitida tayyorlash kerak xolos  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Harpers’ Bazaar

Suli yormasidan un qo‘shmay turib ham tayyorlasa bo‘ladigan pechenye

Suli yormasida qorinni uzoq vaqt to‘q tutadigan murakkab uglevodlar, B guruhi vitaminlari va mikroelementlar mo‘l bo‘lgani sabab ham undan tayyorlangan pechenye eng foydali va mazali desertlardan biri hisoblanadi. Ushbu pechenyeni tayyorlash uchun 4 dona banan, 2 stakan suli yormasi, yong‘oq, shuningdek, asal kerak bo‘ladi. Tayyorlash jarayonini bananni bo‘tqa holiga keltirishdan boshlang. Keyin qolgan mahsulotlarni qo‘shib aralashtiring va 180 daraja pechda pishirib oling.

Chia puding

Qomati go‘zal bo‘lishi hamda balansli ovqatlanishga rioya qilishni istovchilar uchun chia urug‘i eng yaxshi mahsulot hisoblanadi. Uning tarkibida ko‘p miqdorda organizm salomatligi uchun foydali bo‘lgan vitamin, mineral va mikroelementlar mavjud. Chia urug‘ini kokos suti bilan aralashtirib, tunda muzlatkichga qo‘yib qo‘ying. Tongda aralashmaga blenderda pyure holiga keltirilgan meva va rezavorlar qo‘shing.

Kokos va xurmodan tayyorlanadigan sharchalar

Ushbu shirinlikka shakar va hayvonlardan olinadigan mahsulotlar qo‘shilmagani sabab veganlar uchun ham ayni muddao, ammo kaloriya boy ekani sabab uni me’yorida iste’mol qilishga rioya qilish kerak. Tayyorlash uchun xurmoni danagidan tozalab, suvga bir necha soatga ivitib qo‘ying. Blenderga soling hamda kokos qirindisi, dolchin, chia urug‘i va apelsin sharbati soling. Barcha mahsulotlarni blenderda aralashtiring va sharcha holiga keltirib, muzlatkichga qo‘ying. Sharchalar ustidan eritilgan shokolad quyishingiz ham mumkin.

Chizkeyk

Chizkeyk tamoman parhezbop bo‘lmasa ham boshqa shirinliklar bilan solishtirilganda kaloriyasi kamligi bilan o‘ziga xos. Agar uy sharoitida kam shakar va mahsulotlarni nazorat qilib qo‘shilsa yanada foydali bo‘ladi. Yog‘siz pechenyeni maydalab unga sariyog‘ aralashtiring. Tvorogga qaymoq, shakar va vanilin qo‘shib krem holiga keltiring. Pechenye ustidan krem quying hamda mevalar qo‘shib bezang.

Krujka ichiga solib pishirsa bo‘ladigan keks

Ushbu shirinlik kam kaloriyaga ega ekanligi va tez tayyorlanishi bilan o‘ziga xos. Buning uchun 5 osh qoshiq suli yormasiga bir dona tuxum, bir qoshiq kakao kukuni hamda 50 ml sut qo‘shish kerak. Aralashmani krujkaga soling hamda 5 daqiqaga mikroto‘lqinli pechga qo‘ying. Qarabsizki, mazali desert tayyor.

От qwert.uz