Haftalik dayjest: Prezident damda, dron ovga chiqdi, qahraton qishning qiliqlari, “Yil odami” kim?

Yilning birinchi dayjestini tuzarkanmiz, xayoldan o‘tdi. Havoning sovushi sovuq xabarlar ko‘payishiga to‘g‘ri proporsional bo‘lar ekan. Aks holda “ob-havo sharoitining noqulay kelganligi sababli…” deb izohlanuvchi xabarlar qayoqda edi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-yanvardan qisqa mehnat ta’tiliga chiqdi. U ta’tilni O‘zbekistonda o‘tkazadi. Bu Shavkat Mirziyoyevning Prezident lavozimiga kirishganidan beri (salkam besh yilda) ikkinchi marta mehnat ta’tiliga chiqishidir. Bundan avval Prezident 2019-yil avgustida qisqa muddatli mehnat ta’tiliga chiqqan edi. O‘shanda bu uning so‘nggi 17 yillik faoliyatidagi birinchi mehnat ta’tili ekani aytilgandi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Aytish lozimki, mustaqil O‘zbekistonning birinchi prezidenti davrida davlat rahbari mehnat ta’tiliga chiqqani jamoatchilikka e’lon qilinmagan. Islom Karimov yilda ikki marta – yozda 15 kun va qishda yetti kun muntazam mehnat ta’tili olgan. Buni faqat Prezident devonidagilar bilishardi.

Foto: Facebook / Saida Mirziyoyeva

Darvoqe, prezident boshqaruviga oid yana bir yangilik. 1-yanvardan O‘zbekiston Prezidentining rasmiy sayti yangilandi. Sayt dizayni butunlay o‘zgardi va Prezident administratsiyasining Ijro etuvchi apparati rahbarlari, maslahatchilar, departament rahbarlari to‘g‘risidagi ma’lumot bilan to‘ldirildi. Ilgari bu ma’lumot ochiq manbada bo‘lmagan.

* * *

“Tanishbilishqurilish” MChJlar haqidagi yangiliklarimizni davom ettiramiz. Nishonda Navoiy viloyati.

2019-yilning 19-martidan Navoiy viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasiga, ya’ni viloyatdagi qurilishlar bo‘yicha asosiy davlat buyurtmachisiga Mansurov Bahodir Pulatovich rahbar etib tayinlandi. Ochiq ma’lumot asosida o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, Bahodir Mansurov oilasiga tegishli bo‘lgan “Mexrangez B-2002” MChJ bir necha milliard so‘mlik davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgan. Bular ichida maktabni rekonstruksiyalash va bog‘chani mukammal ta’mirlash kabi yirik ishlar bor.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Navoiy viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi Bahodir Mansurov rahbarlik qilgan davrda bosh muhandis bo‘lib ishlagan, 2020-yilning iyulidan kompaniya direktori vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Turdiyev Alisher Bahromovich oilasiga taalluqli kompaniya — “Bahrombek kelajagi” MChJ ham bir necha milliard so‘mlik davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritib kelgan. Kompaniya ulushi to‘lig‘icha Mavlonov Javlonbek Abduhamidovichga tegishli. “Davletovuz”ning ma’lum qilishicha, u Alisher Turdiyevning kuyovi — singlisining turmush o‘rtog‘i hisoblanadi.

“Bahrombek kelajagi” MChJ Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘i hisobidan moliyalashtirilgan Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi 24-maktabni rekonstruksiya qilish (160 o‘rinli o‘quv bloki qurish) obyekti bo‘yicha tenderda (2 milliard so‘mdan ortiq), Karmana tumani 20-sonli umumta’lim maktabini rekonstruksiya qilish (180 o‘rinli o‘quv bloki qurilishi) bo‘yicha tanlovda (1,8 milliard so‘mga yaqin), Zarafshon shahridagi “Kichik sanoat zonasi” hududida suv va kanalizatsiya ta’minoti uchun tashqi muhandislik tarmoqlarini qurish bo‘yicha tanlovda (108 million so‘m) g‘olib bo‘lgan. Bu kuyovni navoiychasiga siylash bo‘lsa ajab emas.

* * *

Yaqingacha uchirish taqiqlangan dronlar endi davlat xizmatida. 1-yanvardan boshlab Farg‘ona viloyatida yo‘l harakati qoidalariga va jamoat joylarida tibbiy niqob rejimiga rioya etilishi ustidan dronlar yordamida nazorat o‘rnatildi. Uchar apparatlar yo‘l chiziqlari va svetoforga rioya qilmagan, me’yoridan tez yurgan va piyodalarga yo‘l bermagan haydovchilarni hamda niqob taqmagan va jamoat tartibini buzgan fuqarolarni qayd qiladi.

Ammo kuzatuv kamerasi, fotoradar, dron kabi nazorat uskunalari ko‘paygani va takomillashgani sari huquqbuzarlar ham ustamon bo‘lib ketyapti. 7-yanvar kuni Jizzaxda davlat raqamiga “Gruz-200” deb yozib olgan Cobalt to‘xtatildi. Haydovchi posbonlarga inson jasadini olib ketayotganini tushuntirdi, biroq tekshirilganida salonda jasad yo‘qligi, haydovchi raqamini yashirish uchun qog‘oz yopishtirib olgani ma’lum bo‘ldi. Boshqa bir Epica esa davlat raqamiga loy chaplab, fotoradarga ko‘rinmaslikka uringan. Har ikkala haydovchi javobgarlikka tortildi.

* * *

Bulduruq nomli tabiat hodisasi nam havo tarkibidagi suv kristallashganda sodir bo‘ladi. Avval ham O‘zbekistonda bulduruq tushgan holatlar bo‘lgan, ammo oxirgi haftada mamlakatimiz batamom bulduruqqa burkandi.

Mavzuga doir:

So‘nggi kunlarda havo shunchalik sovudiki, o‘tgan yili yoqqan qor erimasdan qolganini ko‘plab viloyatlar aholisi kuzatdi. Toshkent viloyatidagi “Tuyabo‘g‘iz” suvomborining yuzasi muzlab qoldi. Havo harorati tushib ketishi munosabati bilan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga 4-yanvardan boshlab kunduzgi soat 15:00 dan ertalab 5:00 gacha gaz yetkazib berish to‘xtatildi“Tollimarjon” IESda 8-yanvar kuni yuz bergan avariya oqibatida Qashqadaryo viloyatining yetti tumani va bir shahri elektr ta’minotidan to‘liq uzilib qoldi.

Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi

Qahraton sovuq isinish bilan bog‘liq fojialarni o‘zi bilan olib yuradi. 6-yanvar kuni Qarshida gaz portlashidan ikki nafar bola halok bo‘ldi. 8-yanvarda Xivadagi xonadonlardan birida gaz portlab, 15 yashar qizning umriga zomin bo‘ldi. Kecha Sirdaryo viloyatida is gazidan zaharlanish oqibatida 33 yoshli erkak va uning 26 yoshli turmush o‘rtog‘i vafot etdi.

“O‘zgidromet” mutaxassislarining aytishichabunday davomli qahraton oxirgi 10 yilda kuzatilmagan. Ammo ob-havoni monitoring qiluvchilar dam olish kunidan boshlab havolar asta-sekin ilishini bashorat qildi.

* * *

Yoshlar ishlari agentligi 2020-yilda ommaviy axborot vositalarida eng faol yoritilgan, tizim faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni namoyon etgan, xalq bilan ishlashda samarali natijalarga erishgan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, jamoat tashkilotlari va faollarni aniqlab, taqdirlash marosimi o‘tkazdi. Nomzodlarni saralash qariyb ikki oy davom etib, so‘rovnoma ishtirokchilaridan “Eng namunali hudud”, “Eng namunali vazirlik”, “Eng ko‘p o‘zgarish qilgan tashkilot”, “Eng namunali davlat va jamoat tashkiloti” singari o‘nlab nomlarni aniqlashda ovoz berish ham so‘ralgan. Aytishlaricha, onlayn so‘rovnomani 2 millionga yaqin ishtirokchi kuzatgan. Eng ko‘p ovoz olgan nomzodlar keyingi bosqichda 50 nafardan ziyod jurnalist va blogerlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomaga asosan aniqlangan.

Foto: O‘zA

Shunday qilib, “2020-yilning eng namunali tuman va shahri” Farg‘ona, “2020-yilning eng namunali vazirligi” Adliya, “2020-yilning eng namunali hududi” Samarqand viloyati, “2020-yilning eng namunali davlat tashkiloti” Davlat xizmatlari agentligi, “Yilning eng faol matbuot kotibi” SSV Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev, “2020-yilning eng faol jamoat tashkiloti” O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi, “2020-yilning eng  yetakchi partiyasi” O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, “2020-yilning eng ijtimoiy faol fuqarosi” Aqida Abidovna Maxirova (bloger Aqidaxonim), “Neft va gaz sohasida eng ilg‘or korxona” Eriell Group kompaniyasi, “2020-yilda xalq ishonchini qozongan bank tizimi” “O‘zsanoatqurilishbank”, “Yil qahramoni” Pandemiya davrida halok bo‘lgan shifokorlar, “Yil odami — 2020” O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev deb e’tirof etildi.

“Daryo”ni kuzatib boring. Bizning “Daryo” qahraton sovuqda ham muzlamasdan sizga qaynoq xabarlarni taqdim qilishda davom etadi.