“Daryo” o‘tib borayotgan haftada dunyo matbuotida e’lon qilingan va muhokama markazida bo‘lgan maqolalar sharhi bilan tanishtiradi.

1991-yil 26-dekabrda rasmiy tarzda Sovet Ittifoqi parchalandi va postsovet makonida yangi mustaqil davlatlar paydo bo‘ldi. Postsovet o‘lkalarida hozirga qadar Sovet Ittifoqining parchalanishida Mixail Gorbachyovni asosiy aybdor sanashadi. Ammo ayrimlar nazarida kommunistik partiya xiyonati mavjud bo‘lmaganda edi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.     Gorbachyovning e’lon qilgan islohotlari ish berishi mumkin edi, deb yozadi The Foreign Policy nashri.

Foto: Wikipedia

1989-yil may oyida Xitoyning bosh maydonida minglab xitoyliklar norozilik namoyishi uyushtirdi. Ularning qo‘llarida “Biz demokratiya elchisini xush ko‘rdik” deb yozilgan shiorlar ko‘zga tashlanardi. Rasmiy Pekin esa mazkur norozilik namoyishini bostirish uchun harbiy qo‘shin yubordi. Xitoyliklar “demokratiya elchisi” deb atagan shaxs esa na bir dissident, na bir inson huquqlari faoli edi. U shaxs 15-may 1989-yilda Pekinga rasmiy tashrif bilan borgan ulkan mamlakatning rahbari Mixail Gorbachyov edi.

Gorbachyov e’lon qilgan siyosiy dastur g‘arb kapitalizmi emas, aksincha, sotsializmga asoslangan bozor iqtisodiyoti edi. Minglab xitoylik talabalar sovetlarning rahbarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish uchun Xitoy poytaxtiga olis viloyatlardan yo‘lga chiqqandi. Sababi Gorbachyov e’lon qilgan sovetcha dastur xitoyliklarning ham orzu umidlarini o‘zida mujassam qilgan, rejali iqtisodiyot va avtoritar siyosiy rejim bilan yangi ming yillikka qadam qo‘yib bo‘lmasligi barchaga kunday ravshan edi.

Gorbachyovning Xitoyga tashrifi Xitoy va Sovet Ittifoqi o‘rtasidagi sovuqlashgan munosabatlarni qayta tiklanishiga belgi berar va rasmiy tashrifning ikir-chikir tafsilotlariga Xitoy tarafi ancha oldindan tayyorgarlik ko‘rib kelardi. Shunday bo‘lsa-da, Xitoy hukumatida ulkan mamlakatning rahbarini qanday kutib olish borasida bir tayinli fikr yo‘q edi.

Gorbachyovning Xitoy rahbari Den Syaopin bilan uchrashuvi ham Xitoyda rejali iqtisodiyotdan voz kechilgan va bozor iqtisodiyotiga o‘tish boshlangan davriga to‘g‘ri kelgandi. Xitoylik amaldorlar esa Gorbachyov qanday qilib iqtisodiy islohotlarini demokratiyaga hamohang tarzda olib borishi borasida o‘ylanganidan tinchini yo‘qotgandi. Ustiga ustak Tyanmen maydoniga yig‘ilganlar ham o‘z hukumatlaridan Sovet Ittifoqidan o‘rnak olgan holda siyosat yuritishini talab qilishni boshlagandi.

Tyanmendagi qatag‘onlar boshlanishidan sal avvalroq sovet rahbari o‘z nutqida “iqtisodiy islohotlarni siyosiy rejimni o‘zgartirmasdan turib amalga oshirib bo‘lmasligi” haqida so‘zlaydi. Avtoritar xitoylik siyosatchilar esa mamlakatdagi vaziyat yanada keskinlashishidan cho‘chigan holda Gorbachyov nutqini radio orqali efirga uzatilishiga to‘siq qo‘ydi.

1980-yillar oxiriga kelib Gorbachyov Sovet Ittifoqida kommunistik mafkura o‘rnatgan davlatni siyosiy monopollashtirgan rejim bilan uzoqqa borib bo‘lmasligini yaxshi anglagandi. Biroq Den Syaopin va uning siyosiy hammaslaklari Xitoydagi mavjud vaziyatni siyosiy janglarsiz boy berishni istamasdi. Gorbachyov Pekindan ketishi bilan Xitoy kommunistik partiyasi mamlakatda keskin choralar ko‘rishni boshlab yubordi.

Foto: Google Photos

4-iyun sanasida Tyanmendagi norozilik namoyishi qamchi bilan bostirildi, bir nech yuz odamlar hayotdan ko‘z yumdi. 16-iyun sanasida Den Syaopin kommunistik partiya yig‘ilishida “Xitoy sotsialistik tuzumdan ortga chekinmasligini, aynan bir partiyali sotsializmgina Xitoyning  xaloskori bo‘lishi va mamlakatni taraqqiy etgan mamlakatga aylantirishi” haqida nutq so‘zlaydi.

Xitoy Sovet Ittifoqida yuz berayotgan siyosiy voqealarni kuzatar va shu bilan avtoritar boshqaruvni dastaklagan holda sekin-asta bozor iqtisodiyotiga o‘tishni boshladi. Sovet Ittifoqida esa so‘z erkinligi, ko‘p partiyaviyli saylovlarni joriy qilar ekan, sekin-asta mamlakat iqtisodiy tanazzulga yuz tutdi. Oxir-oqibatda esa Sovet Ittifoqi parchalanib ketdi. Iqtisod abgor ahvoldan qutula olmay kelmoqda, demokratiya esa Rossiyada hamon o‘z o‘rnini topa olmadi.

90-yillar boshidagi Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi farqlar shunda ediki, Sovet Ittifoqida so‘z erkinligi, ommaviy axborot vositalari erkinligi va erkin saylovlar bo‘lsa, Xitoyda avtoritar rejim poydevori kuchaytirildi. Bugun esa Rossiyada yana avtoritar rejimga asoslangan bozor iqtisodiyoti amalda. Ikkinchidan, Sovet Ittifoqi liberal iqtisodiy islohotlar ortidan iqtisodiy inqirozga duch keldi, Xitoyda Tyanmen isyoni bostirilgandan so‘ng iqtisodiy inqiroz qisqa davom etdi va Xitoy o‘z iqtisodiyotini jilovlashga erishdi. Gorbachyov esa Sovet Ittifoqidagi budjet tanqisligining oldini ololmadi, budjet tanqisligi xorijdan kredit olish va pul zarb qilish bilan ham yanada kengayishda davom etdi.

1991-yilda bir qator isyonchilar Gorbachyovni Qrimdagi dachasida qamab qo‘yib, hokimiyatni o‘z qo‘liga olishga erishdi. Isyon bostirildi, ammo Gorbachyovning siyosiy irodasi bilan emas, aksincha, siyosiy kuchlarni harakatga keltira olgan Boris Yelsin sharofati bilan. Gorbachyov esa Qrimdagi dala hovlisidan Yelsinning amalga oshirayotgan ishlarini jimgina kuzatardi. Oradan to‘rt oy o‘tib, 26-dekabr sanasida Sovet Ittifoqidek ulkan davlat tarixiga nuqta qo‘yildi.

Gorbachyov demokratiyani tatbiq qilishni istar ekan, Sovet Ittifoqida ko‘p yillardan beri hokimiyatdan manfaatdor bo‘lgan guruhlarning intilishlarini hisobga olmadi va isyonning yuz berishiga yo‘l qo‘yib berdi. Den Syaopin esa Xitoydagi elita bilan til topishdi va o‘z siyosatini amalga oshirishda ular ko‘magidan foydalandi va taraqqiy etdi.

Kapitoliyning bosib olinishi – AQSh tarixidagi eng qora kunlardan biri

Eng yangi AQSh tarixida misli ko‘rilmagan voqea sodir bo‘ldi. Prezident Donald Tramp tarafdorlari poytaxt Vashingtonda dunyo jamoatchiligini larzaga kelishiga sabab bo‘lgan harakatni sodir etdi va Kapitoliy binosini kuch bilan egallab oldi. Aksar mamlakatlarning o‘ng va so‘l siyosiy guruhlariga mansub bo‘lgan ommaviy axborot vositalari bu harakatni demokratiyaga hujum sifatida baholadi. Tramp esa katta siyosiy xatolikka yo‘l qo‘ydi, deb yozadi The Times nashri.

Foto: Google Photos

The Times gazetasi tarixga murojaat qilgan holatda butun jamoatchilikka AQShning birinchi prezidenti Jorj Vashington ham ikki muddat prezident bo‘lgach, hokimiyat tepasida qolishi mumkin bo‘lsa-da, o‘z ixtiyori bilan prezidentlikdan ketganini yodga solib qo‘ydi. Vaholanki, 1951-yilda AQShda prezidentlikni ikki martadan ko‘p egallash mumkin emas, degan cheklov borasida konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritilgan. Bu cheklovga amerikaliklar konstitutsiyaga kiritilgan 22 o‘zgartirish deb nom bergan edi.

Gazetada keltirilgan maqolada Jorj Vashington monarx bo‘lib qolishni istamagani uchun va ko‘plab tanqidlarga qaramasdan prezidentlik lavozimini boshqa shaxsga o‘z ixtiyori bilan topshirgani yoziladi. Shu davrdan beri AQShda siyosiy jarayonlarda zo‘rlikka asoslangan namoyishlar emas, aksincha, qonun ustuvor bo‘lishi amalda bo‘lib keldi.

Donald Tramp esa  prezidentlikning birinchi muddatidayoq rahbarlik testidan o‘ta olmadi. Qolaversa, kuchga asoslangan norozilik isyonini qanot yoyishiga turtki ham berdi. Tramp isyonchilarga qarata video murojaat yo‘llagan bo‘lsa-da, bu chiqish anchayin kechikib sodir bo‘ldi. Jorj Vashingtonni haqiqiy rahbarlik va yetakchilik salohiyati uchun eslab qolishgan bo‘lsa, Trampni o‘z majburiyatlarini buzgan shaxs sifatida eslab qoladigan bo‘lishdi, deb yozadi  The Times.

The Guardian nashri esa Tramp davlat to‘ntarishi uyushtirishga urinib ko‘rdi, deb yozdi. Gazetadagi maqola muallifining fikricha, Tramp Baydenga o‘z vakolatini egallashiga qarshi harakat qildi va uning yangi ma’muriyatini zaiflashtirishga urindi.

Demokratiya bu siyosiy kelishuv bo‘lib, natija qanday bo‘lishidan qat’iy nazar demokratik tizimda qaror birgalikda qabul qilinadi. Kapitoliy tepaligida yuz bergan zo‘ravonlik avtoritar rejimlarga xos bo‘lgan jihatdir. Gazetada bayon qilingan fikrga ko‘ra, Vashingtonda bo‘lgan mudhish voqealar bu ko‘pchilikning irodasini ozchilikka bo‘ysundirish harakatidir.

The Independent nashri Kapitoliydagi voqealar haqida so‘z yuritar ekan, Trampning bir vaqtlar men Amerikani uchinchi dunyo davlatiga aylantiraman, degan fikrlarini esga solib qo‘ydi. Trampning o‘zi endilikda omma ehtirosi bilan o‘ynashib, siyosiy barqarorlik mavjud bo‘lmagan davlatlarda yuz beradigan voqeaning AQShda yuz berishida bosh aybdor bo‘lib qoldi.

Foto: Google Photos

Kapitoliy binosidagi qonunshunoslar 1876-yildagi voqeani sinchiklab tahlil qilib, AQShning asoschi otalari nimani nazarda tutganini tahlil qilayotgan paytda, tashqarida bir to‘da bolsheviklar ixlosmandlari “Qishki saroy”ni egallab olishga urinayotgandi. 1917-yildagi Petrogradda yuz bergan voqealardan farqli ravishda, Kapitoliydagi inqilobchilar marmar ustunlar yonida selfi qilish bilan ovora edi.  Kapitoliyda yuz bergan voqealar  amerikaliklarga endilikda nima uchun Trampni hokimiyatga qayta yaqinlashtirib bo‘lmasligi haqida esga solib turishi kerak.

The Daily Telegraph nashri esa AQSh poytaxtida yuz bergan voqealar haqida yozar ekan, Tramp va respublikachilar partiyasi o‘rtasidagi munosabat endilikda qanday bo‘lishi haqida fikr yuritdi. Yuqori martabali respublikachilar  Trampni qo‘llab qanday balo sandig‘ini ochib qo‘ygani haqida bosh qotirayotgan bo‘lsa ajab emas. Ular o‘z savollariga bugun konstitutsiyani nazarga ilmaydigan qanday qilib bo‘lsa-da, hokimiyatda qolishni maqsad qilgan shaxs misolida aniq bilib oldi.

Kapitoliydagi noxush voqea esa “trampizm” hali yo‘q bo‘lmaganini bildiradi va Tramp keyinda ham oz sonli trampchilar bilan hali ko‘p muammo tug‘dirishi tayin. Ehtimol, Tramp “Men Oq uyni qisqa muddatga tark etyapman”, degan xayolda yurgan ham bo‘lishi mumkin. Respublikachi senator Mitch Makkonel esa AQShda demokratiya hali zo‘ravonlikka kuch  bergan qonli iskanjaga tushishi mumkinligidan ogohlantiradi, deb yozadi The Daily Telegraph.

The New York Times nashri esa Trampning hokimiyat tepasiga kelishi alam, ayirmachilik va fitnalar bilan boshlangan bo‘lsa, uning ketishi ham mag‘lubiyatga uchragan alamzada olomonning Kapitoliyni egallashi bilan yakun topmoqda deb yozdi. Ular nazarida, AQSh go‘yoki qandaydir bir avtoritar mamlakat.

2021-yilning 6-yanvarda AQSh tarixidagi eng qora kunlardan biri sifatida tarixda qoladigan bo‘ldi. Mazkur sana hokimiyat almashinuvining tinchlik yo‘li bilan amalga oshishi o‘rniga prezident Trampning isyonga chaqiriqlari bilan olomonning vakillar palatasi derazalarini sindirilishi kuni sifatida tarixda qoladigan bo‘ldi.

Vashingtonda – demokratiya o‘zagi bo‘lgan Kapitoliyda bunday voqeaning sodir bo‘lishini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. Politsiyachilar o‘z to‘pponchalarini norozilik namoyishchilariga qarata ularning binoga kirishlari uchun to‘sqinlik qilmoqda. Binoda ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ham ishlatilmoqda. Qonunshunoslar esa bino ichkarisida quturgan olomon qo‘liga tushmaslik uchun berkinishga majbur. Isyonchilar senatdagi vitse-prezident va vakillar palatasi spikeri o‘rindig‘ida o‘tirib olib ko‘ngli tusagan ishni qilmoqda. Mazkur voqea sabab AQShni “banan respublika” bilan mengzamoqda.

Tramp tarafdori bo‘lgan The Fox News telekanali ham Kapitoliyning ishg‘ol qilinishini bu safar hazm qila olmadi. The Fox News sharhlovchisi Deroy Merdok ishg‘olni sabotajning eng oliy cho‘qqisi sifatida baholar ekan, “Bu ahmoqlar Trampning tashqi va ichki siyosatda erishgan yutuqlarini bir tiyin qilmoqda”, deb fikr bildirdi.

Amerikalik o‘rta tabaqa vakillarining eng yuqori daromadga ega bo‘lib turgani, qisqa fursatda ikkita koronavirusga qarshi vaksina yaratilgani, qashshoqlik darajasi eng past bo‘lgan davrdagi prezident haqida gap ketganda, endilikda “Anavi yaramasmi tarafdorlari Kapitoliyni ishg‘ol qilgan?” deb eslashadigan bo‘ldi, deb yozadi Deroy Merdok.

Jahongir Ergashev tayyorladi.

От qwert.uz