Xolokostdan oldin. Bazel qirg‘ini tarixi

O‘rta asr Yevropasida xristianlar va yahudiylar o‘rtasidagi munosabatlar doimo keskin bo‘lib, ko‘pincha zo‘ravonliklarga olib kelgan. O‘sha paytlarda yahudiylarni qabrlarni tahqirlashda va sirli marosimlarda qotilliklar uyushtirishda ayblash odat tusiga kirgan edi. 1349-yilga kelib, ushbu an’anaviy ayblovlar Qora o‘lat tarqalishi aybloviga qo‘shildi. Natijada, butun Yevropada yahudiylar qirg‘ini avj oldi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Qora o‘lat

XIV asrning boshlarida ro‘y bergan iqlimning keskin yomonlashishi Yevropa mamlakatlarini dahshatli ocharchilikka olib keldi. Buning fonida avj olgan va butun boshli shaharlarni qirishni boshlagan Qora o‘lat dahshatiga yahudiylarni ta’qib qilish ham qo‘shildi.

Foto: Google Photos

Yahudiylar kasallikdan nasroniylarga qaraganda sezilarli darajada kamroq azob chekardi. Shuning uchun ham ularga nisbatan nasroniylarda shubha uyg‘ona boshladi. Aslida, shunchaki yahudiy jamoalarining yopiq turmush tarzi va shaxsiy gigiyenaga yaxshiroq e’tibor berishlari ularning kamroq kasallanishida muhim rol o‘ynadi.

Vabo tarqalishidan oldin ham yahudiylarni tez-tez buloqlarni zaharlashda va moxov kasalligini tarqalishida ayblashar edi. Yahudiylar va musulmonlar o‘zaro til biriktirib, barcha nasroniylarni halokatli kasalliklar orqali yo‘q qilish uchun harakat qilayotgani to‘g‘risida doimiy mish-mishlar tarqalardi. Shuningdek, Qora o‘lat kasalligi nasroniylarning yahudiylarga nisbatan o‘tmishdagi bag‘rikengligi uchun jazo sifatida yuborilgan deb ishonilgan.

Fransiyadan Shveysariyagacha

Birinchi yahudiy qirg‘inlari 1348-yil aprelda Fransiyaning Tulon shahrida boshlandi. Keyin Ispaniyaning Barselona shahrida ham ommaviy qirg‘inlar bo‘lib o‘tdi. Sentabrga kelib, yahudiylarni o‘ldirish Syurix shahri ko‘chalarida boshlandi va dekabrda Bazel shahrida ularni tiriklayin yoqishdi.

1349-yil 9-yanvarda Bazeldagi yahudiylar jamoatining qatl qilinishi Qora o‘lat davridagi yahudiylar ta’qibining eng dahshatli epizodlaridan biri edi. Taxminlarga ko‘ra, o‘shanda 50 nafardan 70 nafargacha yahudiylar tiriklay yoqib yuborildi. XII asr oxiri va XIII asr boshlarida Bazelda Reyndan ko‘chib kelgan yahudiylar jamoasi paydo bo‘ldi. XIII asrda shahar devorlaridan tashqarida yahudiylar ibodatxonasi va qabristoni mavjud edi.

Shahar yahudiylar tomonidan quduqlarning zaharlanishi sababli paydo bo‘lgan dahshatli epidemiya  haqidagi mish-mishlar bilan to‘ldi. 1348-yilgi Rojdestvo paytidayoq, hali vabo Bazelga yetib kelmay turib, yahudiylar qabristoni vayron qilindi va ko‘plab yahudiylar shaharni tark etdi. 1349-yil yanvarda mintaqadagi yahudiylarga qarshi hujumlar tobora kuchayib borayotgan bir paytda Strasburg yepiskopi, Frayburg va Bazel shaharlari vakillari yahudiylar borasidagi o‘z siyosatlarini muvofiqlashtirish uchun uchrashdi.

Foto: Google Photos

Bazel qirg‘ini

Bazeldagi qirg‘in g‘azablangan olomon tomonidan amalga oshirildi va bunga shahar kengashi yoki yepiskop tomonidan qonuniy ravishda sanksiya berilmagan edi. Olomon shaharda qolgan barcha yahudiylarni asirga oldi va ularni Reyn daryosidagi orolda joylashgan qurigan yog‘och kulbaga qamadi. Kulbani yoqib yuborishdi, uning ichida qolgan yahudiylar esa tiriklayin yonib kulga aylandi.

O‘rta asr manbalarida tilga olingan 300 dan 600 gacha bo‘lgan qurbonlar soni ishonchli emas; o‘sha paytda Bazeldagi butun yahudiylar jamoati taxminan 100 kishini tashkil qilgan va ularning ko‘plari oldingi haftalardagi ta’qiblarga duchor bo‘lish oqibatida qochib ketgan edi. Zamonaviy tarixchilarning fikriga ko‘ra, 50 dan 70 gacha bo‘lgan qurbonlar soni juda ishonchlidir. Yahudiylarning bolalari o‘limdan qutulib qoldi, ammo ular majburan cho‘qintirildi va monastirlarga joylashtirildi. Aftidan, ko‘plab voyaga yetgan yahudiylar ham tirik qoldi, chunki ular ham nasroniy dinini qabul qildi.

Shu kabi qirg‘inlar 30-yanvarda Frayburg va Strasburgda ham bo‘lib o‘tdi. Ushbu qirg‘inlar Qora o‘lat shaharga yetib kelishidan oldin sodir bo‘ldi. Nihoyat, 1349-yil aprel-may oylarida shaharda epidemiya boshlanganda, nasroniylikni qabul qilgan yahudiylar ham quduqlarni zaharlaganlikda ayblandi. Ular aybdor deb topilib, qatl etildi, ba’zilari shahardan chiqarib yuborildi.

Yahudiylarning keyingi taqdiri

1349-yilda yahudiylar Bazel shahridan quvib chiqarilgandan so‘ng,ular kamida 200 yil davomida shaharga qaytarib kiritilmasligi to‘g‘risida ommaviy ravishda qaror qabul qilindi. Biroq oradan 15 yil o‘tmay, 1356-yildagi dahshatli zilziladan keyin yahudiylarga qaytishga ruxsat berildi va 1365-yilga kelib shaharda yahudiy jamoasining mavjudligi hujjatlashtirildi. Taxminlarga ko‘ra, 1370-yilga kelib, shaharda yahudiylar soni 150 nafarga yaqin edi (jami aholi sakkiz ming kishi). 1397-yilda noaniq sabablarga ko‘ra ular yana shaharni tark etdi.

Ma’lum bo‘lishicha, bu safar yahudiylar shaharni ixtiyoriy ravishda tashlab ketdi va shahar kengashining ularni saqlab qolishga bo‘lgan urinishlariga qaramay, ular sharqqa, Gabsburglar hududiga ko‘chib o‘tdi. Ehtimol, ular 1390-yillarda Elzasda rivojlanayotgan yahudiylarga qarshi kayfiyatning yangi oqimidan xavotirlanib, bo‘lajak yangi ta’qiblardan qo‘rqib ketib qoldi. Bu safar shaharda yahudiy jamoasining yo‘qligi uzoq davom etdi va Bazeldagi zamonaviy yahudiylar jamoasi oradan to‘rt asrdan ko‘proq vaqt o‘tgach, 1805-yildagina tashkil topdi.

Foto: Google Photos

1349-yil yanvar oyida Ausburg, Zalsburg, Myunxen, Frayburg va Shpeyerda ham qirg‘inlar avj oldi. 1349-yil 14-fevral Yevropadagi yahudiy jamoalari uchun eng qora kun bo‘ldi. Shu kuni Strasburgda 900 nafar yahudiy tiriklayin yoqib yuborildi, ular ham “qora o‘lim”ni tarqatishda ayblandi. Ushbu voqea XIV asrning o‘rtalaridagi vabo pandemiyasi paytida Yevropa shaharlarini qamrab olgan yahudiy qirg‘inlarining eng yuqori nuqtasi edi.

Ushbu qirg‘inlarning asosiy qahramonlari shahar aholisi va hunarmandlar edi. Ruhoniylar bunda qatnashmadi. Yahudiylarning xavfsizligini ta’minlashi kerak bo‘lgan mahalliy hukmdorlar esa xalq nafratidan chetda turishni afzal ko‘rdi.

“Muqaddas zamin”

Ushbu dahshatli qirg‘inlar davrida Yevropa yahudiylari uchun Polsha haqiqiy “muqaddas zamin”ga aylandi, chunki bu yerda qirol Kazimir III Buyuk ularga boshpana berdi va yahudiylarning xavfsizligini kafolatladi. Ushbu istiqbolli siyosat ko‘p yillar davomida Polsha qirolligining iqtisodiy o‘sishini ta’minladi.

Keyinchalik, ushbu qirg‘inlarning ko‘pi o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan xalq qo‘zg‘olonlariga aylanib ketdi. Masalan, Kyolnda yahudiy qirg‘inlari uchun mas’ul bo‘lganlar qirg‘inlarni barcha begona millatlar va tilanchilarga qarshi qaratishga harakat qildi.

1351-yildan keyin kasallik kamayishni boshladi va shu bilan yahudiy qirg‘inlari to‘xtadi. XIV asrning ikkinchi yarmida Yevropaning ko‘plab shaharlarida yahudiy jamoalari qayta tiklandi. Ushbu dahshatli epidemiyaga esa oddiy kemiruvchilar sabab bo‘lgan edi… Ammo bu endi umuman boshqa hikoya.

Nurbek Alimov tayyorladi.