San’atdan ketganini aytgan Jahongir Otajonov navbatdagi prezidentlik saylovida o‘z nomzodini qo‘yishini ma’lum qilishi ijtimoiy tarmoqlarda so‘nggi o‘n kunlikdagi eng ko‘p muhokama qilinayotgan holatlardan biri bo‘ldi. Xonandaning ushbu qaroriga ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari turli munosabat bildirdi. Kimdir undan siyosatchi chiqmasligini aytib, uni bu fikridan qaytarishga urindi, yana kimdir uni qo‘llab-quvvatladi. Izohlar orasida xonandaning sha’niga haqoratli so‘zlar yozib qoldirilgan holatlar ham uchradi. Jahongir Otajonov xeyterlariga bir necha marta murojaatlar yo‘llab, prezident bo‘lish oson ish emasligini tushuntirishga urindi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Birozdan so‘ng esa Jahongir Otajonov O‘zbekiston Prezidentiga murojaat qilib, O‘zbekistondagi eng qoloq tuman hokimligini so‘radi. Sobiq xonanda davlat rahbari bo‘lishni orzu qilishi haqidagi gaplari jiddiyligini isbotlash maqsadida siyosiy partiya ham tuzishga harakat qilmoqda. Otajonovning ushbu sa’y-harakatlari uning sobiq hamkasblari tomonidan turlicha qabul qilinmoqda. Masalan, “Ummon” guruhining sobiq xonandasi Shohrux Jahongir Otajonovga murojaat qilib, uni Yunusobod tumani hokimi yordamchisi lavozimiga ishga joylab qo‘yishni so‘radi hamda tumandagi yo‘llarning abgor holatini videoga olib ko‘rsatdi.

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova esa Jahongir Otajonovga shunchaki rahmi kelishini aytdi.

“O‘zining kasbini qila olmagan odam, o‘zining oilasini yo‘lga qo‘ya olmagan odam prezident bo‘larkan. Kulgilida, bunday odamlarga rahmim keladi. O‘zingdan boshla prezidentlikni, avval o‘zingga prezident bo‘lib ol. Yolg‘onsiz chiq. Bugun adi deysan, ertaga badi deysan, ‘og‘zim bor ekan’, deb”, — deydi Yulduz Usmonova.

“Dizayn” kulgi jamoasi vakillari ham Jahongir Otajonovning ushbu harakatlariga yumor hissi bilan munosabat bildirdi.

Avvalroq rejissor va aktyor Ahad Qayyum ushbu harakatlari uchun Jahongir Otajonovni “qiziqchi” deb atagan edi.

От qwert.uz