Voyaga yetmagan qizning nomusiga tegishda ayblangan xonanda Jasur Umirov 5 yilga qamaldi, deya xabar bermoqda Oliy sud.

Ma’lum qilinishicha, 2-fevral jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudida sudlanuvchilar J.U., A.Z. va Sh.Q.ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Ushbu jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi 1-qismi (jinsiy jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar ko‘rilayotgan sud) talablariga muvofiq yopiq tarzda ko‘rib chiqildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudining 2021-yil 2-fevraldagi hukmiga ko‘ra:

  • J.U. Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 1-qismi bilan aybli deb topilib, unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
  • A.Z. Jinoyat kodeksining 238-moddasi (yolg‘on guvohlik berish) 1-qismi va 241-moddasi (jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish) 2-qismi bilan aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida uzil-kesil 1 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
  • Sh.Q. Jinoyat kodeksining 238-moddasi 1-qismi va 241-moddasi 2-qismi bilan aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida uzil-kesil 1 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan tomonlarga, shu jumladan, sudlanuvchilar, jabrlanuvchi va uning qonuniy vakiliga hukm nusxasini olgan vaqtdan boshlab yigirma sutka muddat ichida shu sud orqali Samarqand viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi sudlov hay’atiga apellyatsiya tartibida shikoyat qilishga va protest keltirishga haqli ekanligi tushuntirildi.

Avvalroq bu ish bo‘yicha xonanda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida litseyning birinchi kursini endigina tamomlagan, voyaga yetmagan qizning nomusiga teggani, IIB esa xonandaga nisbatan jinoiy ish ochishni rad etgani, Bosh prokuratura qaror qonuniyligini tekshirishi ma’lum qilingandi. Shundan so‘ng Bosh prokuratura mazkur holat bo‘yicha qo‘shimcha tekshiruv tayinlangani haqida xabar bergandi.

So‘ngra 5-dekabr kuni Jasur Umirovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudga oshirildi. Ish jinsiy jinoyatga oidligi sabab sud yopiq tarzda o‘tkazildi.

От qwert.uz