Polshada yashovchi Tomash Komenda 18 yil ozodlikdan mahrum qilingan edi. Yaqinda uning aybsizligi ma’lum bo‘ldi va unga deyarli 13 million zlotiy (3,5 million dollar) to‘lab berildi, deya xabar qilmoqda “RIA Novosti”.

Foto: “Globe24.cz”

O‘n sakkiz yil oldin Polshaning kichik bir shahrida 15 yoshli qiz vafot etgan. U zo‘rlangani va sovuqda qoldirilgani aniqlangan. Ushbu jinoyat uchun 23 yoshli Komenda aybdor deb topilgan. U 25 yilga ozodlikdan mahrum etilgan  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Yaqinda ushbu jinoyat ishida mahkumning aybsizligini isbotlovchi ekspertiza natijalari paydo bo‘ldi. Natijada Tomash Komenda qotillik va zo‘rlashda aybsiz deb topildi va 18 yillik qamoqdan so‘ng jazoni o‘tashdan ozod qilindi.

Ozodlikka chiqqandan keyin Komenda davlatdan sud orqali tovon puli talab qilishga qaror qildi. Unga 18 million — qamoqda o‘tkazgan har yili uchun bir million zlotiy (taxminan, 4,8 million dollar) tovon puli to‘lash belgilandi.

RMF FM portalining xabar berishicha, Opole viloyat sudi 8-fevral, dushanba kuni Komendaga 12 811 533 zlotiy kompensatsiya va tovon puli to‘lashga qaror qilgan. Sud majlisi yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tgan.

Ayni paytda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qizning o‘limining haqiqiy aybdorlarini topishga muvaffaq bo‘lgan. Ularning har biri 25 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Bundan avval Buxoroda IIB xodimlarining xatosi bilan 11 yil umrini qamoqda o‘tkazgan 53 yoshli fuqaro aybsiz deb topilgani, Janubiy Koreyada 57 yoshli erkak 80-yillarda qilgan qotilliklarini tan olib, ushbu jinoyatlar uchun nohaq ayblanib, qamalgan mahbusdan kechirim so‘ragani hamda o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilgani uchun jarimaga tortilgan Zangiota hokimi o‘rinbosari mazkur masala bo‘yicha sudda yutib chiqqani haqida xabar berilgandi.

От qwert.uz