O‘zbekistonda turizm sohasiga berilgan imtiyoz va preferensiyalar muddatlari 2021-yil 31-dekabrga qadar uzaytirildi.

Foto: “Daryo”

Bu haqda 9-fevral kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida ko‘zda tutilgan — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Unga ko‘ra, quyidagi imtiyoz va preferensiyalar muddatlari uzaytirildi:

a) turoperatorlar, turagentlar, shuningdek, joylashtirish vositalari uchun foyda solig‘i stavkasini belgilangan stavkaga nisbatan 50 foizga kamaytirish;

b) kamida 10 kishidan iborat xorijiy turistik guruhlar uchun O‘zbekistonda tur tashkil etish va ularning joylashtirish vositalarida kamida besh kecha tunab qolishi sharti bilan turoperatorlarning avia va temiryo‘l chiptalari bo‘yicha xarajatlarini chipta narxining 30 foizi miqdorida qisman subsidiyalash;

v) turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonxona xizmatlari (joylashtirish xizmatlari) ko‘rsatuvchi subyektlar bo‘yicha:

  • yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni to‘lashdan ozod qilish;
  • ular tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliqni kamaytirilgan stavkada 1 foiz miqdorida belgilash.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2020-yilning may oyida turizm yo‘nalishida tadbirkorlar ko‘rgan zararni yaqin 1-2 yil ichida to‘liq qoplash qiyinligi sababli 2020-yilning may oyida turizm sohasiga imtiyoz va preferensiyalar berishni taklif qilgandi.

25-may kuni “Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni e’lon qilindi. Unda turoperatorlar va joylashtirish vositalariga foizsiz ssudalar ajratilishi belgilandi.

Shuningdek, turistik (mehmonxona) yig‘imni hisoblash va to‘lash 2021-yilning 1-yanvarigacha to‘xtatilgandi.

От qwert.uz