Samarqand viloyatida telefon sotiladigan savdo majmuasida o‘z xotini va jazmanini ishqiy munosabatda bo‘lganlikda ayblab, har ikkisini pichoqlab o‘ldirgan erkakka sud hukmi o‘qildi. Bu haqda “Yoshlar” telekanalining “Yangi davr” dasturida ma’lum qilindi.

Ma’lum qilinishicha, sud ish hujjatlarini taftish qilib, tomonlar va guvohlarning ko‘rsatmalarini tinglagan. Muzokara vaqtida prokuror sudlanuvchiga 25 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini berishni so‘ragan. Jabrlanuvchilar esa ko‘proq muddat berilishini so‘ragan  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

“O‘sha kuni men jahl ustida o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. 43 yoshga kirgan bo‘lsam, hech bunday holga tushmagan edim. Qattiq pushaymonman”, — dedi sudlanuvchi.

Holat yuzasidan sud erkakni Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi bilan 22 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Jazoni umumiy tartibdagi koloniyada o‘tash belgilandi. Shuningdek, jazo muddati 2020-yil 20-noyabrdan boshlab o‘talayotgan deb hisoblanishi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil 20-noyabr kuni erkak xotini va jazmanining orqasidan do‘konga kirib, u yerda o‘zaro janjallashgan hamda qo‘lidagi pichoq bilan dastlab begona erkakning bo‘yin va tanasining boshqa sohalariga, so‘ngra turmush o‘rtog‘ining ham bo‘yin va tanasining boshqa sohalariga bir necha martadan pichoq urib, ularni qasddan o‘ldirgan.

Shundan so‘ng erkak qo‘lga olingan. 20-noyabr kuni Samarqand shahar prokuraturasi erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “a”, “j” (ikki va undan ortiq shaxsni shafqatsiz ravishda o‘ldirish) bandlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Bundan avval Surxondaryoda pochchasi va ikki nafar qarindoshiga pichoq urgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, Jizzaxda mast erkak ayoli va singlisini haqorat qilgan do‘stini tayoq bilan urib, o‘ldirib qo‘ygani hamda Qashqadaryoda mast o‘g‘il ko‘chaga chiqishiga ruxsat bermagan otasini pichoqlab o‘ldirgani haqida xabar berilgandi.

От qwert.uz