Armanistonda siyosiy vaziyat keskinlashdi. Harbiylar Nikol Pashinyanning iste’fosini talab qilmoqda. Yerevan markazida norozilik namoyishlari boshlandi. Asosiy voqealar

Armaniston bosh shtabi 25-fevral sanasida bosh vazir Nikola Pashinyandan iste’foga chiqishni talab qildi. Bu shtab rahbarining birinchi o‘rinbosari Tiran Xachatryanning ishdan olinishiga javob harakati bo‘ldi. Xachatryan Rossiyaning ‘Iskander’ raketa komplekslari samarasizligi haqida bildirgan tanqidiy fikrlaridan keyin Pashinyanning taklifiga ko‘ra lavozimidan ozod qilindi. Bosh shtab Xachatryanning chetlatilishi uzoqni o‘ylamay, asoslangan sabablarni keltirmasdan qilingani, qaror hissiyotga berilgan holda, shoshmashosharlik bilan chiqarilganini qayd etgan  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.     Pashinyan va uning hukumati xolis yechim topmagani shtab bayonotida ta’kidlab o‘tilgan. Hujjatga 40 nafar yuqori lavozimdagi harbiy, xususan, idora rahbari Onik Gasparyan imzo chekkan. Meduza raketa komplekslari tufayli yuzaga kelgan siyosiy inqiroz haqidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan (markazda) va uning tarafdorlari Yerevandagi namoyishda ishtirok etmoqda.

Foto: Photolure

Pashinyan bosh shtabning bayonotini mamlakatda davlat to‘ntarishini amalga oshirishga bo‘lgan urinish deb atagan. U Armaniston prezidenti Armen Sarkisyanga shtab rahbarini ishdan olishni taklif qildi, biroq prezident hali mazkur taklif bo‘yicha farmonga imzo qo‘ymagan. Shuningdek, Pashinyan o‘z tarafdorlaridan Yerevan markazidagi Respublika maydonida to‘planishni so‘ragan. Bosh vazirning o‘zi ham ko‘chaga chiqib, olomon orasida bo‘lgan. U mamlakatdagi vaziyatni nazorat ostiga olish imkoni hali borligi va generallar shtabining bayonoti “emotsional reaksiya” ekanligini bildirgan, lavozimini tark etgan harbiy rahbarlar vatanning sodiq farzandlari, qo‘riqchilari bo‘lib qolishini ta’kidlagan. Armaniston Bosh prokuraturasi shtabning ushbu harakatini konstitutsiyaga zid holat deb baholagan. Prezident inqirozni bartaraf qilish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilishi haqida va’da bergan.

Foto: Reuters

Foto: Scanpix

Foto: Reuters

Foto: Scanpix

Armanistonning News nashri mamlakat politsiyasining 30 nafar ofitseri bosh vazir iste’fosini qo‘llab-quvvatlagani haqida xabar bergan. Nashr e’lon qilgan ro‘yxatda polkovnik va podpolkovnik unvonlariga ega zobitlar, shuningdek, besh nafar general hukumat rahbarining iste’foga chiqishini istashi oydinlashgan.

Yerevan markazida Pashinyan tarafdorlaridan tashqari, unga qarshi chiqayotganlar ham namoyish o‘tkazgan. “Vatanni qutqarish uchun harakatlar” muxolifat partiyasi Ozodlik maydonida miting o‘tkazgan. Mamlakatning ikkinchi prezidenti Robert Kocharyan (1998—2008-yillarda Armanistonni boshqargan) va uchinchi prezident Serj Sargsyan (2008—2018-yillarda Armaniston davlat rahbari bo‘lgan) boshchiligidagi Armaniston Respublika partiyasi harbiylarni qo‘llab-quvvatlagan. Kocharyan Tog‘li Qorabog‘dagi urushda yutqazgan va yerlarni boy berganlar hukumatdan ketishi lozimligini ma’lum qildi. Parlament muxolifati — “Rivojlanayotgan Armaniston” va “Nurli Armaniston” partiyalari ham Pashinyanga qarshi chiqqan.

Foto: LETA

Muxolifat tarafdorlari Armaniston parlament binosi yaqinida chodir tikishni boshlab yuborgan.

Foto: LETA

Foto: AP Photo

Armaniston bosh vaziri 23-fevral kuni ‘Iskander’larning jangovarlik xususiyatiga shubha bilan qarashi haqida ‘1in’ nashriga intervyu bergandi. U sobiq prezident Serj Sargsyanning Armaniston Tog‘li Qorabog‘dagi urushning dastlabki kunlaridanoq “Iskander” qurollaridan foydalanishi zarur bo‘lgani haqidagi fikrlariga javob qaytargan.

“Balki Sargsyanning o‘zi nima uchun dushmanga yo‘naltirilgan ‘Iskander’ raketalarining portlamagani yoki atigi 10 foizigina faollashgani yuzasidan javob berar”, — deya kinoya qilgan Pashinyan.

Qorabog‘ uchun urush vaqtida Armaniston milliy qahramoni unvoniga munosib ko‘rilgan general Tiran Xachatryan esa Pashinyanning ushbu so‘zlari ustidan kulgan. U bosh vazirning ‘Iskanderlar’ haqidagi bayonotiga “Yerevan. Segodnya” nashri orqali munosabat bildirgan. Harbiy uzoq vaqt kulgan va bu imkonsiz ekani, bayonotni jiddiy qabul qilib bo‘lmasligini aytgan.

“Kim nima deganini bilmayman, biroq bunday bo‘lmaydi, bu imkonsiz”, — deya general kulib aytgan so‘zlarini keltirgan “Yerevan. Segodnya”.

Armaniston — Rossiyadan ‘Iskander’ raketa komplekslarini xarid qilgan yagona mamlakat. Armaniston qurollari orasida to‘rtta raketa sozlanmasi mavjud. Avval ularning Ozarbayjonga qarshi Tog‘li Qorabog‘ uchun urushda ishlatilishi xabar qilingandi. ‘Iskander’ Rossiyaning so‘nggi avlod qurollaridan biri hisoblanadi, shu sababli ham Rossiya uchun xalqaro maydonda mazkur qurolga bildirilgan munosabat muhim, deb yozgan “Yerevan. Segodnya”. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Pashinyanning gaplariga izoh berishni istamagan va Rossiya harbiy texnikasi o‘z samaradorligini bir necha marta isbotlaganini eslatib o‘tgan. Peskov Armanistonda vaziyat keskinlashib borayotganidan xavotirda ekanligini ham ta’kidlagan.

“Pashinyan gapirgan gaplar anglashilmovchilik”. Rossiya Mudofaa vazirligi ham Armaniston bosh vazirining ‘Iskanderlar’ haqidagi fikriga munosabat bildirgan.

Bu Armanistonda Pashinyanga qarshi birinchi marta o‘tkazilayotgan norozilik namoyishlari emas. 2020-yil noyabr oyida Tog‘li Qorabog‘ urushi to‘xtatilib, hudud Ozarbayjonga berilishi kelishilganidan buyon bosh vazirning rahbarlik kursisi qimirlab qolgan. Noyabrda Yerevanda Pashinyan iste’fosini talab qilib, norozilik namoyishlari o‘tkazilgan. Namoyishchilar hukumat va parlament binosiga bostirib kirib, bosh vazir rezidensiyasini ship-shiydam qilib ketdi. Pashinyan o‘shanda muammoni hal etishda Tog‘li Qorabog‘dagi urushni to‘xtatishdan boshqa muqobil yechim ko‘rmaganini bildirgan.