Qon bosimi qanday kasallik? Uning oqibatlari va profilaktikasi haqida

Qon bosimi nima? U haqda nimalarni bilish kerak? Uni me’yorda ushlash uchun nimalarga amal qilish kerak. “Daryo” ushbu mavzuda qiziqarli ma’lumotlarni keltiradi.

Qon bosimi — tomirlarda oqayotgan qonning shu tomirlar devoriga ko‘rsatadigan bosimi (tazyiqi). U yurak ishi va tomirlar devorining qarshiligi tufayli vujudga keladi. Arteriyalar ichida arterial, kapillyarlar ichida kapillyar va venalar ichida venoz bosim bo‘ladi. Qon bosimi qonning tomirlar sistemasi bo‘ylab oqishiga imkon beradi va shu bilan organizm to‘qimalarida moddalar almashinuvini ta’minlaydi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Google Photos

Arterial bosimning (AB) yuqori yoki past bo‘lishi, asosan, yurak qisqarishlarining kuchi va yurakning har qisqarganda tomirlarga haydaydigan qon miqdori, tomirlar (ayniqsa, periferik tomirlar) devorining qon oqimiga ko‘rsatadigan qarshiligi va kamroq darajada vaqt birligida yurak qisqarishlarining soni bilan belgilanadi. Aylanib yuradigan (sirkulyatsiya qiladigan) qon miqdori, uning yopishqoqligi, bosimining nafas olishga bog‘liq bo‘lgan qorin va ko‘krak qafasi bo‘shlig‘idagi o‘zgarishlari va boshqa omillar ham AB ning yuqori yoki past bo‘lishiga ta’sir ko‘rsatadi. Yurakning chap qorinchasi qisqarganda (sistola) AB maksimal darajaga yetadi.

Bu jarayonda yurakdan 70 ml qon otib chiqariladi va bu qon birdaniga mayda qon tomirlari (ayniqsa, kapillyarlar) orqali o‘tib ketolmaydi. Shuning uchun, elastik aorta kengayadi, undagi bosim (sistolik bosim) esa ortadi. Arteriya, vena va kapillyarlarda qon bosimi turlicha bo‘ladi. Yurakdan uzoqlashgan sari qon bosimi pasayib boradi (aortada ancha yuqori, kapillyarlarda birmuncha past, venalarda ancha past bo‘ladi). Katta odamda normal arterial bosim 100-140 mm simob ustuni (sistolik bosim) ga va 70-80 mm simob ustuni (diastolik bosim) ga teng bo‘ladi. Bu bosimlar farqi puls bosimi deyiladi.

Organizmdagi biror-bir illat tufayli qon bosimi ushbu ko‘rsatkichdan ko‘tarilishi yoki pasayishi mumkin. Yurak qorinchalarining qisqarishlari orasidagi pauza (ya’ni diastola) vaqtida kengaygan qon tomirlari (aorta va yirik arteriyalar)ning devori qisqara boshlaydi va qonni kapillyarlarga haydaydi. Qon bosimi asta-sekin pasayadi va diastola oxirida minimal darajaga tushadi (aortada 90 mm simob ustuni, yirik arteriyalarda 70 mm simob ustuni atrofida bo‘ladi).

Gipertoniya kelib chiqishi sabablari

Kasallikning rivojlanish sababi uzoq vaqt davomida stress va tushkunlik holatida yurish, tez-tez psixologik zo‘riqishlardir. Ko‘pincha bularni doimiy emotsional taranglikni talab etadigan ish faoliyati keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, miya chayqalishiga uchragan bemorlarda ham kasallik rivojlanishi xavfi yuqori bo‘ladi. Irsiy moyillik ham sabablar qatorida: agar kishining avlodida bu kasallik uchragan bo‘lsa, unda ham ushbu kasallik rivojlanishi xavfi bir necha barobarga ortadi.

Kasallik rivojlanishiga ta’sir o‘tkazuvchi omillardan asosiysi — bu kamharakat turmush tarzidir. Yosh o‘tib borgani sari insonlarda ateroskleroz rivojlanishi mumkin, bu o‘zgarish fonida qon bosimining oshishi esa vaziyatni yanada jiddiylashtirib yuboradi. Bu hayot uchun o‘ta xavfli hisoblanadi, chunki toraygan qon tomirlar orqali miya, yurak, buyraklarning bir qismiga qonning bormay qolishi yoki yetarlicha bormasligi kuzatiladi. Agar qon tomir devorlarida tromb va xolesterin to‘planmalari bo‘lsa, ular kuchli bosim vaqtida ajralib, kapillyar qon tomirlarda tiqilib, qon o‘tishiga to‘sqinlik qilishi mumkin. Bu holda miokard infarkti yoki insult yuzaga keladi.

Qon bosimi baland bo‘lishining oldini olish uchun, avvalo, uning sababini sinchiklab tekshirib ko‘rish lozim. Mabodo bosim tashqi muhit salbiy ta’sirlari sababli ko‘tarilayotgan bo‘lsa, bemor tinchlanish choralarini ko‘rishi, salbiy omilni bartaraf etishga harakat qilishi kerak.

Taomnomaga servitamin, minerallarga boy bo‘lgan va kasallikka qarshi kurashishga yordam beruvchi mahsulotlardan ko‘proq kiritish darkor. Ularga:

  • Sabzavotlar;
  • Mevalar;
  • Rezavorlar;
  • Ko‘katlar;
  • Sut mahsulotlari;
  • Parhezbop go‘sht;
  • Loviya;
  • Guruch, grechka kabilar kiradi.

Tandirdan uzilgan yangi non o‘rniga bir-ikki kun turgan nonni iste’mol qilish foydali. Qon bosimi yuqori yuradigan bemorlarga osh tuzi iste’molini kamaytirish tavsiya etiladi.

Ertalab o‘rningizdan turgandan keyin oshqozon-ichak, jigar va buyraklar uchun foydali bo‘lgan ne’matlardan iste’mol qiling. Nahorda bir piyola qaynatilgan iliq suv ichish organizmni zaharli moddalardan tozalaydi. Ertalab kuzatiladigan behuzurlik holatidan, keksalarga aziyat beruvchi qabziyatdan saqlaydi.

Nonushtada qatiq yoki tvorog, choy o‘rniga o‘rikli damlama, mevalar, tushlikka esa lavlagidan tayyorlangan salat, ko‘proq dimlab, bug‘da pishirilgan taomlar iste’mol qilish buyuriladi. Nonni kamroq yeyish lozim. Ovqatga kamroq tuz solish, qovurilgan, ziravorli, qo‘y go‘shti solingan ovqatlardan voz kechishga to‘g‘ri keladi. Haftasiga 1-2 marta baliq, tovuq go‘shtidan tayyorlangan taomlar iste’mol qilish lozim.

Bobur Subhonov tayyorladi.