Ijtimoiy tarmoqlarda hamshira ayolni urib sudrashgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB tomonidan ma’lumot berildi.

Tasvirlardagi hodisa 2021-yil 5-fevral kuni Pastdarg‘om tumanida sodir bo‘lgan.

Kelishmovchilik tumanning “Bog‘ishamol” mahallasida yashovchi, 1998-yilda tug‘ilgan fuqaro X.D. hamda uning Alisher Navoiy nomidagi mahalladagi uyida ijarada yashab kelayotgan, 1983-yilda tug‘ilgan B.S. o‘rtasida sodir bo‘lgan  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Fuqaro X.D. ushbu uyni boshqa bir kishiga sotganligi sababli ijarachidan uydan chiqishini so‘ragan. B.S. esa ushbu xonadonning ijara pulini mart oyiga qadar to‘lab qo‘yganligini, shu sababli uydan chiqmasligini aytgan.

Natijada janjal yuzaga kelgan. Fuqaro B.S. tan jarohatlari bilan Pastdarg‘om tumani tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.

Holat yuzasidan barcha hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy qaror qabul qilish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Pastdarg‘om tuman sudiga taqdim etilgan.

Bundan avval farg‘onalik tadbirkor telefonda qizi bilan yozishgan 14 yoshli o‘quvchini kaltaklagani, Sergelida 40 yoshli erkak yarim tunda kaltaklangani hamda Qashqadaryoda amakivachchasini urib, bir ko‘zini ko‘r qilgan yigit ishi prokuraturaga oshirilgani haqida xabar berilgandi.

От qwert.uz