Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 4-mart kuni bo‘lib o‘tgan majlisida Ichki ishlar vazirligiga mamlakatning barcha hududlarida, xususan, Toshkentdagi avtomobil yo‘llarida va chorrahalarida tilanchilik qiluvchi shaxslar soni ko‘payib ketishining oldini olish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilishi so‘rab yuborilgan murojaat ko‘rib chiqildi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: “Daryo”

Senatorlar so‘nggi paytlarda aholi harakati gavjum bo‘lgan ko‘chalar, xiyobonlar, bozorlar va ularga tutash hududlardagi avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari hamda chorrahalarda tilanchilik qilib kelayotgan shaxslar ko‘plab uchrayotganini qayd etgan.

“Bu o‘z navbatida, tilanchi shaxslar tomonidan fuqarolarning yurishiga qo‘ymay, avtomobil yo‘llarida esa transport vositalari harakatlanishiga xavf tug‘dirib qat’iy turib sadaqa so‘rashi kishining ta’bini xira qilishi tabiiy. Bunday noxush holatlar aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir etib, ularning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda”, — deyiladi Senat xabarida.

Qonunchilikda tilanchilik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik masalasi belgilangan bo‘lsa-da, ushbu normaning hayotda qat’iy ishlamayotgani bunday shaxslarning kundan kun ko‘payib borishiga sabab bo‘lishi ta’kidlangan.

IIVning bildirishicha, patrul-post, yo‘l patrul xizmati hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi xodimlari tomonidan ko‘chalar, xiyobonlar, bozorlar va ularga tutash hududlardagi avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari hamda avtomobil yo‘llarida hududiy ichki ishlar organlari tomonidan tegishli topshiriqlar asosida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yanvar va fevral oyining 20 kunlik davrida tilanchilik bilan shug‘ullanib yurgan 131 nafar shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ularga nisbatan 8 million so‘mga yaqin jarima, bir kishiga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning yanvarida Shavkat Mirziyoyev tilanchilik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni joriy etishni ko‘zda tutuvchi qonunni imzolagandi. Qonunga muvofiq, jamoat joylarida pul, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa moddiy qimmatliklar berishni faol tarzda so‘rab tilanchilik bilan shug‘ullanish, shunday qilmish uchun ma’muriy jazoga tortiladi, ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

“Gazeta.uz”ning eslatib o‘tishicha, IIV 2018-yilda Toshkentda tilanchilik bilan shug‘ullanuvchi 5000 dan ortiq kishini aniqlangan. Ular reabilitatsiya markazlariga yuborilgan. Tilanchilik bilan shug‘ullanganlarning 4000 dan ortig‘ini ayollar (shundan 3000 ming nafari yosh bolalilar), 500 nafarini keksa yoshdagilar, 100 nafarini esa nogiron erkaklar tashkil etgan.

От qwert.uz