Saudiya Arabistoni Ramazon oyida COVID-19’ga qarshi emlangan ziyoratchilarga haj safari uchun ruxsat beradi

Saudiya Arabistoni Haj masalalari bo‘yicha vazirligi 5-aprel kuni ma’lum qilishicha, mamlakat hukumati Ramazon oyida COVID-19’ga qarshi emlangan ziyoratchilarga muqaddas qadamjolarga tashrif buyurish uchun ruxsat beradi. Bu haqda Al-Arabiya telekanali xabar berdi, deb yozadi “Interfaks”.

Foto: “Aa.com.tr”

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, vazirlik aniqlik kiritishicha, haj safari uchun ruxsat olishni istaganlar koronavirusga qarshi vaksinaning ikkita dozasini qabul qilishi kerak, ruxsatnoma maxsus mobil dasturdagi “emlangan” statusi asosida beriladi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.     Ta’kidlanishicha, bunday shart COVID-19’dan sog‘aygandan keyin emlanganlarga ham tegishlidir.

Makkaga kichik haj — Umra ziyoratini amalga oshirish, muntazam namoz o‘qishlar yoki muqaddas joylarga tashrif buyurish uchun ariza bermoqchi bo‘lganlar maxsus dasturlar orqali ro‘yxatdan o‘tishi va bo‘sh vaqt oraliqlarini band qilib qo‘yishi kerak.

Vazirlikda ma’lum qilishlaricha, Ramazon oyi mobaynida islom dunyosi uchun asosiy bo‘lgan Makkadagi Al-Harom masjidida ziyoratchilarni qabul qilish imkoniyatlari oshiriladi. Ayni vaqtda u yerda koronavirus tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar amal qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil mart oyi o‘rtalarida Saudiya Arabistoni podshohligida jamoat namozlari vaqtincha to‘xtatilgan va faqat ikkita — Makka hamda Madinadagi masjidda jamoat bo‘lib namoz o‘qishga ruxsat berilgandi. Biroq keyinchalik koronavirus tarqalishi xavfi sabab Al-Harom va Nabaviy Masjidda ham namoz o‘qish to‘xtatilgan. 23-mart kuni Saudiya Arabistonida komendantlik soati joriy etilgan, 24-mart kuni mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq birinchi o‘lim holati qayd etilgan. Shuningdek, mamlakatda aholi hamda xorijlik ziyoratchilar uchun Umra ziyoratini amalga oshirish tadbirlari ham noma’lum muddatga qoldirilgandi.

2020-yil 7-aprelda Saudiya Arabistoni Ramazon oyida masjidlarni ochishni rejalashtirmayotgani aytilgan, 13-aprel kuni Ramazon oyida Saudiya Arabistonida taroveh namozlari uyda o‘qilishi haqida fatvo berilgani xabar qilingan, keyinchalik shu kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Ramazon oyini o‘tkazish haqidagi bayonotida taroveh namozlarini uyda o‘qish tavsiya qilindi. 18-aprel kuni Tojikistonda masjidlar yana yopilgani, juma va taroveh namozlari masjidlarda o‘qilmasligi, ushbu choralar koronavirusning tarqalishini oldini olish maqsadida amalga oshirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Saudiya Arabistonida komendantlik soati 21-iyundan bekor qilingan, biroq shunga qaramay, ko‘plab cheklovlar o‘z kuchida qolgan.

Saudiya Arabistoni 2020-yil oktabr oyidan boshlab mamlakatda yashovchi aholisi uchun Umra ziyoratini amalga oshirishga ruxsat bergan edi. Va o‘sha oy o‘rtalarida mamlakat hukumati yetti oy ichida birinchi marta Makkadagi Al-Harom masjidida namoz o‘qilishiga ruxsat berdi.

O‘tgan yil noyabridan Saudiya Arabistoni asta-sekinlik bilan 50 yoshdan katta bo‘lmagan ziyoratchilarni manfiy natijali PZR-test bilan Umra ziyorati uchun kiritishni boshladi.

Avvalroq Saudiya Arabistoni koronavirusga qarshi emlangan ziyoratchilarga haj uchun ruxsat berishini ma’lum qilgan edi.