Salomatlik va kishi o‘zini yaxshi his qilishi uchun muhim bo‘lgan vitaminlarni mahsulot tarkibida atigi 30 foiz qabul qilinadi. Qishdan keyin bahor kelishi bilan esa kishida vitaminlar tanqisligi va ularga ehtiyojning ko‘payishi kuzatiladi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Freepik

Bahorda qanday vitaminlar qabul qilish kerak?

Aslida vitaminlarni qaysi yil fasli bo‘lishidan qat’i nazar, qabul qilishni kanda qilmaslik kerak. Tanqislikni tekshirish va yetishmayotgan elementlarni qoplab turishga harakat qilish kerak. Bahorda avitaminoz avj olishining sababi qishda quyosh nurlari, shuningdek, barra meva va sabzavot hamda ko‘katlar yetishmasligi bilan bog‘liq.

A va E vitaminlari

A va E vitaminlari hujayralarni zararlashdan saqlaydigan kuchli antioksidant hisoblanadi. Surunkali charchoq, uyqusizlik, aqliy va jismoniy qobiliyatning susayishi singari simptomlarni bartaraf etishga yordam beradi.

B guruhi vitaminlari

Teri va shilliq qavat sog‘lom bo‘lishini ta’minlaydigan mazkur vitaminlar asab tizimini yaxshilab, stressga qarshi yaxshi samara beradi hamda hujayralarning ko‘payish va o‘sish jarayonlarida ishtirok etadi. Organizmda B12 vitaminining yetishmasligi anemiyaga ham olib kelishi mumkin.

C vitamini

Immunitetni mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydigan C vitamini muammoli teri va husnbuzarlarning bartaraf bo‘lishida ahamiyatli bo‘lgan rux moddasi ta’sirini jadallashtiradi. Ratsionga C vitaminiga boy mahsulotlarni qo‘shish har tomonlama sog‘lom bo‘lishga yordam beradi.

D vitamini

D vitamini suyaklar va tishlarning mustahkam bo‘lishini ta’minlash bilan birga, osteoporoz rivojlanishining oldini oladi, hatto yog‘larni eritish xususiyatiga ham ega hisoblanadi. Go‘zallik haqida gap ketganda, mazkur vitaminning teri, tirnoqlar va sochlarning mustahkam va yaltiroq bo‘lishiga hissa qo‘shishini ta’kidlamaslikning iloji yo‘q.

Magniy

Magniy mushaklarning faol bo‘lishi va asab tolalarining tiklanishida ahamiyatli sanaladi. Ammo uning o‘zi organizmda sintez bo‘lmagani sabab uni vitamin kompleksi ko‘rinishida yoki magniy vannasi sifatida qabul qilish kerak. Magniy terining silliq va tarangligiga javob beradi.

Vitaminlarni qanday ko‘rinishda qabul qilish kerak?

A, C, D, E va B guruhi vitaminlariga organizmda aksariyat hollarda ehtiyoj yuqori, ammo ularni qanday ko‘rinishda qabul qilish kerakligini yaxshi bilish kerak. Masalan, A vitaminining ikki xili bor. O‘simlik formasi — bu beta-karotin bo‘lib, sabzi, bulg‘or qalampiri, qovoq, pomidor, shaftoli hamda ko‘katlar tarkibida mujassam bo‘ladi. Organizmda beta-karotin fermentlar faolligi ostida retinolga, retinol esa o‘z navbatida retinal va retinal kislotasiga aylanishi kerak. Bunda ko‘rish qobiliyati yaxshilanadi, teri va shilliq qavat sog‘lom bo‘ladi. Agar polivitaminlar kompleksining idishida vitaminlar formasi keltirilmagan bo‘lsa, bu faol bo‘lmagan shakli bo‘ladi. Masalan, A vitaminida bu beta-karotin, C vitaminida esa askorbin kislotasi, B6 bilan bo‘lsa, piridoksin gidroxlorid bo‘ladi.

Odamlarga vitaminlar turlicha ta’sir qiladi. Kimningdir organizmiga singgan vitamin boshqa bir odamda singmasligi, hatto salbiy ta’sir qilishi ham mumkin. Kerakli vitaminning forma yoki dozasini genetik test orqali aniqlash mumkin. Genetika yillar davomida o‘zgarmagani sabab testni hayot davomida bir marta o‘tkazishning o‘zi yetadi. Uning javobidan kelib chiqib, vitaminni turli ko‘rinishda qabul qilsa bo‘ladi.

Monovitaminlar va polivitaminlar kompleksi dori vositasi emas, organizm faoliyati uchun muhim bo‘lgan qo‘shimchalar sanaladi. Ammo ularni tanlashda o‘zboshimchalik qilmaslik, shifokorlar bilan maslahatlashish kerak.

От qwert.uz