Dunyo bo‘yicha har yili millionlab ayollarda ushbu kasallik aniqlanadi. O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizda ham ayollar orasida eng ko‘p uchraydigan onkologik kasalliklardan biri aynan ko‘krak bezi saratonidir.
— Манба: «Daryo» нашри.

Har yili 15-oktyabr kuni dunyo bo‘ylab Ko‘krak bezi saratoniga qarshi kurash kuni nishonlanadi. Bu sana ayollarni o‘z sog‘lig‘iga e’tiborli bo‘lishga, muntazam ko‘rikdan o‘tishga undaydi. Chunki bu kasallikni erta aniqlash orqali hayotni saqlab qolish mumkin.
Dunyo bo‘yicha har yili millionlab ayollarda ushbu kasallik aniqlanadi. O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizda ham ayollar orasida eng ko‘p uchraydigan onkologik kasalliklardan biri aynan ko‘krak bezi saratonidir.
Ko‘pincha u hech qanday og‘riq yoki aniq belgilarsiz boshlanadi. Shu sababli ko‘plab ayollar kasallikning kech bosqichlarida shifokorga murojaat qiladi. Biroq tibbiyot shuni ko‘rsatadiki, erta tashxis qo‘yilganda davolanish samarasi 90–95 foizgacha yetadi.
Qachon va qanday ko‘rikdan o‘tish kerak?
- 25 yoshdan boshlab ayollar yiliga kamida bir marta mammolog yoki ginekolog qabuliga borishlari kerak.
- Shu yoshdan ko‘krak bezlarining ultratovush (UTT) tekshiruvi ham foydali hisoblanadi.
- 40 yoshdan keyin esa ayollarga mammografiya tekshiruvini har ikki yilda bir marta o‘tkazish tavsiya qilinadi.
- Ushbu xizmatlar oilaviy poliklinikalarda, onkologik dispanserlarda yoki ayollar maslahat markazlarida mavjud. Ayrim hududlarda esa mobil diagnostika laboratoriyalari orqali bepul tekshiruvlar o‘tkazilmoqda.
- Agar oilada onkologik kasallikka chalingan yaqin qarindoshlar bo‘lgan bo‘lsa, bunday ayollar yuqori xavf guruhiga kiradi va 20 yoshdan boshlab muntazam nazorat ostida bo‘lishlari lozim.
Uy sharoitida tekshiruv o‘tkazish

Ko‘krak bezini mustaqil tekshirib turish ayollar uchun zarur odat bo‘lishi kerak. Bu jarayonni har oyda bir marta, hayz ko‘rish tugaganidan 5–12 kun o‘tib o‘tkazish tavsiya qilinadi. Menopauzaga kirgan ayollar esa har oyda bir xil sanada tekshiruv o‘tkazishlari lozim.
Diagnostika quyidagicha amalga oshiriladi:
- Ko‘krakni oynada ko‘zdan kechiring: shakl, o‘lcham yoki teri rangidagi o‘zgarishlarga e’tibor bering.
- Qo‘l bilan yumshoq aylana harakatlar bilan so‘rg‘ichdan tashqariga qarab paypaslang.
- Qo‘ltiq osti sohasidagi limfa tugunlarini tekshiring — kattalashgan bo‘lsa, bu ogohlantiruvchi belgi bo‘lishi mumkin.
Quyidagi vaziyatlarda darhol shifokorga murojaat qilish kerak:
- so‘rg‘ichdan ajralmalar (agar ayol homilador yoki emizikli bo‘lmasa);
- ko‘krak shaklining o‘zgarishi, qattiqlashishi yoki notekisligi;
- terida qizarish, toshma yoki qobiq hosil bo‘lishi;
- og‘riq, achishish yoki noqulaylik.
Qayerda bepul tekshiruvdan o‘tish mumkin?
Bugungi kunda O‘zbekistonda barcha viloyat markazlarida va yirik shahar poliklinikalarida onkologik bo‘limlar va mammolog xonalari faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, “Ayollar salomatligi oyligi” doirasida har yili oktyabr oyida profilaktik ko‘riklar o‘tkaziladi. Bu tadbirlarda UTT, mammografiya va shifokor maslahati bepul taqdim etiladi.

Profilaktika — sog‘lom hayot kafolati
Ko‘krak bezi saratoni rivojlanish xavfini kamaytirish uchun quyidagi oddiy, ammo muhim odatlarni shakllantirish zarur:
- sog‘lom ovqatlanish va ortiqcha vazndan saqlanish;
- jismoniy faollikni oshirish;
- chekish va spirtli ichimliklardan voz kechish;
- stressni kamaytirish va yetarlicha uxlash.

