So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda inozitol ayollar salomatligi uchun foydali qo‘shimcha sifatida tobora ko‘proq tilga olinmoqda.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Ayollar o‘rtasida ommalashgan inozitol haqida: u chindan ham gormonlarni tartibga soladimi?

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda inozitol ayollar salomatligi uchun foydali qo‘shimcha sifatida tobora ko‘proq tilga olinmoqda. Uni hayz siklini tiklash, ozish, husnbuzarlardan xalos bo‘lish va homiladorlikka tayyorgarlik ko‘rishda tavsiya qilishmoqda. Ammo bu modda haqiqatan ham ayollar gormonal tizimiga ta’sir ko‘rsata oladimi? Uning qanday foydali xususiyatlari bor va qaysi holatlarda qabul qilish maqsadga muvofiq? Bu haqda endokrinolog, diyetolog, bolalar endokrinologi va bolalar diyetologi Tatyana Levchikova tushuntirish beradi.

“Gormonlarni tartibga solish” deganda nima tushuniladi?

“Gormonal muvozanatni tiklash” iborasi quloqqa yoqimli eshitiladi, ammo tibbiyot nuqtayi nazaridan bu juda umumiy tushuncha. Chunki avvalo qaysi gormonlar nazarda tutilayotgani, ularning faoliyatida qanday buzilish borligi va bu holat tekshiruvlar orqali tasdiqlangan-tasdiqlanmagani aniqlanishi kerak.

Organizmdagi gormonal muvozanatni bitta modda yoki qo‘shimcha yordamida tiklab bo‘lmaydi. U insonning turmush tarzi, uyqu tartibi, ovqatlanishi, jismoniy faolligi, tana vazni va umumiy salomatligiga bog‘liq.

Inozitol ham organizmdagi moddalar almashinuvida ishtirok etadigan birikmalardan biri. Biroq u barcha gormonlarni birdek boshqarmaydi va hayz siklining buzilishi, husnbuzar yoki homilador bo‘lishdagi qiyinchiliklarning har qanday sababini bartaraf eta olmaydi.

Shu bois bitta qo‘shimcha yordamida butun gormonal tizimni “izga solish” mumkinligi haqidagi va’dalarga ehtiyotkorlik bilan yondashish lozim.

Inozitol gormonal tizimga qanday ta’sir qiladi?

Inozitol — organizmda tabiiy ravishda ishlab chiqariladigan, shuningdek, ayrim oziq-ovqatlar orqali qabul qilinadigan vitamin­simon biologik faol modda. Tana uni glyukozadan sintez qila oladi. Tarkibidagi ayrim xususiyatlari tufayli vitaminlarga yaqin bo‘lsa-da, uni to‘laqonli vitamin deb bo‘lmaydi.

Uning ta’siri, ayniqsa, moddalar almashinuvi va reproduktiv salomatlik bilan bog‘liq holatlarda o‘rganilgan. Inozitol insulin qarshiligi va uglevodlar almashinuvi buzilishlarida kompleks yondashuvning bir qismi sifatida qo‘llanadi. Shuningdek, u tuxumdonlar polikistozi sindromi bo‘lgan ayollarga ham tavsiya etilishi mumkin.

Inozitol hujayralarning insulinga sezgirligini yaxshilashga va moddalar almashinuvi jarayonlarini qo‘llab-quvvatlashga yordam berishi mumkin. Natijada tuxumdonlar faoliyatida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilishi, hayz sikli tartibga tushishi va ovulyatsiya tiklanishi ehtimoli bor.

Demak, inozitol butun gormonal tizimni qayta sozlaydigan vosita emas. Uning foydasi, asosan, polikistoz va insulin qarshiligi bilan bog‘liq ayrim holatlarda kuzatilishi mumkin.

Inozitol hayz siklini tiklay oladimi?

Ha, ayrim holatlarda bunday samara kuzatilishi mumkin. Ammo bu hayz sikli buzilgan barcha ayollarga birdek yordam beradi, degani emas.

Agar hayzning nomuntazam kelishi tuxumdonlar polikistozi sindromi va uglevodlar almashinuvidagi buzilishlar bilan bog‘liq bo‘lsa, inozitol kompleks davolash tarkibida qo‘llanishi mumkin.

Organizmning insulinga sezgirligi yaxshilanib, tuxumdonlar faoliyati me’yorlashsa, hayz sikli ham muntazamlashishi mumkin. Ayrim hollarda ovulyatsiya qayta tiklanadi. Bu esa homilador bo‘lish imkoniyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoldan xoli emas.

Biroq hayz kechikishi yoki siklning buzilishi bilan bog‘liq har qanday holatda inozitol yordam beradi, deb bo‘lmaydi. Buning uchun avvalo muammoning asl sababini aniqlash kerak. Ba’zan ayollar gormonal buzilish deb o‘ylagan holat aslida me’yor doirasida bo‘lishi mumkin. Boshqa vaziyatlarda esa to‘laqonli davolanish talab etiladi va bitta biologik faol qo‘shimchaning o‘zi yetarli bo‘lmaydi.

Inozitol husnbuzar va ortiqcha tuklar o‘sishiga qarshi yordam beradimi?

Husnbuzarlar va tanada tuklarning me’yordan ortiq o‘sishi ayrim hollarda androgenlar — erkaklik jinsiy gormonlari miqdorining oshishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Agar bu holat tuxumdonlar faoliyatidagi buzilishlar va polikistoz bilan bog‘liq bo‘lsa, moddalar almashinuvining yaxshilanishi hamda tuxumdonlar faoliyatining me’yorlashishi teri va tuklar bilan bog‘liq ayrim muammolarga bilvosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shunga qaramay, inozitol husnbuzar yoki ortiqcha tuklar o‘sishiga qarshi mustaqil davolash vositasi emas. Bunday belgilar turli sabablarga ko‘ra yuzaga kelishi mumkin. Shu sababli faqat yuzdagi husnbuzarlar yoki tanadagi tuklanish kuchaygani uchun inozitol qabul qilish to‘g‘ri emas.

Avvalo bu belgilar polikistoz yoki insulin qarshiligi bilan bog‘liqmi, shuni aniqlash lozim. Aks holda, qo‘shimcha kutilgan natija bermasligi mumkin.

Inozitol homilador bo‘lish imkoniyatini oshiradimi?

Inozitol homiladorlikni rejalashtirayotgan ayollarga, ayrim hollarda esa erkaklarga ham tavsiya qilinadi. U moddalar almashinuvi, reproduktiv a’zolar faoliyati va jinsiy hujayralar sifatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘llanadi.

Ayniqsa, polikistoz bilan yashayotgan ayollarda tuxumdonlar faoliyatining yaxshilanishi, hayz siklining me’yorlashishi va ovulyatsiyaning tiklanishi homilador bo‘lish ehtimolini oshirishi mumkin.

Ammo inozitol bepushtlikni davolaydigan universal vosita emas. Uning samarasi muayyan tashxis va individual holatga bog‘liq. U kompleks yondashuvning bir qismi bo‘lishi mumkin, xolos.

Agar homiladorlik uzoq vaqt davomida yuz bermayotgan bo‘lsa, shifokor ko‘rigidan o‘tmasdan inozitol qabul qilib, natijani oylar davomida kutish tavsiya etilmaydi. Chunki homiladorlik yuz bermasligining sabablari turlicha bo‘lishi mumkin va inozitol ularning barchasiga ta’sir qilmaydi.

Inozitol ozishga va shirinlikka bo‘lgan ehtiyojni kamaytirishga yordam beradimi?

Bu borada inozitolning imkoniyatlarini ortiqcha baholamaslik kerak. U o‘z-o‘zidan ishtahani nazorat qilmaydi, shirinlikka bo‘lgan xohishni yo‘qotmaydi va ortiqcha vazndan xalos etmaydi.

Ovqatlanish odatlari insonning turmush tarzi bilan bog‘liq. Vaznni me’yorda saqlash uchun ovqatlanish tartibini o‘zgartirish, jismoniy faollikni oshirish va sog‘lom odatlarni shakllantirish muhim.

Biroq uglevodlar almashinuvi buzilishi, insulin qarshiligi yoki qandli diabet kabi holatlar aniqlangan bo‘lsa, inozitol moddalar almashinuvini qo‘llab-quvvatlash uchun asosiy davolashga qo‘shimcha sifatida qo‘llanishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, u ozish uchun mustaqil vosita hisoblanmaydi va shifokor belgilagan davolash o‘rnini bosa olmaydi.

Tashxissiz inozitol qabul qilishning foydasi bormi?

Inozitol organizmda tabiiy ravishda ishlab chiqariladigan va oziq-ovqat orqali ham olinadigan modda. Ammo uni shunchaki “ayollar gormonlarini qo‘llab-quvvatlash” maqsadida, aniq tashxissiz qabul qilishning foydasi isbotlanmagan.

Hayz sikli buzilishi, vazn o‘zgarishi, husnbuzarlar yoki homilador bo‘lishdagi qiyinchiliklar turli sabablarga ega bo‘lishi mumkin. Bu belgilar mavjudligi organizmga aynan inozitol kerakligini anglatmaydi.

Shuningdek, inozitol qandli diabet yoki insulin qarshiligini davolaydigan dori vositasi emas. Ayrim holatlarda u asosiy davolashga qo‘shimcha sifatida ishlatilishi mumkin, ammo shifokor belgilagan muolajalar o‘rnini bosa olmaydi. Sog‘lom ovqatlanish, uyqu tartibi va jismoniy faollikning ahamiyatini ham unutmaslik kerak.

Inozitol haqiqatan ham yordam berayotganini qanday bilish mumkin?

Inozitol qabul qilish boshlanganidan keyin natija darhol sezilmaydi. Mutaxassis fikriga ko‘ra, odatda uch oydan oldin uning ta’sirini baholash maqsadga muvofiq emas.

Agar qo‘shimcha polikistoz sababli tavsiya etilgan bo‘lsa, hayz siklining muntazamligi, tuxumdonlar faoliyati, ovulyatsiyaning mavjudligi va homiladorlik yuz berishi kabi ko‘rsatkichlarga e’tibor qaratiladi.

Uglevodlar almashinuvi buzilishlarida esa faqat umumiy ahvolning yaxshilanishiga qarab xulosa chiqarib bo‘lmaydi. Qondagi glyukoza, glikozillangan gemoglobin, insulin qarshiligi va lipid almashinuvi ko‘rsatkichlari baholanadi.

Shuning uchun inozitolni qabul qilishdan avval qanday muammoni hal qilish ko‘zda tutilayotgani va natija qaysi mezonlar asosida baholanishini aniqlab olish muhim. Maqsad faqat “gormonlarni tartibga solish” bo‘lsa, qo‘shimchaning samarasini baholash qiyinlashadi.

Nega inozitolning turi va dozasini mustaqil tanlash mumkin emas?

Inozitolning bir necha shakli mavjud. Ularning eng ko‘p o‘rganilganlari va inson organizmida biologik faol hisoblanganlari — mio-inozitol hamda D-xiro-inozitoldir.

Qaysi shaklni tanlash, qancha miqdorda va qancha muddat davomida qabul qilish kerakligi esa qo‘llash maqsadi hamda insonning individual holatiga bog‘liq.

Amaliyotda ayrim ayollar inozitolni tanishlari, fitnes murabbiylari yoki ijtimoiy tarmoqlardagi tavsiyalar asosida qabul qilishni boshlaydi. Qo‘shimcha internet-do‘konlardan yoki noma’lum ishlab chiqaruvchilardan xarid qilinadi, uning shakli va dozasi esa mustaqil belgilanadi.

Natijada noto‘g‘ri doza tanlanishi yoki kurs yetarlicha davom ettirilmasligi mumkin. Bundan tashqari, ayrim odamlarda individual ko‘tara olmaslik yoki allergik reaksiyalar kuzatilishi ehtimoli ham bor.

Shu sababli inozitol vitamin­simon modda bo‘lsa-da, uni ham shifokor bilan maslahatlashmasdan qabul qilish tavsiya etilmaydi. Eng muhimi, qo‘shimchani nima maqsadda ichayotganingizni va undan qanday natija kutish mumkinligini oldindan bilishdir.

HG

Muallif

Hilola Gʻiyosova

От qwert.uz