Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidenti Jo Bayden o‘rtasidagi uchrashuv yoz faslida bo‘lib o‘tishi mumkin. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Jen Psakiga tayanib, “RBK” xabar berdi.

Foto: “Gazeta.ru”

Psakining so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvning yaqin oylarda tashkil etilishi kutilmoqda. “Yaqinlashayotgan yoz oylarida bo‘lishi mumkin”, — deb aniqlik kiritdi AQSh prezidentining rasmiy vakili  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Avvalroq Bayden va Putin telefon orqali muloqot qilgan edi, unda AQSh prezidenti ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning barcha masalalarini muhokama qilish uchun Rossiya yetakchisiga eng yaqin oylarda “uchinchi mamlakat”da uchrashishni taklif qildi. Kreml esa Putinga uchrashuv taklifi kelganini tasdiqladi.

Avstriya tashqi ishlar vaziri Rossiya va AQSh prezidentlarining uchrashuvini o‘tkazish masalasiga munosabat bildirar ekan, Avstriya har doim yuqori darajadagi muzokaralar maydoni bo‘lishga tayyorligini ma’lum qildi.

“Agar Rossiya va AQSh prezidentlar o‘rtasida sammit o‘tkazishga qaror qilsa, bu e’tirofga loyiq. Bunday sammitning qachon va qayerda o‘tkazilishi to‘g‘risidagi qarorning qabul qilinishi har ikki davlatning o‘ziga bog‘liq”, — deb ta’kidladi vazirlik va Avstriyaning “har qanday yuqori darajadagi muzokaralar uchun” doim tayyor ekanini qo‘shimcha qildi.

Ma’lumot uchun, Rossiyaning AQShdagi elchisi Anatoliy Antonov Moskvaga maslahatlashish uchun chaqirib olinganidan keyin uchrashuv taklifi berildi. Rasmiylar Baydenning ABC News telekanaliga bergan intervyusidan so‘ng shunday qarorga keldi. Intervyuda Bayden “Putinni qotil deb hisoblaysizmi?” degan savolga tasdiq javobini bergan. Putin bunga javoban Baydenga mustahkam sog‘lik tilagan va bolalar uchun aytiladigan hazilni ham eslab, “Kim kimnidir yomonlasa, o‘sha fikrga aslida o‘zi munosib” mazmunidagi jumlani misol qilib keltirgan.

Oq uy matbuot xizmatiga ko‘ra, telefondagi muloqotda Bayden “AQSh o‘zining milliy manfaatlarini himoya qilishda, shu jumladan, xakerlik hujumlari va saylovlarga aralashishga qat’iy qarshi turishini ta’kidladi”, shuningdek, u Putinga AQShning Ukraina hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

Kreml ma’lumotlariga ko‘ra, davlat rahbarlari Ukrainadagi holat bo‘yicha o‘zaro fikr almashdi. Putin Minsk shartnomalari asosida siyosiy kelishuvga nisbatan o‘z yondashuvlarni bayon qildi. Bundan tashqari, rahbarlar qurol nazorati, Afg‘onistondagi vaziyat, Eron yadro dasturi va global iqlim o‘zgarishini muhokama qildi.

От qwert.uz