“Daryo” internet-nashri va O‘zbekiston musulmonlari idorasining “Muslim.uz” portali o‘zaro hamkorlikda muborak oyga bag‘ishlangan “Oylar sultoni — Ramazon” loyihasini taqdim etadi.

Loyiha doirasida taniqli ulamolar va diniy soha xodimlari mohi Ramazon fazilati to‘g‘risidagi oyati karimalar, hadisi shariflar sharhi hamda ro‘za tutish bilan bog‘liq savollarga javob beradi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Ilk suhbat O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi bosh mutaxassisi Hikmatulloh domla Toshtemirov bilan Ramazon oyi fazilati, ro‘zaning mohiyati va uning hukmlari haqida bo‘ldi.

Hikmatulloh domla Toshtemirov.

Foto: “Muslim.uz”

Ro‘zaning mohiyati nima?

Ro‘za — niyat qilib, tong otgandan quyosh botguncha yeyish, ichish va jinsiy aloqadan tiyilishdir. Qur’oni karimda: “Shuningdek, tonggacha, ya’ni oq ipning qora ipdan (tongning tundan) ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz. So‘ngra, ro‘zani kechgacha (quyosh botguncha) mukammal tutingiz!…”, deb buyuriladi (Baqara surasi, 187-oyat). Niyat sababli esa odat bo‘lib qolgan ishlar ibodatlardan ajraladi. Niyat qilmasdan och qolish ro‘za bo‘lmaydi (“Muxtasar”, “Fathu bobil inoya” kitoblari).

Ramazon ro‘zasining hukmi nima?

Har bir aqlli, balog‘atga yetgan musulmon uchun Ramazon ro‘zasini tutish — farzi ayndir. Chunki Alloh taolo Qur’oni karimda: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz”, deydi (Baqara surasi, 183-oyat).

Boshqa oyatda esa: “Bas, sizlardan kim bu oyda (o‘z yashash joyida) hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin”, deb buyuradi (Baqara surasi, 185-oyat).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Islom besh narsa ustiga qurilgan: Allohdan o‘zga iloh yo‘q, deb guvohlik berish, namozni qoim qilish, zakotni berish, baytni haj qilish va Ramazon ro‘zasini tutish”, deganlar. (Muttafaqun alayh, Abdulloh ibn Umardan rivoyat qilingan). Boshqa hadisda esa: “Ramazon oyingizda ro‘za tutinglar”, deb buyurganlar (Imom Termiziy Abu Umomadan rivoyat qilgan).

Ro‘zaning farzligiga ijmo-ulamolar ittifoqi bor, bunga hech kim xilof qilmagan. Shuning uchun ro‘zaning farzligini inkor qilish kufr, imkoni bo‘la turib ro‘za tutmaslik fosiqlik bo‘ladi (“Hidoya”, “Ixtiyor”, “Fathu bobil inoya” kitoblari).

Ro‘zaning ajri qanday?

Ramazon ro‘zasi farz bo‘lgani sababli uni tutgan kishi katta savobga ega bo‘ladi va Alloh taoloning roziligini topadi. Zero eng katta savoblar farz ibodatlarga beriladi. Nafl ibodatlar esa farzlarni mukammal qiluvchidir.

Ramazon ro‘zasining fazilati haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Kim Ramazon ro‘zasini imon va savob umidida tutsa, o‘tgan gunohlari kechiriladi” (Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan).

Yana bir hadisi sharifda: “Besh vaqt namoz, juma keyingi jumagacha, Ramazon (ro‘zasi) keyingi Ramazongacha, katta gunohlardan chetlanilsa, orasidagi gunohlarni o‘chiruvchidir” (Imom Muslim Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan).

Kimlarga ro‘za tutmaslikka ruxsat berilgan?

Kasal yoki musofir kishilar, homilador yoki emizikli ayollar, ro‘za tuta olmaydigan qariyalarga ro‘za tutmaslikka ruxsat berilgan. Qur’oni karimda: “Bas, sizlardan kimki bemor yoki safarda bo‘lsa, sanog‘i boshqa kunlardandir. Madori yetmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir…”, deyilgan (Baqara surasi, 184-oyat).

Ro‘za tutsa, kasalligi ziyoda bo‘lishidan qo‘rqqan bemor, ro‘za tutmaydi. Safardagi kishiga ro‘zasi zarar qilmasa, ro‘za tutgani afzal. Lekin ro‘za tutmasa ham uzrli hisoblanadi, gunohkor bo‘lmaydi.

O‘zi yoki bola (homila)siga zarar yetishidan qo‘rqqan emizikli yoki homilador ayol ham ro‘za tutmaydi. Ro‘za o‘ziga yoki bolasiga zarar qilmaydigan emizikli va homilador ayollar, albatta, ro‘zani qoldirmay tutadi. Yuqorida sanalgan uzrli kishilarning barchasi Ramazondan keyin imkon bo‘lishi bilan qolib ketgan kunlarning ro‘zasini tutib beradi.

Ro‘za tuta olmaydigan qariyalar fidya, ya’ni Ramazonning har kuniga bir miskinga bir kunlik taom yoki uning qiymatini beradi. Ro‘za tuta oladigan qariyalar odatdagidek ro‘za tutaveradi.

Hayz va nifos ko‘rgan ayollar ham uzrli kunlarida ro‘za tutmaydi. Pok bo‘lishlari bilan ro‘zani tutib boshlaydi. Qolib ketgan kunlarni Ramazondan keyin tutishadi (“Hidoya”, “Ixtiyor”, “Fathu bobil inoya” kitoblari).

Ro‘zaning rukn (farz)lari nimalar?

Ro‘zaning rukni — ro‘zani buzuvchi narsalar (yeyish, ichish va jinsiy aloqa)dan saqlanishdir. Bu tong otgandan quyosh botguncha davom etadi. Ulamolar bunga ittifoq qilganlar. Qur’oni karimda: “Shuningdek, tonggacha, ya’ni oq ipning qora ipdan (tongning tundan) ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz. So‘ngra, ro‘zani kechgacha (quyosh botguncha) mukammal tutingiz!..”, deb buyuriladi (Baqara surasi 187-oyat). Ro‘zada niyat ham shart. (“Mavsu’atul fiqhiya”).

Ro‘zani nima buzadi?

Ro‘zani quyidagi narsalar buzadi: qasddan taom yeyish, suv yoki dori ichish; qasddan jinsiy aloqa qilish. Bu holatlarda ham qazo, ham kafforat vojib bo‘ladi. Ramazon ro‘zasidan boshqa ro‘zalarda kafforat yo‘q.

Mazkur ishlarni unutib qilgan kishining ro‘zasi buzilmaydi, balki ro‘zadorligi yodiga tushishi bilan yeb-ichish yoki jinsiy aloqadan to‘xtab, ro‘zasini davom ettiradi.

Vallohu a’lam.

Ma’lumot uchun: Sizda shar’iy masalalarda savollar bo‘lsa, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Telegram’dagi @diniysavollar kanaliga, savollar.muslim.uz saytiga yoki Fatvo bo‘limining 78-150-33-44 raqamli koll-markaziga murojaat qilishingiz mumkin.

От qwert.uz