“Daryo” internet-nashri va O‘zbekiston musulmonlari idorasining “Muslim.uz” portali o‘zaro hamkorlikda muborak oyga bag‘ishlangan “Oylar sultoni — Ramazon” loyihasini taqdim etadi.

Loyiha doirasida taniqli ulamolar va diniy soha xodimlari mohi Ramazon fazilati to‘g‘risidagi oyati karimalar, hadisi shariflar sharhi hamda ro‘za tutish bilan bog‘liq savollarga javob beradi.

Navbatdagi suhbat O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi bosh mutaxassisi Abdullatif Tursunov bilan uyushtirildi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Abdullatif Tursunov.

Foto: “Muslim.uz”

Ro‘zador odam tishini tish pastasi bilan yuvsa bo‘ladimi?

Ro‘zador kishi tishlarini tozalashda tish pastalaridan foydalanishi makruh sanaladi. Agar pastadan hosil bo‘lgan ko‘piklarni yutib yuborsa, ro‘zasi ochiladi. Chunki pasta bilan tish tozalash biror narsani tatib ko‘rishga o‘xshaydi.

Fiqhiy kitoblarda shunday deyilgan: “Ro‘zador biror narsani tatib ko‘rsa, ro‘zani ochuvchi surat va mohiyat topilmagani uchun ro‘za ochilmaydi. Lekin bunday qilish makruh hisoblanadi. Chunki bunda ro‘zani buzuvchi omilga yaqin keltirish bor” (“Hidoya” kitobi).

Shunga ko‘ra ko‘pchilik zamonamiz ulamolari ro‘zador holda tish pastasidan foydalanmaslikni, balki uni saharlikdan avval yoki iftordan keyinga qoldirishni tavsiya etadi. Zero, ibodat masalasida ehtiyotini olish avlo sanaladi.

Qolaversa, Ramazon oyining kunduzlari tishlarni toza saqlash uchun misvoqdan foydalanish ham mumkin. Chunki misvoq ishlatish bilan ro‘za ochilmaydi. Bunga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ro‘zador hollarida undan ko‘p marta foydalanganlari dalil bo‘ladi.

Omir ibn Rabiy’a roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ro‘zador hollarida misvoq qilayotganlarini sanab sanog‘iga, hisoblab adog‘iga yeta olmaydigan darajada ko‘p ko‘rganman” (Imom Ahmad rivoyat qilgan). Bunda, milklar qonasa yoki og‘izga suv to‘plansa, yutib yubormaslik shart qilinadi.

Ro‘zador saxarlikda iste’mol qilgan ozuqasi og‘iz yopilgandan so‘ng kekirganda tomoq yo‘li orqali og‘ziga qaytib chiqsa va uni qayta yutsa, ro‘zasi buziladimi?

Ro‘zador qasddan qayt qilmasa ro‘zasi ochilmaydi. Agar qasddan, o‘zini-o‘zi qayt qildirsa ro‘za ochiladi. Bunga Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadis dalildir: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: ‘Kim ro‘zador bo‘lsayu, unga qayt g‘olib kelsa, qazo qilish vojib emas. Agar o‘z ixtiyori bilan qayt qilgan bo‘lsa, qazo tutsin’, deganlar” (Imom Termiziy rivoyati).

Agar qayt ro‘zadorning ixtiyorisiz o‘zi yutilib ketsayu, qaytning miqdori og‘iz to‘ladigandan oz bo‘lsa ro‘za buzilmaydi. Agar qaytning miqdori og‘iz to‘ladigan darajada ko‘p bo‘lsa va o‘zi behosdan yutilib ketsa, ro‘za buziladi va qazo vojib bo‘ladi. Vallohu a’lam.

Ramazon oyida ro‘za tutishni niyat qilgandim, ammo emizikli bolam bor. Bunday holda ro‘za tutsam bo‘ladimi?

Homilador yoki emizikli ayol ro‘za tutganda bolaga yoki o‘zining salomatligiga zarar yetishidan qo‘rqsa, ro‘za tutmaydi va keyinchalik ro‘zaning qazosini tutib beradi. Buni ular tajriba orqali bilishlari yoki tajribali, bilimdon musulmon (din-diyonatli) tibbiyot xodimi xabar berishi orqali aniqlab olishlari mumkin bo‘ladi. Imkon topganda qoldirilgan kunlarni har bir kuniga bir kundan qazosini tutib berishlari vojib bo‘ladi.

Shuni ham ta’kidlab o‘tish kerakki, homilador va emizikli ayollar ro‘za tutmaganlari uchun fidya bermaydi. Chunki ular kelajakda ro‘zaning qazosini tutishga qodir hisoblanadi.

Agar homilador va emizikli ayollar bolasi yoki joniga zarar yetmaydigan bo‘lsa, ro‘za tutishlari shart — yuqoridagi ruxsatlar ularga tegishli hisoblanmaydi. Ayniqsa bolalari taom yeyishga o‘rgangan emizikli ayollar bu borada taqvo bilan ish tutishlari lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.

Ma’lumot uchun: Sizda shar’iy masalalarda savollar bo‘lsa, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Telegram’dagi @diniysavollar kanaliga, “savollar.muslim.uz” saytiga yoki fatvo bo‘limining 78-150-33-44 raqamli koll-markaziga murojaat qilishingiz mumkin.

От qwert.uz