O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-oktabr kuni “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Bu haqda Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, 2021-yil 10-oktabrdan 31-dekabrgacha bo‘lgan davrda go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yishdan olinadigan mahsulotlarni, kartoshkani hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma, shuningdek, ularni O‘zbekistonga olib kirish qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning mayida Prezident Shavkat Mirziyoyev go‘sht va o‘simlik yog‘ining jahon bozoridagi narxlari 1 yildan buyon to‘xtovsiz o‘sayotgani barcha rahbarlarni zarur chora-tadbirlarni ko‘rishga undashi kerakligini ta’kidlagandi. Oktabrda esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev O‘zbekistonda go‘sht va kartoshka mahsulotlari narxini arzonlashtirishga qaratilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinganini ma’lum qildi. 21-oktabr kuni Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida ushbu qonun senatorlar tomonidan ma’qullangan edi.

Bundan avval Markaziy bank o‘zbekistonliklarni ayrim asosiy oziq-ovqat narxlari keskin oshishidan ogohlantirgani, Toshkentda ayrim mahsulotlar Yevropa poytaxtlaridan ham qimmatroq ekani aniqlangani hamda Oziq-ovqat sanoati uyushmasi raisi O‘zbekistonda o‘simlik yog‘i narxlarining oshishiga izoh bergani haqida xabar berilgandi.

От qwert.uz